Yuklanmoqda...

Tursunqul Egamberdiyev


Tursunqul Egamberdiyev
(1927–1993)
O'zbekistonda qishloq xo'jaligi geografiyasining, jumladan, uni hududiy tashkil etish, agrosanoat komplekslari, chorvachilikni rivojlantirishning geografik asoslari kabi yo'nalishlari bilan mamlakatimizda qator olimlar shug'ullanishgan. Ammo yirik shaharlar atrofi qishloq xo'jaligi kompleksini samarali hududiy tashkil etish masalalari bilan shug'ullangan o'zbek geograflari sanoqli. Iqtisodiy geografiyaning mazkur yo'nalishi qamrab oladigan tadqiqotlar shahar aholi punktlarining rivojini ilmiy asoslangan holda tashkil etish, shaharlar atrofida ishlab chiqarish va ijtimoiy sohalarni o'zaro uyg'unlashgan holda rivojlantirishda muhim o'rin tutadi.

O'zbekistonda yirik shahar atrofidagi hududlar misolida qishloq xo'jaligini rivojlantirishning dolzarb muammolarini tadqiq etishda geografiya fanlari nomzodi, dotsent Tursunqul Egamberdievning xizmatlari katta. Olim XX asrning 60-yillaridayoq poytaxt Toshkent shahri atrofidagi Keles vodiysining yirik shaharlar qishloq xo'jalik ta'minotini samarali yo'lga qo'yish, bu borada shahar va qishloq o'rtasidagi o'zaro aloqa hamda ta'sirni kuchaytirish bo'yicha izlanishlar olib borib, respublikamizda qishloq xo'jalik geografiyasida yangi yo'nalishni boshlab bergan edi.

T.Egamberdiev 1927-yilda Shimkent viloyatidagi asosan o'zbeklar yashaydigan Sayram qishlog'ida tavallud topgan. 1944-yilda o'rta maktabni tugatgach, ikki yil davomida dalada mehnat qilib, oilasiga suyanchiq bo'ldi. Ayni ana shu ikki yillik davr Tursunqul akada qishloq xo'jaligi ishlab chiqarishi va uni turli hududlarda tashkil etilishini o'rganishga nisbatan katta qiziqish uyg'otdi. Ammo, urushdan keyingi mashaqqatli davr uning bu qiziqishini ro'yobga chiqarishni biroz orqaga surdi. U 1946–1952-yillarda zavodda dastlab master, keyinchalik katta master lavozimlarida ishladi. Ammo shunda ham turli adabiyotlarni o'qish, o'zining bilim darajasini oshirishni kanda qilmadi.
 
Nihoyat, T.Egamberdiev 1952-yilda O'rta Osiyo (hozirgi O'zbekiston Milliy) universitetining Geografiya fakultetiga o'qishga kirib, N.Dolimov, N.Smirnov, Z.Akramov, H.Hasanov, A.Rakitnikov va N.TSapenko kabi ustozlardan ta'lim oldi. Ustoz nafaqat Geografiya fakulteti, balki universitet yoshlari orasida o'zining tashkilotchiligi va o'qishdagi muvaffaqiyatlari bilan talabalar etakchisi sifatida tanildi. 1957-yilda dorilfununni iqtisodiy geografiya yo'nalishi bo'yicha imtiyozli diplom bilan tamomlagach, Geografiya fakulteti iqtisodiy geografiya kafedrasining o'qituvchisi sifatida ishga qabul qilingan ustozning geografiya sohasidagi 40 yildan ortiq faoliyati bevosita ana shu dargoh bilan bog'liq.
 
1961-yildan boshlab kafedraning katta o'qituvchisi bo'lib ishlagan olim Toshkent shahri atrofidan oqib o'tadigan Keles daryosi vodiysida qishloq xo'jaligini tashkil etish muammolari bo'yicha ilmiy tadqiqotlar olib bordi. Ushbu tadqiqotning asosiy maqsadi qishloq xo'jaligi tarmoqlarini yirik bozorlar mavjudligiga mos va yirik shaharlar aholisini xo'jalikda etishtiriladigan oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlashni yaxshilashga yo'naltirgan holda rivojlantirishning ilmiy asoslangan yo'llarini ishlab chiqishga qaratilgan edi.
 
Olib borilgan ko'p yillik ilmiy tadqiqotlarning samarasi sifatida T.Egamberdiev 1972-yilda «Keles vodiysining qishloq xo'jalik geografiyasi va uni rivojlanish muammolari» mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Olim nomzodlik tadqiqotida dehqonchilik va chorvachilik tarmoqlarining geografik joylashish qonuniyatlari va ularning iqtisodiy samaradorligi, qishloq xo'jalik mahsulotlari bilan dastlab bozorni ta'minlash masalalariga oid birmuncha ilg'or va yangi fikrlarni ilgari surdi. Bu boradagi g'oyalarini u qator maqolalarida, respublika va mintaqa miqyosidagi anjumanlarda ilmiy hamjamiyat e'tiboriga havola etdi.
 
T.Egamberdievning fikricha, «yirik bozorlar – mamlakatning iqtisodiy qudratini, aholining turmush darajasi, madaniyati, ma'naviyati va boshqa qator xususiyatlarini namoyon etadigan muhim «barometr» hisoblanadi. Aholining kundalik ehtiyojini qondirish uchun, avvalo, bozorni qishloq xo'jalik mahsulotlari bilan etarli darajada ta'minlash kerak. Bu vazifani davlat xo'jaliklari bilan bir qatorda xususiy xo'jaliklarni ham rivojlantirish orqali samarali bajarish mumkin. Buning uchun shaharlar atrofida qishloq xo'jalik tarmoqlarini maqsadli yo'naltirilgan holda joylashtirish imkonini beradigan maxsus mintaqa barpo etishni taqozo qiladi. Shu nuqtai nazardan yirik shaharlar bozorlarini aholining ehtiyojini hisobga olgan holda qishloq xo'jaligi mahsulotlari bilan ta'minlash uchun ular atrofida mevali bog'lar, uzumzorlar, sabzavot va poliz ekinlari maydonlarini kengaytirish zarur bo'ladi. Ana shundagina shahar atrofidagi vodiylar bozorlarni mahsulot bilan ta'minlaydigan asosiy hududlarga aylanadi. Bozordagi to'kin-sochinlik esa – aholining farovon turmushining asosiy mezonlaridan biridir». O'zbekistonda paxta yakkahokimligiga asosiy e'tibor qaratilgan XX asrning 70-yillarida o'rtaga tashlangan olimning yuqorida keltirilgan ilmiy xulosalari, haqiqatan ham birmuncha ilg'or va dadil fikrlar edi.
 
Ustoz ko'p yillar davomida Geografiya fakulteti talabalariga «Qishloq xo'jalik geografiyasi»dan ma'ruzalar o'qib, amaliy mashg'ulotlarni olib bordi. Uning nazariya va amaliyot bevosita uyg'unlikda olib borilgan maroqli darslar shogirdlarining xotirasida bir umrga saqlanib qolgan. Shuningdek, Tursunqul aka respublika pedagogik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti va viloyatlardagi ana shunday muassasalarda geografiya fani va uni o'qitishning dolzarb muammolari bo'yicha muntazam mashg'ulotlar olib borgan.
 
O'zbekiston Milliy universiteti Geografiya fakultetida o'quv jarayonini takomillashtirish, uni bevosita amaliyot bilan bog'lab olib borish borasida T.Egamberdievning xizmatlari katta. Jumladan, ustoz 1981–1986-yillarda fakultetda kechki va sirtqi bo'limlar bo'yicha dekan muovini, 1986–1988-yillarda dekan vazifalarida mazkur dargohda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash ishiga munosib hissa qo'shgan. 1988-yildan to umrining oxiriga qadar (1993) Geografiya fakulteti iqtisodiy va ijtimoiy geografiya kafedrasi dotsenti lavozimida faoliyat olib bordi.
 
Ustoz o'quv-dala amaliyotlari va talabalar bilan o'tkazilgan safarlarda o'zining otalarcha mehribonligi bilan talabalarning hurmatini qozona olgan. Kam ta'minlangan oilalarning farzandlari bo'lgan talabalarni esa ustoz universitet doirasida amalga oshirilgan loyihalarga jalb etishga ko'maklashib, ularning moddiy sharoitini yaxshilashga katta e'tibor berar edi.
 
40 yildan ortiq ilmiy-pedagogik faoliyati davomida T.Egamberdiev 100 dan ortiq ilmiy ishlarni nashr ettirgan. Ustoz chet mamlakatlar geografiyasi bo'yicha oliy o'quv yurtlari uchun o'zbek tilida chop etilgan dastlabki «Chet mamlakatlar iqtisodiy va siyosiy geografiyasi» darsligining (1976) muallifidir. Olim «Xalq maorifi a'lochisi» ko'krak nishoni sohibi, ilmiy-pedagogik faoliyati tufayli bir necha marta respublika Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, universitet ma'muriyatining faxriy yorliq va tashakkurnomalariga sazovor bo'lgan.
 
Olim va pedagoglar uchun shogirdlarining ularga nisbatan iliq mehr ila talpinishidan ulug'roq tuhfa bo'lmasa kerak. Ustoz T.Egamberdiev shogirdlarining mehrini qozona olgan, hayotini geografiya fanisiz tasavvur qila olmaydigan xushfe'l, oliyhimmat va fidoyi inson edi. Talabalarga puxta bilim, ko'nikmalar berishdek sharafli ishga butun borlig'i bilan yondashish, o'ziga hamda shogirdlariga nisbatan qat'iy talabchanlik kabi fazilatlarni ustoz hayot tamoyili sifatida e'zozlagan.
 
Olimning boshlagan ishlarini shogirdlari va farzandlari muvaffaqiyatli davom ettirishib, gidrometeorologiya va tabiiy geografiya bo'yicha yetuk mutaxassis bo'lib etishgan o'g'li Hamroqul geografiya fanlari nomzodi, Farmonqul esa iqtisod fanlari doktori, professor darajasiga erishgan. Qizi Umrinisa ota izidan borib, O'zbekiston Milliy universiteti Geografiya fakultetining iqtisodiy va ijtimoiy geografiya kafedrasining katta o'qituvchisi sifatida pedagogik faoliyatni ilmiy izlanishlarni birgalikda olib bormoqda.
Olimning o'g'li, iqtisod fanlari doktori, professor
F.Egamberdiev taqdim etgan ma'lumotlar asosida
Sabohat Berdiyeva tayyorlagan.

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!

Sharhlar