Qurilish materiallari sanoati 

8 373

  Qurilish materiallari sanoati milliy iqtisodiyotning deyarli barcha tarmoqlari bilan aloqadadir. Zavod va fabrikalar, uy-joylar, yo'llar hamda irrigatsiya inshootlarining ko'plab barpo etilishi bilan qurilishbop materiallarga talab ham ortib boraveradi. 
  Binokorlik uchun muhim bo'lgan sement Quvasoy, Ohangaron, Angren, Navoiy va Bekobod shaharlarida ishlab chiqarilmoqda. Ohangaron va Navoiy sement kombinatlari eng yirik kombinatlar hisoblanadi. Angren gilmoyasi negizida bezakbop oq sement ishlab chiqariladi. O'zbekiston chiroyli va pishiq marmarga boy. Yurtimizda topilgan 34 ta marmar konining 5 tasidan marmar qazib olinmoqda. 
  G'ozg'on koni marmar zaxirasining ko'pligi, yuqori sifatliligi jihatidan jahondagi eng mashhur konlardan biridir. Undan qazib olingan marmar sobiq Ittifoq davrida boshqa mahsulotlar kabi Markazga tashib ketilardi. Moskva, Sankt-Peterburg shaharlaridagi metropolitenlarning ko'plab bekatlari va boshqa inshootlar G'ozg'on marmari bilan bezalgan. 
 Toshkentdagi Alisher Navoiy nomidagi Opera va balet teatri, «Toshkent», «O'zbekiston», «Toshkent Palace» kabi mehmonxonalar, Toshkent metropoliteni hamda boshqa ko'pgina ulug'vor madaniy-maishiy binolar qurilishiga ham shu kon marmarlari ishlatilgan. 
  Orkutsoy koni Toshkent shahridan 74 km shimoli sharqda joylashgan. Unda qora, oq va kulrang marmar uchraydi. Toshkent va G'azalkent marmar zavodlarida marmarga pardoz beriladi. 
  Bezakbop toshlarning umumiy zaxiralari 85 million kubometrdan ortadi. Ular toshni qayta ishlaydigan korxonalarni yuz yillar davomida xomashyo bilan ta'minlaydi. 
 Chirchiq shahri yaqinida mahalliy xomashyo asosida deraza oynalari ishlab chiqariladigan zavod bor. Hozirgi zamon sanoat qurilishining asosi temir-betondir. Toshkent, Farg'ona, Samarqand va Buxoro viloyatlarida temir-beton buyumlari ishlab chiqarilmoqda. Xorazm, Buxoro va Farg'ona viloyatlarida silikat bloklari ishlab chiqaradigan zavodlar qurilgan. Jizzaxdagi silikatsit zavodi Mirzacho'l xo'jaliklari, shaharlari va shaharchalari uchun devor bloklari, panellar, poydevorlar, zinapoyalar va boshqa silikatsit buyumlari tayyorlaydi. Bino, ko'prik, yo'l va boshqa inshootlar uchun barcha qismlar maxsus zavodlarda tayyorlanadi.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.