Sovuq va mo`tadil iqlim mintaqalaridagi tabiat zonalari 

11 071

Arktika mintaqasining tabiat zonalari.
Arktika mintaqasida bitta tabiat zonasi - Arktika sahrolari mavjud. Arktika sahrolari da havo juda sovuq va past haroratli davr uzoq davom etadi. Yog‘in qor holatida yog‘adi. Ko‘p yillik muzlar zonaning deyarli hamma qismini egallagan. Orollarning toshloq joylarida faqat mox va lishayniklar o‘sadi. Hayvonlardan oq ayiq, morj, tyulen, oq kakliklar ko‘p tarqalgan.

Subarktika mintaqasining tabiat zonalari.
Subarktika mintaqasi ikkita tabiat zonasidan: tundra va o‘rmon-tundradan tarkib topgan. Tundra zonasida yil davomida harorat ancha past bo‘ladi, yog‘in kam yog‘adi. Zonaning janubida eng issiq oyning o‘rtacha harorati +10°C bo‘ladi. Zonaning asosiy tuproq tipi tundra-gleyli, torfli-gleyli tuproqlardir. Ular mox-lishaynik va butalar bilan qoplangan. Pakana qayin, butalar, qutb lolaqizg‘aldog‘i ko‘p uchraydi.

O‘rmon-tundra zonasi iqlimi tundraga nisbatan iliqroq. Iyulning o‘rtacha harorati +11°, +13° C ga teng. Yog‘in ko‘proq (300-400 mm) yog‘adi. Zonada podzolli-gleyli, torfli-podzolli va botqoq tuproqlar keng tarqalgan. Zonaning siyrak o‘rmonlarida pakana qarag‘ay, qayin, tilog‘och, tol o‘sadi. Bu yerlarda qutb tulkisi, qutb kakligi, rosomaxa kabi hayvonlar ko‘p tarqalgan.

Mo'tadil mintaqaning tabiat zonalari.
Bu mintaqada shimoldan janubga tomon quyidagi tabiat zonalari almashib keladi. Tayga zonasida, asosan, podzol tuproqlar uchraydi. Tayga o‘rmonlarida ignabargli daraxtlardan - yevropa qarag‘ayi, qora va oq qarag‘ay, kedr, tilog‘ochlar o‘sadi. Bu zonada hayvonlardan bug‘ular, qo‘ng‘ir ayiq, silovsin, olmaxon, qarqur va boshqalar ko‘p uchraydi.

Aralash o‘rmonlar zonasi materikning g‘arbiy va sharqiy qismlarida joylashgan. Zonaning iqlimi ancha iliq, yog‘in ko‘p yog‘adi. Zonaning asosiy qismi chimli-podzol tuproq bilan qoplangan. O‘rmonlar tarkibida ignabargli va keng bargli daraxtlar uchraydi. Aralash o‘rmonlarda buta va o‘t-o‘simliklar ko‘payadi. Keng barglilardan eman, qora qayin, lipa, zarang, grab (qayinlar oilasiga mansub daraxt), jo‘ka va bosnqa daraxtlar o‘sadi.

 
Kengbargli o‘rmonlar zonasi ham materikning faqat g‘arbiy va sharqiy qismlarida mavjud. Bu zona sernam va iliq iqlim xususiyatiga ega. Qishi yumshoq, qor qoplami uzoq saqlanmaydi, yozi salqin. Keng bargli o‘rmonlarning (buk bilan eman) tagida, asosan, qo‘ng‘ir o‘rmon tuproqlari tarqalgan. O‘simliklarning ko‘p yarusligi keng bargli o‘rmonlar uchun xosdir.

O‘rmon-dasht va dasht zonalarida o‘rmon va dasht tabiat komplekslari birga uchraydi. Shimoldan janubga tomon o‘rmon kamaya boradi, dasht o‘simliklari ko‘paya boradi. O‘rmonlarda sur-qo‘ng‘ir tuproqlar, dashtlarda qora tuproqlar tarqalgan. O‘t-o‘simliklardan iloq, betaga, shuvoq o‘sadi. Hayvonlari sayg‘oq, sug‘ur, bo‘ri, sassiqko‘zan, yumronqoziq, qo‘shoyoq, burgut, olaxurjun va sichqonlardan iborat. 

Chalacho‘l zonasida harorat yuqori, yozda +24°...+27°C, yog‘in kam (150-250 mm). Zonaning shimolida qoramtir kashtan va pik kashtan tuproqlari, janubda och kashtan tuproqlari tarkib topgan.


Cho‘l zonasi mo‘tadil mintaqaning janubida joylashgan. Uning iqlimi keskin kontinental. Yozi quruq va issiq (+25 +32 °C) bo‘ladi. Yog‘ingarchilik, asosan, bahorda va kech kuzda bo‘ladi. Qishda qattiq sovuqlar tez-tez takrorlanib turadi. Cho‘llar faqat erta bahorda yashil rang oladi. Qoraqum va Qizilqum, Taklamakon, Gobi cho‘llarida qumoq, sho‘rxok sur-qo‘ng‘ir, tog‘ etaklarida och bo‘z tuproqlar hosil bo‘lgan. Chalacho‘llar va cho‘llarda kemiruvchi hamda tuyoqli hayvon turlari ko‘pchilikni tashkil etadi. Osiyoda ikki o‘rkachli tuya, Prjevalskiy oti, jayron, sayg‘oq, echkemar, toshbaqa, ilonlar va yovvoyi eshaklar uchraydi. Cho‘llardan yaylov sifatida foydalaniladi.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.