B - harfiga oid izohli lug`atlar 

10 442

Balxash - ko'l, qozoqcha Balqash. «Botqoq», «atrofi qamishzor» ma'nosidagi so'z. Ko'lning o'zi haqiqatan ham sayoz, qirg'oqlari botqoq, xolqob va qamishzorlardan iborat.

Bahrayn - janubi-g'arbiy Osiyodagi-Fors ko'rfazida joylashgan davlat. Davlat hududi 20 dan ortiq orollarda joylashgan bo'lib, ularning eng kattasi Bahrayn deb ataladi. Arabacha «ikki dengiz»,  ya'ni atrofi dengiz bilan o'ralgan orol ma'nosidagi so'z.

Bamako - shahar, Afrikadagi Mali davlatining poytaxti. Mahalliy xalq tilida bama-«timsoh», ko-«daryo», ya'ni «timsohli daryo» yoki «timsohi ko'p daryo bo'yidagi shahar» ma'nosidadir.

Bangi - shahar, Markaziy Afrika Respublikasining poytaxti. Bangi-shu yerda yashovchi xalq nomi, shahar nomi xalq nomidan olingan.

Bangladesh - Janubiy Osiyodagi davlat. 1971-yilga qadar Sharqiy Pokiston deb yuritilar va Pokistonning provinsiyalaridan biri edi. Mustaqillikka erishgach Bangladesh deb ataladigan bo'ldi. Bangladesh-«bengallar mamlakati, o'lkasi» degan ma'noni beradi. Mamlakat aholisining 98 % bengallar hisoblanadi.

Barens dengizi - Shimoliy Muz okeanining g'arbiy dengizlaridan biri. 1853-yili nemis geografi A.Peterman gollandiyalik dengizchi Villem Barens sharafiga shunday nomlagan. V.Barens XVI asrda uch marta sayohatda bo'lgan va shu joyda halok bo'lgan.
Ilgari Murmansk dengizi, Rus dengizi, Shimoliy dengiz, Moskva dengizi, Muz dengizi kabi nomlar bilan atalgan.

Bartang - daryo. Tojikistondan oqib o'tadi. Panjning o'ng irmog'i. Bartang prof. H.Hasanovning fikricha, tor daradan oqqani uchun «bag'ri tang» deyiladi. A.Z.Rozenfeldning ko'rsatishicha, Bartang ikki komponentdan tuzilgan, ya'ni bar (bir narsaning ustida, yuqorisida, balandda ekanini anglatuvchi) qo'shimcha, tang-«tor dara». Bartang-«tor dara yuqorisidan oquvchi daryo» demakdir.

Bass bo'g'ozi - Avstraliya bilan Tasmaniya oroli o'rtasidagi  bo'g'oz. Bu yerda birinchi bo'lib 1797-yili ingliz sayyohi Jorj Bass bo'lgan. Keyinchalik 1798-yili gidrograf M.Flinders bu joy haqiqatdan ham materik bilan orolni bir-biridan ajratib turuvchi bo'g'oz ekanligini isbotlab bergan va uni Bass bo'g'ozi deb nomlashgan.

Baykal - dunyodagi eng chuqur (1620 m) ko'l, Sharqiy Sibirda joylashgan. Buryatcha «boy» va «ko'l» ya'ni «katta ko'l» deb ta'riflanadi. Buryatcha bu so'zlar boshqa turkiy tillarda (masalan, yakut tilida) ham shu ma'nodadir.
Ko'lning kattaligiga nisbat qilib buryatlar uni dalay-«dengiz», yakutlar bayagal-«dengiz» deb ataydilar. Uzoq vaqt davomida rus tilida ham dengiz ma'nosida ishlatilib kelingan (Kaspiy dengizi, Orol dengizi singari). XIX asr o'rtalaridan esa Baykal ko'li deb nomlanadigan bo'ldi.

Bayron - burun, Avstraliyaning eng sharqiy chekka nuqtasi. J.Kuk tomonidan 1770-yili 15 mayda kashf etilgan va 1764-1766-yillari dunyo bo'ylab aylanma sayohat qilgan ingliz ekspedisiyasi boshlig'i Jon Bayron sharafiga shunday nomlangan.

Bag'dod - shahar, Iroq poytaxti. Bog'-«olloh», dod-«tuhfa», «in'om» so'zlaridan olingan bo'lib, «olloh in'om etgan», «ollohning tuhfasi» ma'nosidadir. Uni ulug'lab Dorussalom-«Tinchlik uyi» deb ham atashadi.

Betbaqdala - Qozog'istondagi dasht. Betbaqdala «Badbaxt dala» so'zining o'zgargan shaklidir. Qozoqcha «botqoqdala» deb izohlanishi noto'g'ri.

Bobilmandob - Arabiston yarim orolining janubi-g'arbi va Afrika oralig'idagi, Qizil va Arabiston dengizlarini tutashtirib turuvchi bo'g'oz. Arab tilida bob-«darvoza», mandab-«yig'i», «ko'z yoshi» so'zlaridan tashkil topgan. Uni «xatarli bo'g'oz» deb ham talqin qilinsa o'rinli bo'ladi, chunki bo'g'ozdagi marjon poliplari va orolchalar kema qatnovi uchun xatarlidir.

Boltiq dengizi - Shimoliy Yevropadagi, Atlantika okeanning ichki dengizlaridan biri. Aslida Baltika bo'lib, uning ma'nosi haqida aniq ma'lumotlar yo'q. Qadimgi yunon va rim mualliflari asarlarida Baltiya nomi uchraydi. G'arbiy yevropalik olimlarning asarlarida XI asrdan boshlab Baltika dengizi nomi uchraydi. Ko'pchilik bu nomni lotincha baltes-«oq» (dengiz qirg'oqlari oq qumlar qoplangan) so'zidan olingan, deb hisoblaydi. 

Bolqon - Yevropaning janubidagi yarim orol. Yarim orolning shimoliy sharqiy qismida Stara-Planina tog'lari bo'lib, uning avvalgi nomi Bolqon tog'laridir. Turkiy tillarda balkan, balxan-«tog'», «tog'li yer» yoki «baland tog'» ma'nosini beradi. Ushbu tog' nomi keyinchalik yarim orol nomiga o'tgan.

Bosfor - Qora dengizdan O'rta dengizga o'tiladigan bo'g'oz. Bosfor grekcha «buqa» degan ma'noni beradi. Qadimda shu bo'g'ozdan suzib o'tadigan kemalarning egalari boj uchun qoramol to'lashgan. Shuning uchun Bosfor-«buqa to'lanadigan bo'g'oz» deb nomlangan. Turkiyada Bo'g'oz, Istanbul bo'g'ozi, Qora dengiz bo'g'ozi, Marmara bo'g'ozi deb ham ataladi.

Brazzavil - shahar, Kongo davlatining poytaxti. Fransuz dengiz ofiseri Savornyan de Brazza sharafiga qo'yilgan bo'lib, «vil»-shahar, ya'ni «Brazza asos solgan shahar» degan ma'noda.

Braziliya - Janubiy Amerikadagi davlat. Brazil daraxti nomidan olingan. Daraxtdan bo'yoq uchun ishlatiladigan suyuqlik olinadi va bu xom ashyo mustamlakachilikning dastlabki yillarida asosiy eksport mahsuloti bo'lgan. Shuning uchun ushbu daraxt nomi davlat nomiga o'tgan.

Brahmaputra - Xitoy, Hindiston va Bangladesh hududlaridan oqib o'tuvchi daryo. Himolay tog'larining shimoliy yonbag'irlaridan Masang nomi bilan boshlanadi, o'rta oqimida Sangpo (tibetliklar tilida «katta daryo»), Dixang va quyi oqimida Brahmaputra deb nomlanadi. Brahmaputra ommaviylashgan, an'anaviy bo'lib qolgan, ko'pchilik tomonidan qo'llaniladigan umumiy nom bo'lib qolgan. Hindlarning mifologiyasida Brahma-dunyoni yaratagan xudo nomi bo'lib, Brahmaputra-«Brahmaning o'g'li» demakdir.
Brijtaun-shahar, Barbados davlati poytaxti. Shaharga XVII asrda asos solingan. Brijtaun-«ko'priklar shahri» degani (inglizcha bridj-«ko'prik», taun-«shahar»). Shahar ichkarisiga-quruqlikka chuqur kirib borgan ko'rfaz shaharni ikkiga bo'lib turadi, ularni bog'lab turish uchun ikkita katta ko'prik qurilgan.

Britaniya orollari - Yevropadagi orollar, Shimoliy dengiz va Atlantika okeani oralig'ida joylashgan. Qadimgi rimliklar hozirgi Angliya hududini Britaniya deb atashgan. Bu nom kelt qabilalaridan biri-brittlar nomidan olingan. Buyuk Britaniya orollari deb ham ataladai, chunki orollarda Buyuk Britaniya va Irlandiya davlatlari joylashgan.

Bruks - Shimoliy Amerikadagi-Alyaskadagi tog' tizmasi. 1898-1984 yillari Alyaskani o'rgangan geolog Alfred Bruks sharafiga shunday atalgan.

Bryussel - shahar, Belgiya poytaxti. Shahar nomi dastlab VIII asrga oid yozma manbalarda tilga olingan. Bryussel-«botqoqlik yaqinidagi shahar» degan ma'noni beradi.

Burkina-Faso - G'arbiy Afrikadagi davlat, mahalliy xalq tilida «sofdil kishilar mamlakati», «munosiblar mamlakati» degan ma'noni beradi. 1984-yilga qadar Yuqori Volta (Volta-daryo nomi) deb atalar edi.

Buxoro - O'rta Osiyoning eng qadimiy shaharlaridan biri. 2500 yillik tarixga ega bo'lgan Buxoro turli davrlarda Numijkat, Bumiskat, Madinat us-Sufriya, ya'ni « Mis shahri» deb nomlanib kelgan. Buxoro so'zining etimologiyasi aniq emas, lekin sanskritcha vixara so'zidan olingan bo'lib, «ibodatxona» ma'nosini bildiradi degan fikr bor.

Bo'kantov - Qizilqumdagi past tog'. H.Hasanovning fikricha, bo'kan so'zining «to'siq», «to'g'on», «to'nka», «qal'a», «kursi», «bukir» ma'nolari bor. Tasvirlarga ko'ra, tog' yemirilib, ayni shunday shakl kasb etgan; uning yonbag'irlari tik bo'lib, uzoqdan qaraganda kursi yoki to'nkaga o'xshaydi. Ko'chmanchilar o'tovining yuqori xalqasiga qo'yiladigan tirgovich ham bo'kan deyiladi.

Bo'stonliq - Toshkent viloyatidagi tuman. Bo'y va ston so'zlaridan iborat bo'lib, «xushbo'y yer», «xushhavo joy» ma'nosidadir. Talaffuzda Bo'stonliq bo'lib qolgan.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.