Janubiy Amerikaning geografik o‘rni, o‘rganish tarixi, geologik tuzilishi, foydali qazilmalari. Relyefi 

12 590



 

Asosiy xususiyatlari. Dunyodagi eng sersuv daryosi, eng baland va eng keng sharsharasi, eng katta iloni, eng mitti «odamxo‘r» balig‘i, eng uzun tog‘i, eng katta daryo havzasi, eng balandda joylashgan chuchuk suvli katta ko‘li, eng baland harakatdagi vulqoni, eng qalin Amazoniya o‘rmonlari - «sayyoramiz o‘pkasi» bor. Eng sernam materik.


Geografik o‘rni va o‘rganish tarixi.  Janubiy Amerika to‘liq G‘arbiy yarimsharda joylashgan. Uning shimoliy qismidan ekvator kesib o‘tadi. Shimoldan janubga 7000 km, g‘arbdan sharqqa 5000 km cho‘zilgan. U Amerika qit'asining bir bo‘lagi. Shimoliy va Janubiy Amerika materiklarining chegarasi shartli ravishda Panama kanali orqali o‘tkaziladi. Materikni g‘arbda Tinch, sharqda esa Atlantika okeani suvlari yuvib turadi.
Amerikaning kashf etilishi haqida aniq ma'lumotlar yo‘q. X.Kolumbgacha, ya'ni XV asrdan oldin Amerikaga xitoylar, yaponlar, finikiyaliklar, arablar, inglizlar, skandinaviyaliklar, okeaniyaliklar borganligi haqida dalillar topilmoqda. Vatandoshimiz Abu Rayhon Beruniy o‘zining «Hindiston» asarida Amerika quruqligining mavjudligini X.Kolumb kashfiyotidan 450 yil oldin bashorat qilgan. Jumladan, u: «Bizning tekshirishimizcha, Yerning shimoliy (ikki) choragidan biri quruqlik bo‘lganligidan uning hamqurt (diametral qarama-qarshisi) choragi ham quruqlik bo‘lishini taxmin qilamiz», deb aytgan.

X.Kolumb «Yer shar shaklida» degan g‘oyaga asoslanib, Hindistonga g‘arbdan yaqin dengiz yo‘li bilan borish uchun safarga chiqadi. U 1492-yilning 12-oktabr kuni San-Salvador (ispancha xaloskor degani) oroliga keladi. Bu sana Amerika kashf etilgan kun tariqasida geografiya tarixiga kiritilgan. Buyuk geografik kashfiyotlar davrini boshlab bergan X.Kolumb o‘zining to‘rt marta Amerikaga qilgan safarlari chog‘ida ham o‘zi borgan yerlarini Hindiston deb o‘ylagan.

Amerigo Vespuchchi (asli italiyalik, Ispaniya dengiz flotida xizmat qilgan) 1499-1504 yillardagi Janubiy Amerikaga uyushtirgan ikkita sayohati davrida birinchi bo‘lib bu yerlar Hindiston emas, balki yirik quruqlik - Yangi Dunyo ekanligini aytib, uning tabiatini mohirona tavsiflab yozadi. 1507-yildan boshlab Yangi Dunyoga Amerika deb nom berildi.

Janubiy Amerikani ilmiy jihatdan o‘rganishda nemis sayyohi A.Gumboldt va fransuz botanigi E.Bonplanning xizmatlari katta bo‘ldi. Ular materikning tabiati, And tog‘laridagibalandlik mintaqalari, geologik tuzilishi, g‘arbdagi sovuq dengiz oqimlari haqida ma'lumotlar to‘pladilar va umumlashtirdilar. Materikning tabiati va aholisi haqidagi qiziqarli ma‘lumotlarni rossiyalik olimlardan G.I.Langsdorf, N.G.Rubsov, A.I.Voyeykov, N.I.Vavilovlar to‘pladilar.
 
Geologik tuzilishi. Qadimda Janubiy Amerika yirik Gondvana quruqligi tarkibida bo‘lgan. Keyingi geologik davrlarda mustaqil materikka ajralgan. 
 
Тektonik harakatlar ta’sirida Janubiy Amerika platformasining cho‘kkan joylarida botiqlar (Amazonka, Orinoko, La-Plata) va ko‘tarilgan qismlarida yassitog‘liklar (Gviana, Braziliya) tarkib topgan. Yassitog‘liklarda lava — vulqon yotqiziqlari ko‘p uchraydi. Alp tog‘ burmalanishida yosh And tog‘ tizmalari shakllangan. Bu yerlarda harakatdagi vulqonlar, kuchli zilzilalar bo‘lib turadi. Shu xususiyatiga ko‘ra sohil zonasi Тinch okean „olovli halqasi"ga kiritilgan.
 
 Foydali qazilmalari. Materikda rudali va noruda qazilma boyliklar ko‘p tarqalgan. And tog‘larining magmatik va metamorfik jinslarida mis, qalay, qo‘rg‘oshin, oltin, kumush, platina, noruda konlardan oltingugurt, bor, yod, tabiiy selitra mavjud. Braziliya yassitog‘ligidagi bazaltli va metamorfik jinslarda temir, olmos, uran, marganets, nikel, kobalt, volfram zaxiralari ko‘p. Bu yerdagi qazilma boyliklardan mis, qalay, molibden, volfram, kumush, qo‘rg‘oshin va rux dunyo ahamiyatiga ega. 
 
Cho‘kindi tog‘ jinslari to‘plangan botiqlarda neft, tabiiy gaz, toshko‘mir konlari bor. 
 
Relyefi.  Janubiy Amerika hududi relyef tuzilishiga ko‘ra ikki qismga bo‘linadi. Birinchisi tog‘li g‘arb. Bu deyarli meridianal yo‘nalishdagi eng uzun (9000 km) And tog‘ tizmalaridir. And tog‘lari ko‘p qismida tog‘ tizmalarini, markaziy qismida tog‘lik va yassitog‘liklarni (3500-4500 m) hosil qiladi. Bu yerda dunyodagi eng baland harakatdagi vulqon — Lyulyaylyako (6723 m), materikning eng baland nuqtasi Akonkagua (6 960 m) va boshqalar bor. Dunyodagi eng baland tog‘ ko‘llaridan biri (Тitikaka, 3 810 m) ham shu yerda joylashgan. Materikning ikkinchi — sharqiy qismi katta maydonlarni egallagan tekislik va yassitog‘liklardan  iborat. Dunyodagi eng yirik Amazonka, nisbatan kichikroq La-Plata va Orinoko pasttekisliklari, ular oralig‘idagi Braziliya va Gviana yassitog‘liklari shu hududda joylashgan.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.