Qishloq xo`jaligi mashinasozligi 

7 838

 O'zbekiston iqtisodiyoti uchun an'anaviy ixtisosli sohalar hisoblangan paxta, pilla, kanop yetishtirish va ularni qayta ishlash qo'l mehnatini ko'p talab qiladi. Shu sababli qishloq xo'jaligining ixtisoslashgan sohalarini mexanizatsiyalashni ta'minlovchi, ya'ni yer haydash, ekin ekish va ishlov berish, hosilni yig'ib olish hamda tayyor xomashyoni qayta ishlashda qo'llanadigan mashina va asboblar ishlab chiqaradigan mashinasozlik tarmoqlari vujudga keldi. Endilikda bu tarmoqlar paxta yetishtiruvchi xorijiy mamlakatlarga ham mashina va mexanizmlar yetkazib bermoqda. 
 Toshkentdagi «Toshqishloqmash», «O'zbekqishloqmash» va Chirchiqdagi «Chirchiqqishloqmash» kabi zavodlar qishloq xo'jaligi mashinasozligining asosiy korxonalaridir. Bu zavodlar paxtachilik uchun traktor seyalkalari, kultivatorlar, g'o'zapoya yuladigan, ko'rak teradigan va chuviydigan, o'g'it aralashtiradigan, qishloq xo'jaligi zararkunandalarini yo'qotishda zaharli moddalarni purkaydigan mashinalar ishlab chiqaradi. 1994-yili O'zbek-Isroil qo'shma korxonasida paxta teradigan mashinaning yangi modeli yaratildi. 
 Suv omborlari, kanallar qurilishi va ularni loyqadan tozalashda, suvni yuqoriga ko'tarishda, umuman, irrigatsiyada qo'llaniladigan mashinalar ishlab chiqaruvchi irrigatsiya mashinasozligi ham agrosanoat majmuasi ehtiyojiga ko'ra vujudga keldi. Irrigatsiya mashinasozligining markazi Andijon viloyati hisoblanadi. 
 Paxtachilik rivojlangani sayin traktorlarga, paxta tashiydigan mashina va mexanizmlarga ehtiyoj orta bordi. Shuning uchun Toshkent traktor zavodi - TTZ (sobiq «Toshavtomash»)da universal traktorlar, paxtani qop-qanorsiz tashishga mo'ljallangan ag'darma tirkamalar ishlab chiqarila boshlandi. 
  Toshkent, Andijon, Samarqand va Kattaqo'rg'onda paxta tozalash hamda yog' sanoati uchun mashina va uskunalar ishlab chiqaruvchi mashinasozlik zavodlari joylashgan. Milliy iqtisodiyotda, ayniqsa, qishloq xo'jaligida mashina va mexanizmlar ko'plab qo'llanilayotganidan ularga ehtiyot qismlar yetkazib beradigan hamda sozlaydigan korxonalar deyarli barcha viloyatlarda barpo etilgan. Samarqanddagi «Paxtamash» zavodi ehtiyot qismlar ishlab chiqaradigan korxonalarning eng yirigidir. 
 Bog'dorchilik, uzumchilik va polizchilikda qo'llaniladigan mashina va moslamalar «O'rta Osiyoqishloqmash» birlashmasida ishlab chiqarilmoqda.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.