Rahmonbek Rahimbekov 

3 834

RAHMONBEK RAHIMBEKOV
(1937 – 1995)
O'zbekiston geograflari o'rtasida yurtimiz zaminida geografik bilimlar rivoji va geografik tadqiqotlar tarixi bilan shug'ullangan olimlar sanoqli desak, xato bo'lmaydi. Jumladan, professor H.Hasanov boshlab bergan O'rta Osiyo, jumladan, O'zbekiston tabiatini geografik jihatdan o'rganish tarixiga oid masalalarda A.Azatyan, R.Yugay, Z.Dontsova, I.Inog'omov, O.Bo'riev kabi olimlar ilmiy izlanishlar olib borishgan. Ammo bu borada qator salmoqli asarlarni yozib qoldirgan va o'zi hayotini O'zbekistonda geografik bilimlarning rivojlanish tarixiga bag'ishlagan geografiya fanlari doktori, professor Rahmonbek Umarbekovich Rahimbekovning alohida o'rni bor. Olim o'zining ilmiy tadqiqotlari bilan nafaqat O'zbekiston, balki butun O'rta Osiyo tabiatini o'rganish bo'yicha amalga oshirilgan geografik tadqiqotlarning qator jihatlarini ochib berdi.
 
R.Rahimbekov 1937-yilning 6-iyunida Toshkent viloyatining Zangiota tumaniga qarashli Qatortol qishloq fuqarolar yig'inida (hozirda Toshkent shahar Chilonzor tuman Qatortol mavzesi) tavallud topgan. Onasining ma'rifatli ayol bo'lgani Rahmonbek aka hayot yo'lining shakllanishida muhim rol o'ynadi. Asosiy mashg'uloti tadbirkor bo'lgan Rahimbekovlar oilasining erkak a'zolari XX asrning 20–30-yillaridagi qatag'on yillarida quloq qilinib, boshqa yurtlarga ko'chirib yuborilgan. Ular orasidan faqat birmuncha yosh bo'lgan Umarbek aka quloq qilinishdan saqlanib qolgan. Ammo Rahimbekovlar oilasining qolgan a'zolariga Toshkent shahrining Xadra mavzesidagi hovlisida yashashga ruxsat berilmay, ular Toshkent viloyatidagi dala hovliga ko'chib o'tishga majbur bo'lishgan.
 
Ikkinchi jahon urushi boshlangach, Umarbek ota birinchilar qatori frontga jo'nagan va urushdan 11 yil deganda, ya'ni 1952-yilda uyga qaytgan. Otasini 4 yoshida urushga kuzatgan jajji Rahmonbek uni 15 yoshli navqiron yigit sifatida kutib oldi. Bo'lajak olim otasidan insoniylikning eng muhim qirralarini asrab-avaylash va hayotda ularga doim rioya qilib yashash kabi hayot saboqlarini o'rgandi.
 
Otasining erta vafoti natijasida oila tashvishlari asosan oilada to'ng'ich farzand bo'lgan yosh Rahmonbekning elkasiga tushdi. Shunday bo'lsa-da, u hammavaqt kitob o'qishga vaqt topar, barcha fanlardan «a'lo» o'qishga harakat qilar edi. U 1955-yilda o'rta maktabni «a'lo» baholarga bitirib, O'rta Osiyo Davlat (hozirgi O'zbekiston Milliy) universitetining Geografiya fakultetiga o'qishga kirdi. Universitetda o'qib yurgan vaqtlaridayoq, O'rta Osiyo tabiatini o'rganish tarixi masalalari bilan jiddiy shug'ullanib, bu borada ustoz olimlar H.Hasanov, O.Poslavskaya va Z.Dontsovalardan tajriba o'rgandi.
 
1960-yilda universitetni tabiiy geografiya ixtisosi bo'yicha muvaffaqiyatli tugatgach, iqtidorli mutaxassis «O'qituvchi» nashriyotiga ishga yuborildi. Ushbu dargohda tabiiy fanlar bo'yicha nashr etiladigan adabiyotlarga mas'ul tahririyatda 1960–1963 yillarda muharrir sifatida faoliyat olib bordi. Tahririyatda ishlab yurgan vaqtida ham ba'zi bir ilmiy ishlanmalar ustida qalam tebratgan yosh ijodkor geografiya ilmi sir-asrorlarini chuqurroq o'rganish maqsadida 1963-yilda Toshkent Davlat universitetining Geografiya fakultetiga aspiranturaga o'qishga kirdi. 1966-yildan o'z faoliyatini shu fakultetda davom ettirib, O'rta Osiyodagi geografik tadqiqotlar tarixiga oid talabalik yillaridayoq boshlagan ilmiy izlanishlarini rivojlantirdi.
 
Olib borilgan tadqiqotlarning natijasi sifatida 1969-yilda dotsent Z.Dontsova rahbarligida «O'rta Osiyo tabiatini o'rganishda O'rta Osiyo Davlat universitetining roli» mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Shundan so'ng ustoz o'zining ilmiy-pedagogik faoliyatini O'rta Osiyoda geografik va ekologik tadqiqotlar tarixini o'rganishga bag'ishladi. Pedagogik faoliyatni faol ilmiy tadqiqotlar bilan birga olib borib, 1989 yilda «O'rta Osiyo ekologiya-geografiya maktabi va tabiiy geografik g'oyalarining rivojlanishi» mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini Moskvada sobiq Ittifoq Fanlar Akademiyasining Tabiiy fanlar va texnika tarixi institutida muvaffaqiyatli himoya qildi.
 
R.Rahimbekovning tashabbusi va faol ishtiroki bilan ToshDU (hozirgi O'zMU) tarkibida «Umumiy ekologiya» kafedrasi tashkil etilib, u umrining oxiriga qadar ushbu dargohning rahbari va professori lavozimlarida faoliyat olib borgan. Olimning ilmiy tadqiqot ishlarida O'rta Osiyoda, jumladan, O'zbekistonda geografiya va ekologiya fanlarining rivojlanishi, o'lka tabiatini o'rganish jarayonida shakllangan asosiy ilmiy yo'nalish va maktablar faoliyati, tabiatshunos - geograf olimlarning ilmiy merosi qiyosiy-tarixiy hamda nazariy metodologik jihatdan atroflicha tahlil qilingan. O'zbekistonning qator taniqli geograf olimlari kabi R.Rahimbekov ham ko'pqirrali mutaxassis edi. Uning ilmiy-pedagogik faoliyatida quyidagi asosiy yo'nalishlarni alohida ajratib ko'rsatish mumkin.
 
Geografiya tarixi va nazariyasi. R.Rahimbekov o'zining ilmiy tadqiqotlari natijasida «Geografiya tarixi va metodologiyasi» o'quv predmetining dasturini ishlab chiqib, uni barcha universitetlarda o'qitish uchun joriy qildi. Olim 1982-yilda geografiya tarixi bo'yicha mamlakatimizda «O'rta Osiyo tabiatini geografik o'rganish tarixi», deb nomlangan dastlabki monografiyani yaratdi. Ushbu asarda geografiya tarixi, metodologiyasi bo'yicha ilmiy-nazariy va metodologik kontseptsiyaga oid masalalar keng yoritib berilgan. Ustoz o'sha vaqtlarda mavjud «O'rta Osiyoda, jumladan O'zbekistonda geografiyaga XIX asrning ikkinchi yarmida rus olimlari tomonidan asos solingan», degan fikrni inkor etib, ushbu mintaqada geografik bilimlar juda qadim zamonlardan buyon rivojlanib kelganini ilmiy jihatdan isbotlab berdi.
 
Olim «O'zbekistonda tabiiy geografik g'oyalarning rivojlanishi» asarida yurtimiz zaminida yashab ijod etgan Al-Xorazmiy, Ahmad Farg'oniy, Ibn Sino, Mahmud Koshg'ariy, Abdurazzoq Samarqandiy, Ulug'bek, Bobur kabi geograf, sayyoh, tabiatshunos, kartograf, tarixchi va astronom bo'lgan o'nlab ulug' allomalarning geografik ilmiy merosini keng yoritib berdi. R.Rahimbekov hozirgi zamon geografiyasining asosiy g'oyasi, ob'ekti, predmeti, asosiy muammolari va rivojlanish istiqbollari haqida qator qimmatli tadqiqotlar olib borgan. Jumladan, «Hozirgi zamon geografiyasi» maqolasida «tabiat-aholi-xo'jalik» tizimining o'zaro ta'siri natijasida vujudga kelgani tabiiy, iqtisodiy va ijtimoiy geografiya fanlarining doimiy ravishda uzviy aloqada ekanini yozadi.
 
Ekologiya tarixi va metodologiyasi. Ekologik tadqiqotlar tarixi R.Rahimbekov ijodining asosini tashkil etadi. Olim o'z izlanishlarida milliy ekologik qadriyatlar tarixi, ular aosida mintaqada ekologik g'oyalarning rivojlanishini ilmiy-nazariy jihatdan asoslab bergan. Mazkur yo'nalishlarda olib borilgan tadqiqotlarning natijasi sifatida oliy o'quv yurtlari uchun «Ekologiya va tabiatdan foydalanish» fani bo'yicha bakalavrlik davlat standartini ishlab chiqdi va uning ilmiy-nazariy hamda metodologik kontseptsiyasini yaratdi. Olim o'zining bu boradagi qarashlarini «Vatan ekologiya maktabi: uning shakllanish va rivojlanish tarixi», «O'rta Osiyo ekologiya-geografiya maktabi», «O'rta Osiyodagi Kashkarov-Korovin ekologiya-geografiya maktabi» kabi monografiyalarida ilmiy jihatdan asoslab bergan.
 
Atamashunoslik muammolari. R.Rahimbekov geografik atamashunoslik borasida ham muvaffaqiyatli faoliyat olib borgan. Ayniqsa, olim o'z tadqiqotlari bilan ushbu sohada mavjud bo'lgan ba'zi munozarali masalalarga aniqlik kiritgan. Jumladan, olim O'zbekistondagi ko'pchilik joy nomlarining noto'g'ri yozilishi, talqin va talaffuz qilinishini o'z asarlarida ta'kidlab o'tgan. Olimning hammualliflikda 1979-yilda yaratgan «Geografik terminlarning izohli lug'ati» hozirgi vaqtgacha o'zining ilmiy qimmatini saqlab kelmoqda.
 
O'quv dasturlari va darsliklar yaratish. R.Rahimbekov ekologiya tarixi va metodologiyasidan o'quv dasturi va bakalavrlik davlat standartlarini yaratishdan tashqari, 1995 yilda nashr etilgan «O'zbekiston tabiiy geografiyasi» darsligining mualliflaridan biridir. Shuningdek, ustoz geografiya fani bo'yicha respublikamizda yaratilgan 10 dan ortiq darsliklarga mas'ul muharrirlik qilgan.
 
Geografik adabiyotlarni tarjima qilish. Ustoz 20 ga yaqin o'rta va oliy maktabda foydalaniladigan geografiyadan darsliklarni tarjima qilishda faol ishtirok etgan. Ayniqsa, ustoz o'zbek tilida har bir auditoriyaning xarakteridan kelib chiqib mahorat bilan nutq so'zlay oladigan mohir notiq edi. Uning o'zbek tilida har bir so'zni joy-joyida ishlatib, dona-dona qilib o'qigan ma'ruzalari talabalar katta taassurot qoldirar edi.
 
Tashkiliy-jamoat ishlari. Olim ilmiy-pedagogik ishlardan tashqari, o'zi ishlagan muassasalar tashkiliy-jamoat ishlarida ham faol ishtirok etgan. Jumladan, ustoz olim Xalq ta'limi vazirligi qoshidagi geografiya fani bo'yicha o'quv-metodik kengashi, O'zbekiston Geografiya jamiyati Prezidiumi, geografiya va ekologiya fanlari bo'yicha Ilmiy kengashlar va universitetda o'zbek tilini joriy etish komissiyalarning a'zosi sifatida qator xayrli ishlarni amalga oshirgan. 1993-yildan to umrining oxirigacha ustoz O'zbekiston Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi «geografiya» ilmiy-uslubiy birlashmasining raisi sifatida O'zbekiston oliy maktablarida geografiyani o'qitishni tubdan yaxshilashga o'z hissasini qo'shdi.
 
Geografik bilimlarni targ'ib qilish. R.Rahimbekov respublika matbuotida chop etilgan qator maqolalarida geografiya ta'limini yaxshilash, rivojlantirish va milliy manfaatlarga mos ravishda olib borishning dolzarb nazariy, metodik hamda tashkiliy masalalarini ko'targan. U respublika televideniyasida tashkil etilgan qator ko'rsatuvlarda dolzarb geografik muammolar haqida chiqishlar qilgan. Ustoz olim nafaqat geografiya ilmining ustasi, balki o'z his-tuyg'ularini she'riy satrlarda ifodalay oladigan shoirtabiat va nafis qalb egasi, mohir jurnalist ham edi. Ustoz geografiya fanini targ'ib qilish, ommani bu sohadagi ilmiy-ommabop bilimlar bilan tanishtirishdagi xizmatlari uchun 1972-yilda Jurnalistlar uyushmasining a'zosi etib saylangan.
 
R.Rahimbekov 1995-yil 23-noyabrda 58 yoshida bevaqt vafot etdi. Qariyb 35 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida ustoz 200 dan ortiq asarlarni, shu jumladan, 4 ta monografiya, 4 ta darslik va o'quv qo'llanmasini, qator lug'at va ilmiy maqolalarni nashr qilgan. Uning geografiya va ekologiya tarixi va metodologiyasiga oid asarlarining aksariyati nafaqat respublikamizda, balki yaqin xorij olimlari o'rtasida ham qizg'in ilmiy munozaralarga sabab bo'lgan. Ustoz qisqa umr ko'rgan bo'lsa-da, juda sermazmun va boy ilmiy meros qoldirdi. U mamlakatimizda geografiya va ekologiya tarixi bo'yicha yangi ilmiy yo'nalishga asos soldi hamda bu sohada ikkita fan nomzodi tayyorladi. Olimning yaratgan asarlari mamlakatimizda geografiya tarixi va nazariyasi bo'yicha ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish uchun muhim manba bo'lib xizmat qiladi.
Sabohat Berdiyeva

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.