Farg`ona viloyati 

3713

  Maydoni 6,7 ming km.kv. Aholisi 3 million 329 ming kishidan ortiq (2013-yil 1-yanvar holati). Shaharlar aholisi 1 million 908 ming kishidan ortiq. Qishloq aholisi 1 million 421 ming kishidan ortiq. Farg`ona viloyatida 15 ta tuman, 9 ta shahar va 197 ta shaharcha mavjud. 
  Viloyatga vodiyning tekislik qismi, Oloy va Turkiston tizmalarining tog'oldilari kiradi. Isfayram, Shohimardon, So'x, Isfara daryolarining dehqonchilikda ahamiyati katta. Norin bilan Qoradaryodan bir necha sug'oruv kanallari chiqarilgan. Yalpi sanoat mahsulotiga ko`ra faqat Toshkent viloyatidan keyin turadi. 
 Qishloq xo`jaligining asosiy tarmoqlari: donchilik, paxtachilik, bog`dorchilik, uzumchilik, go`sht-sut chorvachiligi, parrandachilik, ipakchilik.
   Sanoatning asosiy tarmoqlari: elektroenergetika, kimyo, neft-kimyo, va neftni qayta ishlash, qurilish materiallari, yengil sanoat va oziq-ovqat sanoati.
  Farg'ona viloyati qishloq xo'jaligi paxtachilik va pillachilikka hamda pillachilikka ixtisoslashgan. Ekin maydonining asosiy qismiga paxta va g`alla ekiladi. Bug`doy va arpa bahorikor yerlarda, sholi esa zaxkash yerlarda yetishtiriladi. Makkajo`xori, oq jo`xori va beda hamma tumanlarda paxta bilan almashlab ekiladi. Bog'dorchilik, uzumchilik uchun viloyatda sharoit qulay. Viloyat anori va anjiri bilan dong chiqargan. Farg`ona viloyatida yaylovlar Andijon viloyatidagiga qaraganda ancha ko`p. Chorva mollari asosan qo`y va echkilardan iborat. Viloyat mamlakatda yetishtiriladigan pillaning 20 foizga yaqinini beradi. Ko'proq danakli mevalar yetishtiriladi. Viloyat anori va anjiri bilan dong chiqargan. 
  Sanoati ko'p tarmoqli bo'lib, unda og'ir sanoatning salmog'i ancha katta. Neftni qayta ishlash, kimyo va energetika sanoati iqtisodiy geografik rayondagina emas, balki respublikada ham ajralib turadi. Neftni qayta ishlaydigan 2 ta zavod bo'lib, biri Farg'onada, ikkinchisi Oltiariqda joylashgan. Mashinasozlik, metallsozlik va binokorlik materiallari ishlab chiqaruvchi tarmoqlar ham muhim ahamiyatga ega. Yengil va oziq-ovqat sanoati qishloq xo'jalik tarmoqlari negizida vujudga kelgan. Sanoat korxonalari Farg'ona-Marg'ilon sanoat rayoni va Qo'qon, Quvasoy sanoat tugunlarida to'plangan. 
 Transporti.Viloyat temiryo'l va avtomobil yo'llari bilan yaxshi ta'minlangan. Viloyatdan paxta tolasi va paxta moyi, shoyi, ip-gazlama, trikotaj mollar, quruq meva, meva konservalar, mineral o'g'it va sement jo'natiladi. Taxta-yog'och, har xil uskunalar, traktorlar, paxtachilik uchun zarur mashinalar, g'alla, un, qand, keng iste'mol buyumlari keltiriladi. 
  Shaharlari. Viloyatda 9 ta shahar bor. Farg'ona muhim sanoat, transport va madaniyat markazidir. Shahar suv bilan yaxshi ta'minlangan, yozi birmuncha salqin. Shaharda ikkita IEM ishlab turibdi. Iqtisodiy geografik rayonning birlashgan energetika tizimi shu IEMlar asosida shakllangan. Farg'onada universitet, politexnika instituti, O'rta Osiyo ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti bor. Madaniyat va istirohat bog`lari, favvoralar, xiyobonlar, soya-salqin maydonlar shaharga o`zgacha tarovat beradi. Bosh rejaga ko`ra, yaqin yillar ichida Farg`ona va Marg`ilon shaharlari bilan Toshloq va Qirguli shaharchalari tutashib yagona shaharni tashkil etadi. Buyuk astronom, matematik va geograf Ahmad al-Farg'oniy shu makonda tavallud topgan. 
  Marg'ilonshoyi (atlas) ishlab chiqarishning markazi sifatida qadimdan dong chiqargan shahar. Shaharda paxta, ko`n zavodi, ipak ishlab chiqaruvchi korxonalar bor. Marg`ilonliklarning to`qimachilik malakasi yuksak darajada takomillashdi va keng quloch yoydi. Marg'ilon shoyi kombinati mamlakatdagi eng yirik to'qimachilik korxonalaridan biridir. Kombinat ayni vaqtda yirik o'quv markazi hamdir. Mashhur fiqh olimi Burxoniddin Marg'iloniy shu yerda tug'ilgan. 
 Qo'qon Farg'ona viloyatining g'arbida, transport yo'llari ustida joylashgan. Undan Toshkent, Namangan va Farg'ona tomonlarga temiryo'l va avtomobil yo'llari o'tadi. Mustaqillik yillarida Qo`qonning sanoati rivojlanib, shahar muhim sanoat tuguniga aylandi. Shahardagi superfosfat zavodi hamda elektr korxonalardir. Shahar uzoq vaqt Qo`qon xonligi poytaxti bo`lgan. U viloyatdagi asosiy madaniyat markazlaridan biridir. 
  Quvasoy 1954-yilda ishchi shaharchasi o'rnida barpo etilgan. Shahar yaqinidagi ohak, mergel, gips va gil boyliklari negizida u qurilish materiallari ishlab chiqaradigan sanoat markaziga aylandi. Endilikda sement, shifer, ohak, hamda g`isht zavodlaridan iborat kombinat ishlab turibdi. Mazkur kombinat respublikada ishlab chiqariladigan sementning 1/4 qismidan ko`prog`ini bermoqda. Quvasoy chinni zavodida kosa, piyola, choynak, la'li va boshqa idishlar ishlab chiqarish yildan yilga ortmoqda. 
  Rishton kulolchilik buyumlari ishlab chiqaradigan markaz. Bundagi kulolchilik artellari birlashtirilib, kombinatga aylantirilgan. Hozir kombinatda 20 xildan ortiq buyum ishlab chiqarilmoqda.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash