Yuklanmoqda...

E - harfiga oid izohli lug`atlar


Ebro – Ispaniyadagi daryo. Iber xalqi nomidan olingan. Qadimda butun Pireneya yarim oroli Iberiya deb atalgan.

Efiopiya – Afrikadagi davlat. Ilgarigi nomi Habashiston. Grekcha nomi Aytopiya, ya'ni aytos–"oftobda kuygan”, ops–"yuz”, "bet” degan so'z. "Yuzi kuygan”, "Oftobda kuygan”, "qora tanli” (kishilar mamlakati) ma'nosini anglatadi.

Egey dengizi – Gresiya va Turkiya oralig'idagi dengiz. Ushbu nomning kelib chiqishi haqida ikki xil qarash mavjud: Iskandar Zulqarnayn davrida qadimgi Yunoniston poytaxti Egey shahri bo'lgan. Dengiz shu poytaxt shahar nomi bilan bog'liq bo'lishi mumkin.
O'rta asrlarda dengiz Arxipelag (grekcha arxi–"asosiy”, pelagos–"ochiq dengiz”), ya'ni "asosiy dengiz” deb atalgan. Uning orollari ko'p bo'lgan va ushbu dengiz nomi geografik terminga aylangan, deb taxmin qiluvchilar ham bor.

Ekvador – Janubiy Amerikadagi davlat. Miloddan avvalgi I ming yillikda mahalliy indeyeslarning kutu qabilasi Kutu davlatini barpo etishgan. XVI asrdan bu yerlarni ispanlar bosib ola boshlashgan. 1830-yilda esa mustaqil davlat barpo etilib, uni Ekvador deb nomlashgan. Mamlakat hududining shimolidan–Kito shahri yaqinidan ekvator chizig'i kesib o'tganligidan shunday atalgan.

Ekibastuz – Qozog'istondagi shahar. Shu yerdagi toshko'mir koni asosida vujudga kelgan. Ushbu nom shaharga yaqin yerdagi Ekibastuz ko'li nomidan olingan. Qozoqcha yeki–"ikki”, bas–"bosh”, tuz–"tuz ko'li” ma'nosini bildiradi.

Elba (Laba) - Yevropadagi Shimoliy dengizga quyiluvchi daryo. Dastlab qadimgi rim yozma manbalarida Albis shaklida tilga olingan. Elba nemischa bo'lib, Laba uning slavyancha o'zgargan shakli, «oq daryo» degan ma'noni bildiradi.

Elbrus – Katta Kavkazdagi baland tog'. Arabcha Alburuz–"tik qoya”, eroncha Albors–"baland tog'”, turkiycha Yolbuz–"muzli yol” deb ataladi. Hind-yevropa tillarida alb–"tog'” demakdir. Demak, yuqoridagi izohlarning barchasi "tog'”, "qoya” degan ma'nolarni beradi.

Elburs – Eronning shimolidagi tog'lar, Kaspiy dengizining janubida joylashgan. XIX asrda Elborus deb atalgan. Ushbu nom negizida ham hind-yevropa tillaridagi alb–"tog'” so'zi yotadi.

Erebus – Antarktidaning Ross yarim orolidagi vulkan. 1841-yili ingliz sayyohi Ross ekspedisiyaning kemasi nomi bilan atalgan.

Eri – Shimoliy Amerikadagi ko'l, Buyuk ko'llardan biri. Indeyes qabilasi eri nomidan olingan.

Eritreya – Afrikadagi yosh, mustaqil davlat. Qizil dengiz bo'yida joylashgan. Ilgari Efiopiya tarkibidagi viloyat bo'lgan. Eritreya Qizil dengizning grekcha nomidan olingan (grekcha Eritr–"Qizil dengiz” demakdir).

Etna – Italiyaning Sisiliya orolidagi vulkan. Grekcha etna–"alanga” degan so'z.

Eyr – Avstraliyadagi ko'l. 1840-yilda Avstraliyaning g'arbiy va sharqiy qismlari oralig'ida quruqlikdan yo'l ochgan ingliz sayyohi Eyr nomiga shunday nomlangan.

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!

Sharhlar

kodni yangilash