Dehqonchilik
Qishloq xo'jaligida dehqonchilikning
salmog'i katta. Qishloq xo'jaligi yalpi mahsulotining yarmidan ortiqrog'ini
dehqonchilik, qolgani esa chorvachilikdan olinadi.
Dehqonchilik dalachilik,
bog`dorchilik va uzumchilikdan iborat. Ekin turlari bo`yicha don ekinlari,
texnika ekinlari, yem-xashak, sabzavot, kartoshka va poliz ekinlari
xo`jaliklarga bo`linadi.
Ekinlar hosiliga o'simlikning
vegetatsiya davri, yorug'lik, issiqlik va namlikning yalpi miqdori ta'sir
ko'rsatadi. Vegetatsiya davri – sutkalik o`rtacha harorat +5 darajadan kam
bo`lmagan kunlar.
O'zbekistonda sug'orib dehqonchilik
qilish keng tarqalgan. Sug'oriladigan yerlar mamlakat yer boyliklarining 9,2
foizini tashkil etsa-da, qishloq xo'jaligida yetishtiriladigan yalpi
mahsulotning 98,5% i shu yerlarda yetishtiriladi.
Dehqonchilikda paxtachilik katta
o'rin egallaydi. O'zbekistonda asosiy texnik ekin bo'lgan paxta qishloq
xo'jaligining deyarli barcha sohalari va sanoatning ko'pgina tarmoqlari
yuksalishining bosh omilidir. U barcha texnik ekin maydonlarining 97 foizini
egallaydi.
Paxtachilik yuksala borgani sari
iqtisodiyotning turli tarmoqlari bilan uning ishlab chiqarish aloqasi kengayib,
paxtachilik majmuasi vujudga keldi. Paxta yalpi hosilini ko'paytirish uchun,
birinchidan, hosildorlikni oshirish zarur. Hosildorlikni oshirishda paxta
navlari hamda almashlab ekishni to'g'ri yo'lga qo'yish muhim ahamiyat kasb
etadi. Olimlar g'o'zaning ertapishar hamda vilt kasaliga chidamli navlarini
yaratdi. Natijada vegetatsiya muddati qisqaroq bo'lgan shimoliy mintaqalarda
ham paxta yetishtirilmoqda. Mutaxassislar chigitni plyonka ostiga ekish usulini
o'ylab topishdi. Andijon viloyatida amalga oshirilgan bu tajriba o'zini oqladi
va paxta boshqa viloyatlardagidan bir necha kun erta yetildi. Endilikda bu usul
boshqa viloyatlarda ham qo'llanilmoqda.
Paxta beda, makkajo'xori va sholi
bilan almashlab ekilsa, tuproq tarkibi yaxshilanadi, uning sho'ri kamayadi,
paxta kasallikka chalinmaydi. Beda, makkajo'xori ekilishi tufayli chorva
mollari uchun oziqa ham olinadi. Respublika iqtisodiyotining 70% dan ko'proq
tarmog'i texnologik jihatdan paxtachilik bilan bog'liq. Ayni vaqtda donli
ekinlar ekishni rivojlantirishga ham katta e'tibor berilmoqda. Mustaqillikka
qadar jami ekin maydonining 20 foiziga yaqin qismida donli ekinlar ekilgan
bo'lsa, endilikda donli ekinlar maydonlari hissasi 47 foizdan oshdi, natijada
mamlakatimiz don mustaqilligini ham qo'lga kiritdi.
Donning asosiy qismini bug'doy,
arpa, sholi, makkajo'xori va oq jo'xori tashkil qiladi. Bug'doy va arpa ko'proq
bahorikor yerlarga ekiladi. Qishning yumshoq va nam kelishi hamda bahorgi
yog'ingarchilik kuzgi g'alla uchun qulay sharoit yaratadi. Bug'doy bilan
arpaning kuzgisi lalmi bug'doy va arpaga qaraganda serhosil bo'ladi.
Donli ekinlar yetishtirishda
sholikorlik ham kattagina o'rin tutadi. Sholi vegetatsiya davri uzoq,
serquyosh, suvga mo'l yerlarda yaxshi o'sadi. U hosildorlik jihatidan faqat
makkajo'xoridan keyin turadi. Sholi Xorazm, Qoraqalpog'iston Respublikasi va
Toshkent viloyatida, Zarafshon va Farg'ona vodiylarida ko'p ekiladi.
Amudaryo quyi oqimi sohillaridagi
unumdor qo'riq yerlarni ishga solish va ularni sug'orish uchun suv boyligidan
foydalanish ko'plab sholi yetishtirish imkonini bermoqda. Endilikda
yetishtirilgan guruchni chetga eksport qilish imkoniyati tug'ildi.
O'zbekistonda ko'p yillik taran (teri oshlashda ishlatiladigan xomashyo), kanop,
zig'ir, kunjut, maxsar, tamaki ham o'stirilmoqda.
Sabzavotchilik va polizchilik
deyarli barcha viloyatlarda rivojlangan. U Toshkent, Samarqand, Andijon kabi
yirik sha-harlar atrofida katta maydonlarni egallaydi. O'zbekiston qovunlari
xushbo'y va shirinligi bilan qadimdan mashhur. Ular Xorazm, Buxoro va Sirdaryo
viloyatlari hamda Qoraqalpog'istonda ko'plab yetishtiriladi.
Bog'dorchilik va uzumchilik tabiiy
sharoit, xalqning asrlar bo'yi to'plagan boy tajribasiga muvofiq har bir
viloyatda alohida tarmoq sifatida ixtisoslashgan. Quva (Farg'ona viloyatida) va
Dashnobod (Surxondaryo viloyatida) anorlari, Andijon uzumi, Samarqand mayizi
azaldan mashhur. Xorazm, Buxoro viloyatlari hamda Qoraqalpog'istonda bog' va
tokzor maydonlar birmuncha kamroq. Sabzavot-poliz ekinlari, meva va uzumlar
mamlakatimizdan shimolda joylashgan yurtlardagiga nisbatan 60-70 kun erta
yetiladi. Demak, bu sohada ham O'zbekiston talay eksport imkoniyatlariga ega.
O'zbekistonda bog'dorchilik va uzumchilikka ixtisoslashgan 50 dan ortiq
xo'jaliklar bor. Ularning aksariyati o'zi yetishtirgan
mahsulotni shu yerda qayta ishlab, sharbat va konserva tayyorlaydi. Ana shunday
sanoat korxonalari bo'lgan xo'jaliklar negizida agrosanoat birlashmalari
vujudga kelmoqda.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.