Okeaniya iqlimi, tabiat zonalari va aholisi 

5 488

Iqlimi. Deyarli barcha orollar ekvatorial, subekvatorial va tropik iqlim mintaqalarida joylashgan. Faqat Yangi Zelandiya va unga yaqin bo‘lgan orollar subtropik va mo‘tadil iqlim mintaqalariga to‘g‘ri keladi. Umuman, Okeaniya iqlimi iliq, yumshoq bo‘lib, haroratning tebranishi fasllar bo‘yicha kecha va kunduzda ham katta emas. Kunduz tush paytida +30°C, kechasi +23°C ni tashkil etadi. Yog‘inlar ko‘p yog‘adi, o‘rta hisobda 3000-4000 mm. Gavayi orolidagi tog‘larning shamolga ro'para yonbag‘irlariga yiliga 12500-14000 mm yog‘in yog‘ishi kuzatilgan. Yangi Gvineya tog‘larida 4420 m dan yuqorida doimiy qorlar, hatto kichik muzliklar bor. Yangi Zelandiya tog‘larida ham qor-muzliklar ko‘p uchraydi.

Tabiat zonalari. Okeaniya orollarining asosiy qismi doimiy yashil, nam o‘rmonlar va savannalar bilan qoplangan. Daraxtlardan qimmatlisi kokos  va  sago palmalari, kauchukli daraxt, banan, non va qovun daraxtlari, mango, shakarqamish. Yangi Zelandiyada  daraxtsimon paporotniklar,  kauri tilog‘ochi, karam daraxti, zig‘ir va boshqa endemiklar o‘sadi. Tog‘larning shamolga ro‘para bo‘lgan yonbag‘irlarida, tekisliklarda qalin o‘rmonlar bo‘lsa, teskari tomonida savannalar hosil bo‘lgan.
Hayvonot olami o‘ziga xos. Yangi Gvineya va unga yaqin orollarda  kazuar tovug‘i (emu oilasiga mansub), Yangi Zelandiyada 3 turdagi kivi tovuqlari, pingvin va boshqa dengiz qushlari juda ko‘p (albatros, bo‘ron qushi, baliqchi qush). Orollarga keltirilgan  kalamush, yovvoyilashgan mushuk, echki,  quyon tabiatga juda katta zarar keltirmoqda.
Okeanlar hayvonlarning tarqalishi uchun katta qiyinchilik tug‘diradi, bu Okeaniya hayvonot dunyosi tarkibi o‘ziga xosligiga olib kelgan. Avvalo, sutemizuvchilarning deyarli mutlaqo yo‘qligi hisobiga juda kamayib ketganligi bilan ta’riflanadi.
 
 
Aholisi.  Okeaniyada 16 mln ga yaqin aholi yashaydi (2016-y. 1-iyul). Yangi Zelandiyada tub joy aholisi maorilar  jami aholining 15 % ini tashkil etadi. Asosiy aholisi ingliz — yangi zelandiyaliklardan iborat. Yangi Zelandiya, Yangi Kaledoniya, Yangi Gvineya, Gavayi orollarida kelgindilar ko‘p. Bu yerda aholining ko‘pchiligi shaharlarda yashaydi. Boshqa orollarda qishloq aholisi ko‘pchilikni tashkil etadi. Mahalliy aholi kokos palmasi, banan, shakarqamish, ananas, qahva, kakao yetishtiradi. Baliqchilik, o‘rmonchilik, sayyohlarga xizmat ko‘rsatish, dengizdan dur olish, rangli metall rudalari, ko‘mir, neft qazib chiqarishda ishlashadi.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.