Yuklanmoqda...

Abdusami Soliyev 

905

Abdusami Soliyev
Abdusami Soliyev
(1943-2016)
  Xalq orasida jannatiy odamlar deb qanday kishilarni aytiladi deganda, "yaxshi bilimli shogirdlar tayyorlagan, xalqqa foydali ilmiy, badiiy, adabiy kitoblar yozgan, odamlarga foydasi tegadigan odobli, komil farzandlar tarbiyalagan, o’zidan mevali bog`lar qoldirgan kishilarga aytiladi”, degan ibora bor. O’zbekiston Geografiya jamiyati raisi, geografiya fanlari doktori, professor, marhum ustozimiz Abdusami Soliyev ana shunday jannatiy insonlardan biri edilar.
  Abdusami Soliyev 1943-yil 3-fevralda Tojikiston Respublikasi Sug`d viloyatining Isfara tumanida oddiy duradgor oilasida tug`ildi. Kulkent qishlog`idagi sakkiz yillik o’zbek maktabni bitirgandan so’ng 1957-yilda Konibodom, so’ngra Panjakent shaharlarida pedagogika bilim yurtini o’qib, boshlang`ich sinflar o’qituvchisi mutaxassisligini oldi. 1961-1962 yillarda Dushanbe shahri yaqinidagi maktabda o’qituvchilik qildi, o’zbek va tojik tillarida har xil fanlardan dars berdi.
 1962-1964-yillarda A.Soliyev Harbiy desant qo’shinlarida (Chirchiq sh.) askarlik xizmatini o’tadi. Xizmat davrida o’zining harbiy bilimi va intizomi bilan boshqa safdoshlaridan ajralib turardi. Bu haqda o’sha davrdagi Turkiston harbiy okrugi ro’znomasida askar Soliyev to’g`risida katta maqola e’lon qilingan edi. Xizmatga 6 oy to’lar-to’lmas, okrug qo’mondoni general I.Fedyunininskiydan tashakkurnoma olgan va muddatidan oldin ta’tilga jo’natilgan.
  Abdusami Soliyev 1964-yili sobiq Toshkent davlat – hozirgi O’zbekiston Milliy universitetining geografiya fakultetiga uning dekani – marhum ustoz No’g`mon aka Dolimov taklifi bilan o’qishga kirdi. U talabalik davrida faqat "a’lo” baholarga o’qidi, guruh sardori edi. O’sha davrdayoq ustozning ilmga qiziqishi sezilib turardi, u Dushanbe va Bishkek (avvalgi Frunze) shaharlarida bo’lib o’tgan O’rta Osiyo va Qozog`iston oliy o’quv yurtlari talabalarining ilmiy anjumanlarida qatnashib birinchi o’rinni olgan. "A’lochi” talaba – Soliyev haqida "Toshkent universiteti” ro’znomasida qator maqolalar e’lon qilingan edi.
  Universitetni imtiyozli diplom bilan tugatgach, uni Xo’jand, Angren pedagogika institutlari va O’zFA Geografiya bo’limiga ishga taklif qilishdi. Biroq, universitet rektori akademik S.H.Sirojiddinov va fakultet dekani professor H.H.Hasanov Abdusami Soliyevni istisno tariqasida bevosita aspiranturaga tavsiya qilishdi. Nomzodlik dissertatsiyasini ("Tojikiston shaharlarining shakllanishi va rivojlanishi”, ilmiy rahbar dotsent T.Raimov) aspirantura muddati tugamasidan tayyorladi va uni 1973-yilda himoya qildi.
  1973-1974-yillarda O’zbekiston Fanlar Akademiyasi qoshidagi "Ishlab chiqarish kuchlarini o’rganish kengashida” (SOPS) kichik ilmiy xodim lavozimida ishladi. Ana shu qisqa davrdagi faoliyati uning kelajakda yirik iqtisodchi geograf bo’lib yetishishida katta ahamiyatga ega bo’ldi. Yosh olim Kengashda O’zbekiston shaharlarining muammolari bilan shug`ullandi, akademiklar S.K.Ziyodullayev, K.N.Bedrinsev, K.I.Lapkinlar bilan birga ilmiy tadqiqot olib bordi. Ta’kidlash joizki, aynan shu davrdagi faoliyati iqtisodiy geografiya – mintaqaviy iqtisodiyot haqidagi bilimlariga zamin yasadi.
  1974-yil oktyabrida Abdusami Soliyev yana universitetga, o’zining geografiya fakultetiga ishga taklif qilindi. U o’zi bitirgan iqtisodiy geografiya kafedrasida avval katta o’qituvchi, 1979-yildan dotsent lavozimida ishlab keldi. 1984-yilda universitet rektori – akademik S.X.Sirojiddinov A.Soliyevni mazkur kafedraning mudirligiga tavsiya qildi. U ushbu vazifani 2010 yilgacha, ya’ni salkam 26 yil davomida bajarib keldi.
  Mudir – Abdusami Soliyev kafedraning o’quv, o’quv-uslubiy va ilmiy tadqiqot ishlariga, ilmiy pedagogik salohiyatini mustahkamlashga katta e’tibor qaratdi. Kafedrada magistratura, aspirantura va doktorantura mavjudligi ham bevosita A.Soliyev tashabbusiga bog`liq. U iqtisodiy va ijtimoiy geografiya fanlarini universitetning boshqa fakultetlarida (falsafa, jurnalistika, tarix, biologiya va b.) o’qitilishini tashkil qildi, ularning dasturlarini tayyorladi va o’zi dars berishni boshlab bergan edi. Geografiya fakultetida esa, u asosiy va maxsus fanlardan yuqori pedagogik mahoratda talabalarga saboq berib kelmoqda. Unda kasbiy mohirlik va olimlik o’zaro mujassamlangan edi.
Abdusami Soliyev 1986-yilda sobiq Ittifoq FAning Geografiya institutida o’zining "O’rta Osiyo respublikalari aholisining joylanish omillari va qonuniyatlari” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi, 1989 yildan umrining oxirigacha professor lavozimida faoliyat yuritdi.
  1995-yilda A.Soliyev Xitoy Xalq Respublikasi Sinzyan-Uyg`ur avtonom respublikasi taklifiga binoan bir oy davomida Urumchi universiteti talaba va tadqiqotchilariga iqtisodiy va ijtimoiy geografiyaning zamonaviy muammolari bo’yicha turkum ma’ruzalar o’qidi. Shuningdek, u Qozog`iston Milliy universiteti, O’sh, Janubiy Qozog`iston (Chimkent), Krasnoyarsk davlat universitetlarida ham dars bergan. O’zimizning respublikamizda esa professor Abdusami Soliyev Samarqand, Nukus, Andijon, Buxoro, Namangan, Urganch, Farg`ona, Qarshi universitetlarida, Toshkent viloyati (Angren) hamda Navoiy, Qo’qon va Jizzax pedagogika institutlarida ma’ruzalar o’qigan. U universitetning sobiq rektori akademik To’rabek No’monovich Dolimov tavsiyasi bilan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universitetida ham 1994-1998 yillarda o’rindosh sifatida dars bergan. Biroq, qanchalik takliflarga, va’da qilingan lavozimlarga qaramasdan A.Soliyev o’zining jonajon universitetiga sodiq qoldi, uni tark etmadi.
  Abdusami Soliyev butun umri mobaynida katta metodik ishlarni ham bajardi. U Respublika Ta’lim markazi kengashining a’zosi, O’zbekiston xalq ta’limi a’lochisi sifatida umumta’lim maktablarning o’qituvchilariga ma’ruzalar o’qir edi. Maktab o’quvchilariga darslik va kartalar yaratishni esa o’zining muqaddas burchi deb bilardi. A.Soliyev VIII sinflar uchun darslik, kollej va akademik litseylar uchun o’quv qo’llanma va darsliklar yozgan.
  1998-yilda professor Abdusami Soliyevning tashabbusi bilan O’zbekistonda ilk bor Milliy universitetning geografiya fakultetida "Mintaqaviy iqtisodiyot” yo’nalishi ochildi va uch yil davomida unga talabalar qabul qilindi. O’zi esa mustaqil mamlakatimizda dastlabki mintaqaviy iqtisodiyot va mintaqaviy siyosat bo’yicha ilmiy ishlar, o’quv qo’llanmalar yaratdi. A.Soliyev qator mintaqaviy, respublika va xalqaro ilmiy anjumanlar, shuningdek, 1976-yilda Moskvada bo’lib o’tgan Xalqaro geografik kongress ishtirokchisi edi.
   Pedagog, tashkilotchi, rahbar Abdusami Soliyev ayni vaqtda katta olim ham edi. U 350 ga yaqin ilmiy ishlar nashr ettirgan, shundan 40 dan ortig`ini risola, uslubiy ko’rsatma, ma’ruzalar matni, o’quv qo’llanma va ilmiy monografiyalar tashkil qiladi.
  Professor A.Soliyev chinakam fan fidoiysi, u iqtisodiy va ijtimoiy geografiya fanining fundamental va frontal rivojlanishiga katta hissa qo’shgan. Jumladan, sotsial geografiya, tarixiy geografiya, jinoyatchilik, fan va ilmiy tadqiqot, tibbiyot, turizm geografiyasi kabi noan’anaviy yo’nalishlarga respublikada asos soldi.
  Abdusami Soliyevning ilmiy rahbarligida 40 taga yaqin fan nomzodi tayyorlangan, ulardan Xitoy Xalq Respublikasi, Tojikiston, Rossiya Federatsiyasi, Qozog`iston fuqarolari ham bor. Shuningdek, uning ilmiy rahbarligida 4 nafar fan doktori tayyorlangan. Professorning shogirdlari turli millat vakillariga mansub: o’zbeklardan tashqari, xitoy, qozoq, qirg`iz, tatar, tojik, ukrainlar ham bor. A.Soliyevning 6 shogirdi iqtisod fanlari nomzodi ilmiy darajasini olgan. Hozirgi kunda uning rahbarligida yetishib chiqqan yosh olimlar turli nufuzli davlat tashkilotlarida, ilmiy tadqiqot institutlari va oliy o’quv yurtlarida ishlab kelishmoqda. Shu o’rinda aytish joizki, professor A.Soliyev o’zining el-yurt tanigan va tan olgan maktabini yaratgan edi.
  Abdusami Soliyev serqirra olim edi. Uning ilmiy asarlari iqtisodiy geografiya va mintaqaviy iqtisodiyot fanlarining nazariy va amaliy masalalari, shaharlar geografiyasi va urbanizatsiya, sanoat geografiyasi, iqtisodiy rayonlashtirish va mintaqaviy siyosat, ijtimoiy geografiya muammolariga bag`ishlangan.
 Professor A.Soliyev 1989-2001-yillarda geografiya fakultetidagi ixtisoslashgan kengashda raislik qilgan, 1998-2010-yillarda u Qozog`iston va Qirg`iziston Milliy universitetlari Ixtisoslashgan kengashining a’zosi bo’lgan. 2010-yildan umrining oxirigacha ustoz O’zGidromet qoshidagi ixtisoslashgan kengashning a’zosi, shu bilan birga Ashxobod shahrida (Turkmaniston) chiqadigan xalqaro "Problemы osvoyeniya pustыn” ilmiy hamda "Turkiy tilli davlatlar” (Almati) o’quv-uslubiy jurnallarining tahririyat a’zosi, O’zbekiston Geografiya jamiyati axborotining bosh muhurriri sifatida ham faoliyat ko’rsatib keldi.
   Abdusami Soliyev universitetning jamoatchilik ishlarida ham faol qatnashgan, ko’p yillar davomida O’zMU katta Ilmiy kengashining a’zosi bo’lgan. Ustoz nafaqat yuksak ilm sohibi, balki to’rt farzandning mehribon otasi, bir nabiraning suyukli bobojonisi edi.
  U 1995-yilda O’zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 4 yilligi munosabati bilan "Shuhrat” medali bilan mukofotlangan, 2000 yilda Abdusami Soliyevga "Xalq ta’limi a’lochisi”, 2001 yilda esa universitet tabiiy fakultetlari orasida "Eng yaxshi kafedra mudiri” unvoni berilgan. Professor A.Soliyevni - O’zbekiston Geografiya jamiyati prezidentini katta olim sifatida nafaqat O’rta Osiyo va Qozog`iston, balki Rossiya, Ukraina va boshqa MDH mamlakatlarida ham yaxshi tanishardi va hurmat qilishardi.
 2016-yilning 18-mart kuni O’zbekiston Geografiya jamiyati raisi, shogirdlari va talabalarining sevimli ustozi, geografiya fanlari doktori, professor Abdusami Soliyev vafot etdi. Ustozning oxiratlari obod, ruhlari shod bo’lsin! 
Mamatqodir NAZAROV,
Mirzo Ulug`bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti
geografiya kafedrasi dotsenti, geografiya fanlari nomzodi,
Shuhrat QURBONOV,
O’zMU geografiya kafedrasi katta o’qituvchisi.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash