Geografik qobiqning rivojlanish bosqichlari va umumiy qonuniyatlari 

15 454

Geografik qobiqning rivojlanish bosqichlari. Olimlar geografik qobiqning rivojlanishini uch bosqichga ajratishadi: nobiogen, biogen va antropogen. Nobiogen bosqich — Yer taraqqiyotining  4,6 mlrd yildan to 570 mln yilgacha o‘tgan davrini qamrab oladi. Bu bosqichda geografik qobiqning asosi tarkib topadi, ya’ni litosfera, atmosfera va gidrosfera shakllanadi. Yerda hayot 3,8-3,5 mlrd yil muqaddam paydo bo‘lgan bo‘lsa-da, ular o‘ta oddiy organizmlardan tashkil topganligi uchun geografik qobiqning rivojlanishiga sezilarli ta’sir etmagan.

Biogen bosqich — 570 mln yil muqaddam boshlangan. Bu davrda organizmlar taraqqiy etgan. Natijada, biosfera shakllangan va geografik qobiqning mukammal tizimga ega bo‘lishiga kuchli ta’sir ko‘rsatgan.

Antropogen bosqich inson paydo bo‘lgandan (2 mln yil avval) hozirgi kunga qadar o‘tgan davrni qamrab oladi. Ayni paytda geografik qobiqning rivojlanishiga insonning xo‘jalik faoliyati (texnika inqilobi, kosmik asr) sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatmoqda. Bular tabiatni muhofaza qilish, ekologik, demografik muammolarni keltirib chiqardi. Shulardan biri o‘lkamizdagi Orolbo‘yi ekologik muammosidir.
Geografik qobiqning umumiy qonuniyatlari. Geografik qobiq rivojlanishi va tabiat komplekslarining tabaqalanishida ham o‘ziga xos qonuniyatlar mavjud. Ular Yerning umumiy geografik qonuniyatlari deb ataladi. Bu qonuniyatlarni bilish insonga tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, atrof-muhitni muhofaza qilish va unga zarar yetkazmaslik, ekologik muvozanatni buzmaslik choralarini ko‘rish imkonini beradi. Bir butunlik, modda va energiyaning tabiatda aylanib yurishi, davriy yoki ritmik hodisalar, geografik zonallik va balandlik mintaqalanishi (hududiylik) geografik qobiqning umumiy qonuniyatlaridir. Bular geografik qobiqning rivojlanish qonuniyatlarini namoyon qiladi.

Geografik qobiqning bir butunligi. Geografik qobiqda hech bir tabiat komponenti alohida rivojlanmaydi. Ular doimo bir-birlari bilan bog‘langan va o‘zaro ta’sir etib turadi. Agar birorta tabiat komponenti o‘zgarishga uchrasa, boshqa tabiat komponenti ham albatta o‘zgaradi. Masalan, oddiygina biror daraxtzorning kesilishi oqibatida quyidagi o‘zgarishlar sodir bo‘ladi: yerosti suvlari sathi pasayadi, u yerda yashovchi hayvonot olami boshqa joyga ko‘chadi. Shuningdek, shamol ta’siri kuchayib, tuproq yemirilishiga olib keladi. Shu atrofdagi ob-havoda o‘zgarish ro‘y beradi. Kechalari salqinroq, kunduzi issiqroq bo‘ladi.

Bundan tashqari, geografik qobiqning tarkibiy qismlari atmosfera, gidrosfera, biosfera va litosfera doimo bir-biri bilan aloqada, bir-biriga o‘tib turadi. Masalan, havo tarkibidagi suv bug‘lari gidrosfera, chang zarralari litosfera, qushlar, hasharotlar biosfera elementlaridir. Suvdagi organizmlar biosfera elementi bo‘lsa, undagi qum zarralari va turli qattiq jinslar, loyqa litosfera elementidir.

Geografik qobiqda modda va energiya almashinuvi. Geografik qobiqning to‘rtta tarkibiy qismida, ya’ni atmosfera, gidrosfera, litosfera va biosferalarda modda va energiya almashinuvi ikkita — gorizontal va vertikal yo‘nalishda kuzatiladi. Atmosfera va Dunyo okeanidagi suvning harakatida va litosferadagi vulqonlar harakatida moddalarning ham gorizontal, ham vertikal almashinuvi bo‘ladi. Geografik qobiqdagi modda va energiyaning almashinuviga Yerning ichki energiyasi, Quyosh energiyasi hamda gravitatsiya kuchi ta’sir etadi. Geografik qobiqda modda va energiya to‘xtovsiz almashinib turadi. Bu jarayon murakkab bo‘lib, unda sifat o‘zgarishlari sodir bo‘ladi.

Geografik qobiqda ritmik (davriy)lik. Tabiatda vaqt o‘tishi bilan bir xil hodisalarning takrorlanib turishi ritmiklik deb ataladi. Ritmiklik ikkiga bo‘linadi: sutkalik va yillik (fasliy).

Yerning o‘z o‘qi atrofida aylanishi sutkalik, Quyosh atrofida to‘liq bir marta aylanishi yillik yoki fasliy ritmlarga sabab bo‘ladi. Sutkalik ritmiklikka kun bilan tun almashishi misol bo‘ladi. Natijada, sutka davomida harorat va namlik o‘zgarib turadi. Hayvonot olami hayotida ham ritmiklik aks etadi. Masalan, ayrim hayvonlar kunduzi faol bo‘lib, kechasi dam olsa, boshqalari, aksincha, tunda juda faol bo‘ladi. Tog‘lardagi qor va muzliklar kunduzi ko‘proq eriydi. Shuning uchun daryolar tushdan keyin sersuvroq bo‘ladi.

Fasliy ritmiklikka Yerda yil fasllarining almashinishi misol bo‘ladi. Tabiatda ko‘p yillik ritmikliklar ham mavjud. Bularga Quyoshdagi jarayonlar va Yer ichki kuchlari ritmikligi sabab bo‘ladi.

Geografik zonallik va balandlik mintaqalanishi. Quruqlikda ekvatordan qutbiy kengliklar tomon tabiat komplekslarining birin-ketin almashinishiga zonallik deb ataladi. Unga Yerning sharsimonligi oqibatida Yer yuziga Quyosh nurining bir tekisda tushmay ekvatordan qutblarga tomon kamayib borishi sabab bo‘ladi. Tog‘larda balandlik tomon tabiat komplekslarining almashinib kelishi balandlik mintaqalanishi deyiladi.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.