Semyon Dejnyov
(1605-1675)
Semyon Ivanovich Dejnyov - taniqli
rus dengizchi-sayyohi, Shimoliy va Sharqiy Sibirning tadqiqotchisidir. U
daniyalik rus sayyohi Vitus Beringdan 80 yil oldin Osiyo va Shimoliy Amerikani
ajratib turuvchi Bering bo`g`izidan birinchi bo`lib o`tgan.
S.Dejnyov 1605-yilda Rossiyadagi
Velikiy Ustyug shahri yaqinidagi Pinege qishlog`ida tug`ilgan. Sibirdagi
xizmatini Tobolsk shahrida oddiy kazak sifatida 1630-yilda boshlagan,
keyinchalik Yeniseyskka, 1638-yilda esa Yokut (Yakutsk) shahriga kelgan. Bu yerda yasoq
(soliq) yig`uvchi bo`lib xizmat qilgan chog`ida Aldan, Yuqori Yana daryolari havzalarida,
1641-yilda esa Indigirka daryosining chap irmog`i Oymyakon daryosi havzasida
bo`lgan. 1640-1642-yillarda Shimoliy Sibirdagi turli mo`ynali hayvonlarning
yashash joylarini aniqlash maqsadida amalga oshirilgan safar davomida bir qator
yerlarni kashf qilishda ishtirok etgan.
1643-yilning yozida S.Dejnyov ikki
nafar hamrohi bilan Kolima daryosining quyilish qismigacha borib, bu yerda
Nijnekolimsk qarorgohi (ostrogi)ga asos soldilar. Kolimada 1647-yilgacha
bo`lgan. 1648-yilning yozida esa S.Dejnyov hamrohlari bilan dengizga chiqib,
suv yo`li orqali Anadir daryosigacha borishga urinib ko`rdi. Ammo Kolima
daryosining quyilish qismida suzib yuruvchi yirik muzlar tufayli yana
Nijnekolimsk qarorgohiga qaytib kelgan.
1648-yil
20 iyunda S. Dejnyov yana ochiq dengizga chiqdi. Safar davomida ko`p qiyinchiliklarni
boshdan kechirgan. O`sha yili sentyabr oyida Chukotka yarimorolini shimoldan
aylanib o`tib, Osiyo va Shimoliy Amerikani ajratib turuvchi bo`g`izdan suzib
o`tgan. Katta Chukotka burnida (keyinchalik Dejnyov burni) sayyohlar bir oz
muddat to`xtab, bo`g`izdagi orollarda yashovchi eskimoslarning mehmoni
bo`lishgan.
1949-yilda S. Dejnyov Anadir daryosining quyilish qismidagi qirg`oqqa
kelib, shu joyda Anadir qarorgohiga asos soldi. Bu yerda u 1659-yilgacha
yashab, Anadir daryosi havzasini tadqiq etgan, xaritasini tuzgan va shuningdek,
Anyuy daryosining ba’zi qismlarini o`rgangan.
O`zining
amalga oshirgan tadqiqotlari haqida S. Dejnyov Yakutskdagi tegishli mahkamalarga
hisobot yozib bergan. Jumladan, Bering bo`g`izidan o`tganligi haqida Yakutsk
voyevodasi I. Akinfovga shunday yozadi: «eskimoslar yashaydigan orollar
yonidan dengiz-okean orqali o`tdim va «Katta yerning» (Osiyoning) qirg`oqlari
hech qayerda «Yangi Yer» (Amerika) bilan tutashmagan».
Tarixda birinchi marta ushbu
bo`g`izdan suzgan va uni kashf etgan S.Dejnyov muhim geografik masalani hal
qildi. Chunki mazkur sayohat natijasida Amerikaning mustaqil kontinent ekani va
Yevropadan Xitoyga Shimoliy dengiz yo`li orqali borish mumkinligi isbotlangan.
Ammo sayyohning hisoboti Yakutskda qolib ketgan va keng jamoatchilikka ma’lum qilinmagan.
Yevropa mamlakatlarida ushbu
kashfiyot haqidagi ma’lumotning bo`lmaganligi sababli, Amerika va Osiyo
o`rtasidagi bo`g`izning kashfiyotchisi, degan nom Vitus Beringga nasib etgan va
ushbu bo`g`izga uning nomi berilgan.
XVIII asrning o`rtalarida tarixchi
G.Miller Yoqutiston arxivida S.Dejnyovning hisobotini ko`rib qoldi. Ana shu
vaqtdan buyon sayyoh haqida bir qancha asarlar yozilib, tarixiy tadqiqotlar o`tkazilishi
boshlangan. 1898-yilda S.Dejnyov sayohatining 250 yilligi munosabati bilan Rus
geografiya jamiyati qaroriga binoan Chukotka yarimorolidagi Bolshoy Kamenniy
burni Dejnyov nomi bilan atalgan va jasur sayyohga haykal o`rnatilgan.
Semen Dejnyov nafaqat jasur
sayyoh, balki mohir diplomat ham edi. Yoqut tilini yaxshi bilgan va hech qanday
urush-janjalsiz yoqutlarning turli urug`lari o`rtasidagi mojarolarni hal etgani
haqida ma’lumotlar saqlanib qolgan. Sayyoh xotirasiga hurmat tariqasida
Shimoliy Muz okeanidagi orol, yarimorol, qo`ltiq va Yoqutistondagi qishloq
uning nomi bilan atalgan. Sayyohning vatani Velikiy Ustyug shahrida va Rossiya
shon-sharaf bog`ida unga haykal o`rnatilgan.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.