Yuklanmoqda...

Magellan izdoshlari 

840

  Har bir inson o`z umri davomida ma’lum bir masofani piyoda bosib o`tadi. Ammo bu masofaning qanchaga tengligi har bir kishini qiziqtirishi tabiiy.
 Ushbu savolga javob topish maqsadida o`tkazilgan izlanishlar natijasida olimlar turli transport xizmatlarining rivojlanishi sababli inson harakatlanish faolligining hozirgi vaqtda birmuncha pasayganligi haqidagi xulosaga kelishdi. Hisob-kitoblarga ko`ra, XX asr boshlarida inson o`z hayoti davomida o`rtacha 75 ming km yoki Yer sharini ekvator bo`ylab qariyb ikki marta aylanishga teng masofani bosib o`tgan bo`lsa, hozirgi kunda bu masofa o`rtacha 24 ming km. ga teng. Shunisi xavotirliki, insonning o`rtacha piyoda yurish masofasi yil sayin qisqarishda davom etmoqda. Shu ning uchun ham asr kasalligi nomini olgan kamxarakatlilik natijasida sayyoramizda ortiqcha vaznga ega bo`lgan kishilar soni tobora ko`payib bormoqda.
  Ammo Yer yuzida yashaydigan aholi, shu jumladan, umuman harakat qilish imkoniyatidan mahrum kishilar ham kitob o`qiyotganda, darsda o`tirganda, televizor ko`rayotganda va hatto, uxlayotgan paytda ham mutloq tinch turmasdan, quyidagi uch harakat ta’sirida bo`ladilar.
  Birinchidan, Yer sharining o`z o`qi atrofida aylanishi tufayli biz o`zimiz bilmagan holda ekvatorda soatiga 1700 km, O`zbekistan joylashgan kengliklarda esa o`rtacha 900 km tezlikda harakatlanamiz va bir sutka davomida o`ziga xos bo`lgan dunyo bo`ylab aylanma sayohatni amalga oshiramiz.
  Ikkinchidan, sayyoramiz katta bir fazoviy kema sifatida sekundiga 30 km tezlikda Quyosh atrofida aylanadi va uchinchidan Quyosh tizimi Galaktikamiz markaziga nisbatan sekundiga 220 km tezlik bilan harakatlanadi.
  Ammo shunday kishilar borki, ular o`zlarining tinib-tinchimas sayyoh ekanliklarini amalda isbotlaydilar. Biz Yer shari bo`ylab ilk aylanma dengiz sayohatini portugal sayyohi F.Magellan amal­ga oshirganligini 5-sinf geografiya darsligidan yaxshi bilamiz. Shu bois, keyinchalik Yer shari bo`ylab amalga oshirilgan aylanma sayohatlarning aksariyati kengliklar yo`nalishida sharqdan g`arbga yoki aksincha amalga oshirilgan.
  Ammo Buyuk Britaniyalik sayyohlar R.Feyns va Ch.Berton Yer shari atrofida aylanma sayohatning odatda amalga oshiriladigan yo`nalishini o`zgartirishgan. Jumladan, ular 1979-1982-yillar da­vomida dunyoda birinchi bo`lib Yer shari atrofini meridian bo`ylab aylanib chiqishgan.
  1979-yil 2-sentyabrda sayyohlar Temza daryosidan «Benjamin Boring» («Benjamin zerikmoqda»), deb nomlangan kichik kemada yo`lga chiqishgan va nolinchi meridian bo`ylab janubga yurishgan. Fransiyaning shimoliy qirg`o`laridan boshlab ushbu mamlakat, keyin Ispaniya hududini quruqlik orqali piyoda kesib o`tdilar. So`ng yo`llari Sahroi Kabir orqali Jazoirdan Kot d'Ivuar poytaxti Abidjan shahrigacha davom etgan. So`ng sayyohlar yana kemaga o`tirib, Janubiy Afrikadagi Keyptaun shahriga yetib olishdi.
  Keyptaun shahridan Atlantika okeanini kesib o`tgan sayyohlar Antarktida qirgoqlaridagi Modalar Qirolichasi Yeriga yetib kelishgan. Maxsus tayyorlangan qorda yuradigan motorli moslamalarda sayyohlar Janubiy qutb tomon yo`l olib, 1980-yil 16-dekabrda ja­nubiy geografik qutbda joylashgan «Amundsen-Skott» stansiyasiga yetdilar. Sayyohlar hammasi bo`lib 66 kunda Antarktidani kesib o`tib, materikning boshqa chekkasidagi Viktoriya yeri qirgoqlarigacha yetib kelishgan. So`ngra shu yerdagi Ader burnidan sayyohlar o`z kemalarida 180-meridian bo`ylab Yangi Zelandiyaga jo`nadilar.
  Yangi Zelandiyadan kemada yo`lga chiqqan sayyohlar Tinch okeanini kesib o`tib, AQShning Los-Anjeles shahriga kelishdi. AQSh va Kanadaning Tinch okeani qirgoqlari bo`ylab suzgach, Alyaskadagi Yukon  daryosining quyilish joyi orqali Jek London asarlaridan yaxshi tanish bo`lgan oltin izlovchilar shahri Dousonga yetib oldilar. Bu yerdan Makkenzi daryosining quyilish joyidagi Inuvik shaharchasiga sayyohlar piyoda borishgan. So`ng, motorli qayiqda Kanada arxipelagining shimoliy oroli Elsmirga kelib, shu yerdagi Alert shaharchasida qishladilar. Elsmir orolidan sayyohlar shimoliy qutbga tomon yo`l olishgan va unga 1982-yil 11-aprelda yetib borishgan.
  Ekspeditsiyaning oxirgi bosqichida R.Feyns va Ch.Berton 99 kun suzuvchi muz ustida harakat qilib, Shpitsbergen orollariga yetib ol­dilar. Shpitsbergenga yaqin joyda sayyohlar yana o`zlarining «Benja- min Boring» kemasiga o`tirib, shimoliy dengizlar orqali 1982-yil 29-avgustda Londonga qaytib kelishdi.
Uch yil davom etgan ushbu sayohat davomida sayyohlar 56325 km masofani bosib o`tishgan. O va 180-meridian bo`ylab harakatlangan sayyohlar Yevropa, Afrika, Atlantika okeani bo`ylab Antarktidaga, ya’ni Janubiy qutbga yetib, Tinch okeani, Shimoliy Amerikaning Tinch okeani qirgoqlari va Shimoliy muz okeani orqali Shimoliy qutbni zabt etdilar.
  Yer sharini piyoda aylanib chiqqan sayyohlar soni ham talaygina. «Ginnessning rekordlar kitobi»da yozilishicha, ulardan birinchisi amerikalik sayyoh Jorj Metyu bo`lib, u sayyoramizni 1897-1904-yillar davomida aylanib chiqqan. Ammo yana bir amerikalik sayyoh D.Kanet Yer sharini piyoda birmuncha qisqa muddatda – 1970-yil 20-iyundan 1974-yil 5-oktyabrgacha aylanib chiqqan. U to`rtta kontinent- dagi bir necha mamlakatlarda bo`lib, o`z sayohati davomida 22 juft poyafzalni ishdan chiqargan.
  AQShning Oxayo shtatidan 32 yoshli Stiv Nyumen 4 yil davomi­da (1983-1987) bir o`zi 36200 km yo`l bosib, Yevropa, Afrika, Osiyo, Avstraliya va Shimoliy Amerikaning 22 mamlakati orqali Yer yuzini piyoda aylanib chiqqan. Shimoliy Amerikadan Irlandiyaga, Osiyodan Avstraliyaga va u yerdan Shimoliy Amerikaga bo`lgan oraliqda samolyotda uchgan bo`lsa-da, S.Nyumen ko`rsatilgan qit’alarning ichkari qismlarini to`liq piyoda bosib o`tgan. Uning bu sayohati davomi­da qadamni o`lchaydigan asbob 40 million qadam bosib o`tilganini ko`rsatgan. U o`zi bo`lgan har bir shaharda uning yo`l jurnaliga imzo va rasmiy muhr qo`yib berishlarini iltimos qilardi.
  S.Nyumen bilan musobaqalashish va undan o`zish maqsadida AQShlik sayyoh D.Kanet 1987-yil dekabrda yangi sayohatini boshlagan. Bu safar u ekvatorning quruqlik qismi bo`ylab 23300 km masofani bosib o`t­gan. U mazkur sayohat davomida to`rtta qit’adagi dunyoning 13 ta mamlakatida bo`lib, Yer sharini birmuncha tezroq, ya’ni 4 yilu 3 oyu 16 kun davomida aylanib chiqib, 21 juft poyafzalni kiyib tugatgan.
Angliyalik jurnalist G.Uilson birinchi bo`lib, Yer shari atrofini yugurib aylanib chiqish maqsadida 1986-yilning 1-mayidan boshlab 30 ming km masofani bosib o`tgan. U safari davomida qator mamlakatlarni videotasmaga tushirgan, dam olish vaqtlarida sayohat natijalarini keyinchalik yozishni rejalashtirgan «Yer shari bo`ylab yugurib» nomli kitobida foydalanish uchun kurgan-kechirganlarini kundaligiga qayd etib borgan.
Ammo dunyoda birinchi bo`lib Yer sharini yugurib aylanib chiqishga ahd qilgan ingliz jurnalistining rejasi amalga oshmay qoldi. Chunki safarining oxirgi bosqichida, ya’ni AQShdagi Nyu-York shahri markazidan yugurib o`tayotganda, sayyohni kuzatib kelayotgan avtomobilni noma’lum bosqinchilar to`dasi tunab ketgan. Shu tariqa G.Uilson kiyimsiz, pulsiz, hujjatsiz qolgan. Bo`lajak kitobi uchun yiqqan barcha fotosuratu videofilmlari ham o`g`irlab ketilgandi.
  Fransuz talabasi Iv Bonne Yer sharini 1500 kunda velosipedda aylanib chiqib, 75000 km masofani bosib o`tgan. Ammo Yer shari atrofi bo`ylab amalga oshirilgan eng uzoq muddatli - 17 yillik velomarafon 640 ming km masofani bosib o`tgan angliyalik sayyoh U.Stoulga tegishli.
  Shuningdek, hindistonlik sayyoh A.Kumarning Yer shari bo`ylab mototsikldagi 1971-yilda boshlangan sayohati 16 yil davom etgan va u 400 ming km.ni bosib o`tib, dunyoning 150 dan ortiq mamlakatida bo`lgan. Suriyalik chavandoz A.Azau esa 1982-1986-yillarda birin­chi bo`lib Yer sharini otda aylanib chiqib, 35 ming km masofani bo­sib o`tgan.
  Italiyaning Turin shahridan bo`lgan D.Rikatto 1962-yilda motorollerda O`rtayer dengizi mamlakatlarini aylanib chiqqach, sayohat qilish uning hayoti mazmuniga aylangan. Sayyoh shundan keyin 15 oylik Yer shari bo`ylab aylanma dengiz sayohatiga chiqqan. Sayohatlari davomida juda ko`p ob’ektlarni suratga tushirgan va hozirda uning arxivida 130 mingdan ortiq fotosurat mavjud. Dunyo xaritasida 60 yoshlar arafasidagi D.Rikattoning bormagan mamlakati yo`q va u barcha sayohatlari davomida 3 million kilometrdan ortiq yo`lni suv, havo va quruqlik orqali bosib o`tgan.
  Samolyotda Yer shari bo`ylab qilingan eng ajoyib sayohat belgiyalik Bruno Lionenga tegishli. U 11 oy davomida Yer atrofini samo­lyotda ikki marta aylanib chiqib, 52 mamlakatdagi 109 ta shaharda bo`lgan. Shuning uchun mazkur sayyoh dunyodagi eng uzun va eng og`ir aviachiptaning sohibi bo`lgan. Uning ushbu sayohatiga sotib ol­gan aviachiptalarning uzunligi 13 metr va og`irligi 1 kilogramm bo`gan.
  1986-1987-yillarda Kanadada «Yil odami», deb tan olingan vankuverlik Rik Xansen esa misli ko`rilmagan jasorat ko`rsatgan. U 26 oy, ya’ni 1985-yil 21- martdan 1987-yil 22-maygacha 40 ming km masofani bosib o`tib, dunyoning 34 ta mamlakatida bo`lgan. Sayohat qilish oddiy hol bo`lgan XX asr oxirida bu sayyoh qanday jasorat ko`rsatgan ekan, dersiz. R.Xansen ushbu sayohatidagi 40074 km ma­sofani nogironlar aravachasida bosib o`tgan. R.Xansen o`zining safari davomida olgan taassurotlarini «Harakatdagi odam» kitobida batafsil yozgan.
  Yer shari bo`ylab aylanma sayohatlar haqida gap ketganda, albatta, barchaning ko`z oldiga birinchi navbatda mashhur yozuvchi-geograf Jyul Vernning «Dunyo bo`ylab 80 kun» asari keladi. Mazkur asar asosida suratga olingan badiiy filmning bosh qahramoni, olim va ixtirochi Fileas Fog va taniqli kinoaktyor Jeki Chan obrazini talqin etgan uning yordamchisi Pasportuning sarguzashtlarga boy safari muxlislarga juda yaxshi tanish. Ular dengizda, havo sharida, poyezdda, velosipedda va hatto, ot-aravada harakat qilgan holda Yer sharini 80 kunda aylanib chihib, Britaniya Fanlar Akademiyasi rahbarini baxsda yutib chiqishadi.
  Mazkur sayohat amalga oshirilgan XIX asrdagi kemalarning o`rtacha tezligi 15 uzel (25-27 km/soat) bo`lib, Atlantika okeanining eng tor qismini (2830 km) 113 soat yoki 4,5 kunda, Tinch okeanini ekvator bo`ylab (17 OOO km) 680 soat yoki 28,8 kunda suzib o`tishi mumkin edi. Hozirgi zamonaviy tezyurar kemalar esa (tezligi 300 uzel yoki 555 km/soatgacha) Atlantikani 5-6 soatda, Tinch okeanini esa 30 soatda kesib o`tishi mumkin.
  Ma’lum bo`lishicha, tezlik imkoniyatlari tobora oshib borayotgan XXI asrda Fileas Fog va uning yordamchisi yurgan transport vositalaridan foydalanib 80 kunda Yer shari bo`ylab aylanma sayohatni amalga oshirishning iloji yo`q ekan. Bundan tashqari, hozirgi vaqtda nafaqat Jyul Vern asarida keltirilgan yo`nalishlardagi reyslar, balki transport vositalarining ko`pchiligi mavjud emas, borlari ham uzoq tarixda qolgan.
  Bir guruh ingliz geograflari dunyoga mashhur «Kuk» va «Lloyd» dengiz va temir yo`l kompaniyalari bilan birgalikda tadqiqot o`tkazdilar. Unga ko`ra, agar istisno tariqasida asarda tasvirlangan transport vositalari va yo`nalishlar barpo etilgan taqdirda ham, Fileas Fogning rekordini takrorlashga ahd qilgan sayyoh garovda yutqazgan bo`lardi. Chunki asarda ko`rsatilgan ma’lumotlarning ko`pchiligi yozuvchining ijodiy fantaziyasi bo`lib, amalda xuddi shu yo`l bilan yurgan sayyoh Yer sharini 80 kunda emas, balki 102 kunda, ya’ni 22 kun kechikib, bosib o`tishi mumkin ekan.
  Londonda chop etiladigan «Sandey tayme» ruznomasi mutaxassislarining xulosasi xam J. Bern asaridagi ma’lumotlarning xakikatdan birmuncha yiroq ekanini tasdiklaydi. Londonlik jurnalistlar hozirgi vaqtda mavjud zamonaviy transport yo`nalishlari va davlatlar o`rtasidagi chegaralardagi rasmiyatchiliklarga ketadigan vaqtni o`rganish natijasida Fileas Fogning sayohatini 202 kunda bosib o`tish muhim, degan xulosaga kelishdi. Bundan tashqari, hisob-kitoblarga ko`ra, hozirgi vaqtda Yer shari bo`ylab aylanma sayohatni amalga oshirish xarajatlari ham J. Bern asaridagi voqealar kechgan XIX asrga nisbatan 30 barobarga oshib ketgan.
  Ammo mutaxassislarning fikricha, agar bitta, tez yuradigan transport vositasidan, masalan, avtomobildan foydalangan taqdirda, Yer sharini J.Bern qahramonlari rekordidan qisqaroq vaqtda aylanib chiqish mumkin ekan. Buni amalda isbotlagan sayyohlar ham bor. Jumladan, 1992-yilning bahorida hindistonlik er-xotin Saolo va Ninis Choudrilar 40500 km masofani Yer shari bo`ylab avtomobilda 39 sutka 7 soat 15 daqiqada bosib o`tishga muvaffaq bo`lishgan. Sayyohlar turli ob-havo injiqliklariga (jazirama issiq, qattiq sovuq, qor, yomg`ir, qalin tuman) qaramasdan, kuniga 1200 km.dan ziyod masofani bosib o`tishgan. «Dunyo bo`ylab 80 kun» asari qahramonlaridan ikki karra tezroq harakat qilgan hindistonlik sayyohlarning ushbu sayohati «Ginnessning rekordlar kitobi»ga kiritilgan.
  Er-xotin Choudrilarning ta’kidlashlaricha, mazkur sayohatning eng qiyin qismi Avstraliyada kechgan. Ushbu materikda kengurularning nihoyatda ko`pligi va to`satdan yo`lga sakrab chiqib qolishi xavfi tezlikning kamayishiga sabab bo`lgan. Avstraliya yo`llarida «Ehtiyot bo`ling, kenguru», deb nomlangan ogohlantiruvchi yo`l belgisini ko`plab uchratishi mumkin. Bunga nafaqat mahalliy aholi, bal­ki sayyohlar ham ko`nikib ketishgan. Ma’lumotlarga qaraganda, yashil qit’ada bir yilda sodir bo`ladigan 20 mingga yaqin yo`l-transport hodisalarining 70 foizdan ziyodi, aynan, avtomobillarning kengu­ru bilan to`qnashib ketishi tufayli sodir bo`larkan.
  Bundan tashqari, hindistonlik sayyohlar safari yo`nalishi o`tadigan mamlakatlarning hukumatlari bilan oldindan kelishib olingani tufayli qisqa muddatda Yer shari bo`ylab sayohatni amalga oshirishgan. Anglaganingizdan turli davlat chegaralarini kesib o`tish chog`ida Choudrilar ortiqcha vaqt yo`qotishmagan. Keyin hindistonlik sayyohlar F.Fog va yordamchisi Pasportu kabi bir transportdan ikkinchisiga o`tish uchun ham vaqt sarflashmagan. Shu bois ham avtomobilda Yer shari bo`ylab sayohat qilgan er-xotin sayyohlar o`ziga xos rekord o`rnatishga muvaffaq bo`lishgan.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash