Elektroenergetika 

16 012

  Milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish uchun elektr energiya ishlab chiqarishni boshqa tarmoqlarga qaraganda tezroq o'stirish lozim. Mamlakatda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyaning 90 foizini issiqlik elektr stansiyalari (IES) bermoqda. 
IES ancha tez va arzon quriladi. Hozirgi texnika imkoniyati bilan quvvati 6 mln kVt dan ham ortiq IESlar barpo etsa bo'ladi. 
 Iqtisodiyot uchun elektr energiya tannarxining past bo'lishi muhimdir. Elektr energiyaning tannarxi, avvalo, elektr stansiyalarda ishlatiladigan yoqilg'ini qazib olish va tashib keltirish xarajatlariga bog'liq. Shuning uchun elektr stansiya qurish uchun joy tanlanayotganda yoqilg'ini tashib kelishga va elektr energiyani uzatib berishga ketadigan xarajatlar qiyoslab ko'riladi. 
  Agar yoqilg'ini tashib kelish xarajati elektr energiyani uzatish xarajatidan ortiq bo'lsa, elektr stansiyani yoqilg'i manbayiga yaqin joyda qurish, agar energiyani uzatish qimmatga tushsa, uni iste'molchiga yaqin joyda qurish foydalidir. Elektr energiyani uzatish masofasi fan-texnika rivojlanishi bilan yil sayin uzayib bormoqda. Elektr energiyaning simlar orqali uzatilishi uning afzalliklaridan biridir. Iqtisodiyotning hamma jabhalarida elektr energiyadan foydalanilishi elektr energiyaning ikkinchi muhim afzalligidir. Mahalliy yoqilg'idan keng foydalanish mumkinligi uchinchi afzallik va nihoyat elektr energiyani qudratli elektr stansiyalarda ishlab chiqarish imkoniyati to'rtinchi afzallikdir. 
  Elektr energiya juda ko'p iste'mol qilinadigan joylarda elektr stansiyalar boshqa joylardan keltiriladigan yoqilg'iga mo'ljallab quriladi. IESlarning juda ulkanlari boshqa 
viloyatlarni ham elektr bilan ta'minlaydi va ular GRES deb yuritiladi. Mamlakatimizda Sirdaryo, Toshkent, Yangi Angren, Navoiy, Taxiatosh, Angren GRESlari mavjud. Birgina Sirdaryo GRESining o'zi yiliga 13 mlrd kVt /s elektr energiya beradi. 
  Istiqlol yillarida Qashqadaryo viloyatida quvvati 3,2 mln kVt bo'lgan Tallimarjon GRESining 800 megavattli birinchi blokining ishga tushirilishi tizimdagi ulkan loyihalardan biri sifatida e'tirof etildi. 
  Tallimarjon GRESida kelgusida yana uchta blok ishga tushirilishi mo'ljallanmoqda. Bu, o'z navbatida, korxona quvvati oshishiga, yana yuzlab ish o'rinlari yaratilishiga, eng muhimi, iqtisodiyot tarmoqlarining elektr energiyasiga bo'lgan ehtiyojini to'la qondirish, xonadonlarimizni esa yanada charog'on etishga xizmat qilishi bilan nihoyatda ahamiyatlidir. Ko'pchilik IESlar elektr energiya bilan bir vaqtda issiqlik energiyasi ham ishlab chiqaradi. Bunday elektr stansiyalar issiqlik elektr markazlari (IEM) deb ataladi. Masalan, Farg'ona  neftni qayta ishlash zavodining IEMi va hokazo. Ularda elektr energiya ishlab chiqarish jarayonida hosil bo'lgan issiq suvdan issiqxonalarni, binolarni isitishda va boshqa ishlab chiqarish ehtiyojlarida foydalaniladi. Lekin issiq suv 20 km dan olis masofada sovib qoladi. Shu sababli IEMlar yirik korxonalar yaqinida va yirik shaharlardagina quriladi. 
  Gidroelektr stansiyalar (GES)da energiya ishlab chiqarish tabiiy suv oqimi kuchiga asoslanadi. Binobarin, GESlar ishlab chiqargan elektr energiyaning tannarxi arzon bo'ladi (quvvati teng bo'lgan IESlardagidan 4 barobar arzon). Tog' daryolariga qurilgan GESlarda eng arzon elektr energiya ishlab chiqarilmoqda. 
 O'zbekistonda suv quvvati manbalarining mavjudligi va ayni vaqtda issiqlik elektr stansiyasida ishlatishga yoqilg'i bo'lmaganidan dastlab, asosan, GESlar qurilgan. Mamlakatimizda birinchi GES 1926-yili Bo'zsuv kanalida qurildi. Keyinchalik qurilgan Xishrav, Tuyamo'yin, Farhod, Xo'jakent GESlari mamlakat sanoatining rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etgan. O'zbekistonda GES qurish bilan bir yo'la elektr energiya ishlab chiqarish, yerlarni sug'orish, xo'jaliklarni suv bilan ta'minlash, baliqchilikni rivojlantirish imkoniyatlari yaraladi. 
 Tezoqar daryolarda GESlarni bir-biriga yaqin qurish mumkin. Natijada Chirchiq - Bo'zsuv energetika inshootidagi singari GESlar kaskadi (pog'onasi) shakllanadi. Bu kaskad GESlar soniga (19 ta) ko'ra jahonda oldingi o'rinlardan birini egallaydi. Mamlakatdagi jami IESlar bilan GESlarning soni 37 ta bo'lib, umumiy quvvati 11,2 mln kVt dan ortadi. 
  Elektr energiya hosil qilishning boshqa yo'llari. Dunyoning ayrim mamlakatlarida atom elektr stansiyalari (AESlar) qurilgan. Bu elektr stansiyalar urandan foydalanadi. 1 kg uran (shartli uran yoqilg'isi) 2,5 ming tonna ko'mir yonganda beradigan miqdorda issiqlik beradi. AESlar o'zining energetika bazasi bo'lmagan va yoqilg'i qimmat hamda elektr energiyaga ehtiyoj katta joylarda quriladi. AESlarda elektr energiya hosil qilish iqtisodiy va ekologik jihatdan samarali bo'lsa-da, ulardagi radiaktiv nurlanish bilan nosozlik yoki tasodif tufayli butun mavjudotni halok etishi mumkin. Masalan, Ukrainadagi Chernobil AESida 1986-yili ro'y bergan falokat oqibatida juda katta hudud radiaktiv nurlanish ostida qoldi. Uning asoratidan butun borliq hanuz aziyat chekmoqda. Tez-tez zilzila bo'ladigan O'zbekistonda esa AES qurish xatarli hisoblanadi. Shularga ko'ra AESlar bizda qurilmaydi. 
  Energiyaning yangi manbalarini topish va o'zlashtirish bo'yicha ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Ana shunday izlanish natijasi o'laroq Toshkent viloyatining Parkent tumanida Quyosh energiyasidan foydalanadigan «Fizika-Quyosh» inshooti qurib ishga tushirildi. Geotermal (issiq suv) va shamol energiyasidan elektr hosil qilish yo'lga qo'yilmoqda. 
 Elektrlashtirishning yuqori darajasi energetika tizimlarining bunyod etilishidir. Energetika tizimi tufayli yil fasllaridan va sutkaning qaysi vaqtidan qat'i nazar iste'molchilar elektr energiya bilan bir maromda ta'minlanadi. Turli xildagi elektr stansiyalarning yuqori voltli elektr uzatish liniyalari bilan birlashtirib, bir markazdan boshqarib turilishi energetika tizimi deyiladi.
  O'zbekistonning hamma viloyatlaridagi yirik elektr stansiyalari o'zaro birlashtirilib, yagona energetika tizimi bunyod etildi. O'rta Osiyo davlatlari aro elektr energiya import-eksporti O'zbekiston energetika tizimi vositasida qulay amalga oshmoqda. 
  Endilikda O'zbekistondagi jami elektr stansiyalarda yiliga Turkiyadagiga barobar, ya'ni 50 mlrd kVt /s ga yaqin elektr energiya hosil qilinmoqda. Uning 1/3 qismi qishloq xo'jaligida foydalanilmoqda. 
  O'zbekiston o'z ehtiyojidan ortgan elektr energiyani Tojikiston, Qozog'iston va Afg'onistonga eksport qilmoqda.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.