Tur Xeyerdal 

7 248

 

Tur Xeyerdal
(1914-2002)
  Butun umrini dunyoni o`rganishga bag`ishlagan mashhur norveg sayyohi Tur Xeyerdal o`zini Dunyo fuqarosi, deb hisoblar edi. Dunyo okeani qadimgi sivilizatsiyalarni bir-biridan ajratuvchi emas, balki o`zaro bog`lovchi omil bo`lgani haqidagi nazariyasi olimni butun umri davomida sayyoramizning turli qismlaridan ushbu ta’limotga isbot topish uchun tinmay sayohat qilishga undagan.
  Tur Xeyerdal 1914-yilning 6 oktyabrida Norvegiya janubidagi Lavrik degan sha- harchada tavallud topgan. Onasi Darvin ta’limotining tarafdori edi. Xuddi shu holat Turda bolaligidanoq zoologiya faniga qiziqish o`ygotgan. O`rta maktabni tugatgach, T.Xe­yerdal 1933-1936-yillarda Oslo universitetida geografiya va zoologiyadan tahsil oldi.
Universitetda o`qib yo`rgan kezlarida u XX asr boshlarida Polineziyadagi Taiti orolida yashagan norveg sayyohi Ber Krepelin bilan tanishib qoldi va mazkur tanishuv uning tadqiqotchi-sayyoh sifatida shakllanishida muhim rol o`ynadi. Sayyoh, Oslodagi o`sha paytlarda dunyoda eng yiriklaridan hisoblangan kutubxonada Polineziya tarixi va madaniyatini mustaqil o`rgangan. Natijada bo`lajak olim Polineziyadagi Markiz orollari faunasini o`rganish uchun sayohat qilishni rejalashtirgan va bu reja qo`llab-quvvatlangach, 1937-yilda rafiqasi Liv bilan Marseldan Atlanti­ka okeani, Panama kanali va Tinch okeani orqali Taitiga yo`l oldi.
 Taitiliklar sardorining uyida bir oycha tabiiy sharoitda yashashga o`rgangach, T.Xeyerdal Fatu Xiva deb nomlangan yakka orolga borib, sivilizatsiyadan uzilgan holda bir yil yashagan. Ekspeditsiyaning asosiy maqsadi orolning faunasini o`rganish bo`lganligiga qaramay, T.Xeyerdalni ko`proq Polineziyaga aholining qanday kelib joylashganligi qiziqtirardi. U Polineziya orollari changalzorlaridagi o`sha vaqtgacha hech kimga ma’lum bo`lmagan tosh haykallarni uchratgan va xuddi shunga o`xshash haykallar Kolumbiyadan, ya’ni Markiz orollaridan 6 ming kilometr sharqda joylashgan mamlakatdan ham topilganligini inobatga olib, bu o`xshashlikning umumiy tomonlarini tadqiq etishga harakat qilgan.
  Polineziya orollarining hayvonot va nabotot olami, mahalliy aholining hayoti va urf-odatlarini o`rganish natijasida T.Xeyerdal Amerika qirg`oqlarida paydo bo`ladigan shamollar va oqimlar Polineziya orollariga odamlarning kelib joylashishiga sabab bo`lgan, degan taxminni ham ilgari so`rgan.
  O`sha vaqtlargacha fanda Polineziya aholisining ajdodlari orollarga Janubi-Sharqiy Osiyodan kelib qolgan, degan fikr mavjud edi. O`z fikrini isbotlash uchun T. Xeyerdal 1939-yilda Kolumbiyaga sayohat qilib, Viktoriya muzeyida amerikalik Hindularning hayotini o`rgandi. Tinch okeani orollari va Amerika Hindularining aloqalariga bag`ishlangan maqolasida T.Xeyerdal Polineziya madaniyatida Janubiy Amerika madaniyati unsurlari mavjudligini va polineziyaliklarning orollarga shimoldan - Gavay orollari orqali kelib qolganini isbotlab bergan. Polineziya va Amerikaning qadimgi aloqalari haqidagi maqolasini u faqatgina Ikkin­chi jahon urushidan so`ng – 1946-yilda Nyu-Yorkda jahon ilmiy jamoatchiligi e’tiboriga havola etdi.
  Dunyo ilm ahli norveg olimining amerikalik Hindular qadim zamonlardayoq Tinch okeani orollariga oddiy sollarda suzib borganligi haqidagi nazariyasiga ishonchsizlik bilan qarashgandi. Ammo o`z fikrini isbotlash maqsadida T.Xeyerdal «Kon-Tiki» ekspeditsiyasini tashkil etgan. Bu arxeologik tajriba ekspedisiyasi bo`lib, o`z oldiga uch asosiy vazifani qo`ygan: bals daraxti yog`ochlaridan qurilgan qadimgi solning iloji boricha aniq nusxasini yasash, bunday suzish vositasining dengizda yurish sifatlarini tekshirish va solni Polineziya qirg`oqlariga olib borishi mumkin bo`lgan shamol va dengiz oqimlari yo`nalishini o`rganish.
  Buning uchun 1947-yilda Ekvador changalzorlaridan olingan yirik bals daraxti yog`ochlari Peruga olib kelinib, sol yasalgan va unga inklar yurtidan quvilgan afsonaviy sardor nomi sharafiga «Kon-Tiki», deb nom berilgan. 1947-yilning 28- aprelida T.Xe­yerdal besh nafar hamrohi bilan Peruning Kalyao portidan solda suzib ketdi. 101 kunlik suzishga va Tinch okeani bo`ronlariga dosh bergan sol 1947-yilning 30 iyulida Tuamotu arxipelagidagi Raroia atolliga yetib kelib, ba’zi bir olimlarning balsdan yasalgan solda okeanda suzish mumkin emas, degan fikrini puchga chiqardi.
  Ammo ba’zi olimlar T.Xeyerdalning mazkur sayohati haqidagi xujjatli filmni ko`rmaguncha, hatto bunday solda sayohat amalga oshirilganligiga ishonishni ham istashmagan. «Kon-Tiki» soli kuniga 42,5 mil, hammasi bo`lib 4300 mil yoki 8 ming kilometrdan ortiq masofani suzib o`tgan. T.Xeyerdal o`z nazariyasini tanqid qilganlarga javoban 1952-yilda 800 betli «Tinch okeanidagi amerikaliklar: «Kon-Tiki» eksiyeditsiyasining ilmiy asosi», deb nomlangan asarini chop etgan. Ushbu asar dunyodagi 66 tilga tarjima qilingan va sayohat davomida olingan film esa 1951-yil AQSh kinoakademiyasining «Oskar» mukofotiga sazovor bo`ldi.
 «Kon-Tiki» ekspeditsiyasining keng tan olinishi sifatida T.Xeyerdal Shvetsiya geografiya va antropologiya jamiyati, Parij geografiya jamiyati, Buyuk Britaniya Qirollik geografiya jamiyatining oltin medali bilan mukofotlangan va olim dunyodagi turli davlatlar Fanlar akademiyalarining a’zosi etib saylangan.
  1952-yilda T.Xeyerdal Ekvador qirg`oqlaridan 965 km uzoqlikda joylashgan Galapagos orollariga arxeologik ekspeditsiya tashkil etdi. Buning natijasida janubiy amerikaliklarning orolga Kolumbgacha bo`lgan zamonlarda ham suzib borishgani, doimiy uy-joylarning yo`qligi esa bu yerda ichimlik suvi tanqisligi bilan izohlanishi isbot qilingan.
  1955-yilda esa olim Pasxa oroliga sayohat qilib, u yerda arxeologik tadqiqotlar olib bordi. Bu yerda topilgan yirik tosh kallalar haqiqatda orolning birinchi yashovchilari tomonidan qurilgan va qum ostiga komilib ketgan gigant haykallarga tegishli ekanini hamda ularning Janubiy Amerikada inklargacha bo`lgan zamonda barpo etilgan xuddi shunday inshootlar bilan o`xshashligi ham aniqlangan. Pasxa orolidagi tadqiqotlar sayyohning «Pasxa orolining san’ati» nomli ikki jildli asarida keng yoritib berilgan.
Olim tomonidan topilgan tropik qamish (papirus)dan yasalgan kemalarning tasviri unda inklargacha bo`lgan Amerika aholisi okeanni qamishdan yasalgan kemalarda kesib o`tgan bo`lishi mumkin, degan fikrni o`ygotdi. Xullas, T.Xeyerdal tropik qamishdan kema yasab, unda Atlantika okeanini suzib o`tishga qaror qilgan.
  Chadlik ustalar tomonidan qadimgi kemalarga monand qilib tayyorlangan «Ra» deb nomlangan kema 7 mamlakat a’zolaridan iborat 7 kishilik ekipaj bilan BMT bayrog`i ostida 1969-yil bahorida Marokashning Safi portidan jo`nab ketgan va Shimoliy ekvatorial oqim ta’sirida 5 ming kilometr yo`l bosib, Janubiy Amerikaga yetib kelgan. 10 oydan so`ng esa, T.Xeyerdal «Ra-2» papirus kemasida 57 kun suzib, Barbadosga yetib oldi. Bu tajribasi bilan T.Xe­yerdal qadimgi dengizchilar Kanar oqimidan foydalangan holda Atlantika okeani orqali Janubiy Amerika va undan keyin Tinch okeaniga suzishlarni amalga oshirganliklarini isbot qilgan. Mesapotamiya, Misr va Hindiston kabi hududlardagi qadimgi Sharq sivilizatsiyalari o`rtasidagi o`zaro madaniy aloqalarni o`rganish uchun T. Xeyerdal 1977-yildan boshlab «Tigris» nomli papirusdan yasalgan kemada BMT bayrog`i ostida Qizil dengiz, Fors ko`rfazi va Hind okeani suvlarida 6800 km masofani bosib o`tgan. Bu sayohat davomida olim Iroq, Ummon, Pokiston, Jibuti, Efiopiya, Somali va boshqa ko`plab mamlakatlarni chuqur o`rgangan.
  1982-yilda sayyoh Maldivning qadimgi madaniyat o`choqlarini o`rganib, ularning Hindiston va Shri-Lanka madaniyati bilan bir xil ekanini isbotlagan. 1988-1989- yillarda esa olim Perudagi arxeologik qazilmalar chog`ida pishiq g`ishtdan qurilgan 26 ta qadimiy ehromlarga duch keldi.
  2000-2001-yillardagi Azov dengizi atrofidagi qazilmalar natijasida T.Xeyerdal norveglarning avlodlari Skandinaviyaga Kuban dashtlaridan bundan 2000 yil ilgari ko`chib kelganligi haqidagi xulosani ilgari surdi. XX asr ikkinchi yarmidagi eng buyuk sayyoh, deb tan olingan va umrining oxirigacha dunyoni o`rganish bilan mashg`ul bo`lgan T.Xeyerdal 2002-yilning 18-aprelida 87 yoshida vafot etgan.
  T.Xeyerdal o`z ekspeditsiyalarida qatnashish uchun turli irq, millat, din va siyosiy tuzum vakillarini yig`ib, bu bilan kichkina bir solda kishilar totuv yashab, samarali hamkorlik qilishlari mumkinligini dunyo hamjamiyatiga isbot qilib bergan ham. Bundan tashqari, sayyohning ekspeditsiyalari turli kashfiyotlar qilish bi­lan birga Dunyo okeanining ifloslanishi buyicha zarur namunalar yig`ib, ularni BMTga taqdim etgan.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.