Yil fasllari va iqlim resurslari 

16 761

O‘zbekistonda yil fasllari shu geografik kenglikda joylashgan boshqa hududlardan farq qiladi.

Qish. O‘zbekistonda qish shu kengliklarda joylashgan O‘rta dengiz atrofidagi hududlarga nisbatan sovuq. Qishda ob-havo tez-tez o‘zgarib turadi, havo ko‘pincha ochiq bo‘ladi va sovuq kunlar ba’zan iliq bulutli va yog‘inli kunlar bilan almashinib turadi. Qishda yillik yog‘inning 20-40 foizi tushadi. Qish dekabr oyining ikkinchi yarmidan boshlanadi. Qishda eng sovuq kunlar «qish chillasi» (25-dekabrdan 5-fevralgacha, 40 kun)da sodir bo‘ladi. Chunki bu davrda hududga Arktika havosi va Sibir antisikloni ko‘proq yetib kelib, turib qoladi. Natijada, harorat pasayib, Ustyurtda –38°C gacha, Surxondaryoda –20°C gacha pasayadi. Тog‘larda qish davomli bo‘lib, 3-4 oy davom etadi.

Bahor. Тaqvim bo‘yicha bahor mart, aprel va may oylari hisoblansa-da, aslida fevral oyidan, o‘rtacha sutkalik harorat +5°C dan oshganda boshlanadi. Bahorda ob-havo tez-tez o‘zgarib turadi, goh isib, goh soviydi, yog‘in ko‘p (o‘rtacha yillik yog‘inning 40 foizi) tushadi. Ba’zan yog‘in jala tariqasida yog‘ib, tog‘ va tog‘ etaklarida selni vujudga keltiradi.

Bahorda aprel oyining oxiri, may oylarida harorat ko‘tariladi, havo ochilib, yog‘in kamayib, haqiqiy yoz boshlanadi.

Bahorda 21-martda kun bilan tun teng bo‘ladi va bu kun O‘zbekistonda «Navro‘z» bayrami sifatida nishonlanadi.

Yoz. O‘zbekistonda yoz taqvim bo‘yicha iyun, iyul, avgust oylari hisoblansa-da, aslida o‘rtacha sutkalik harorat +20°C dan oshganda boshlanib, +20°C dan pasayganda tugaydi. Binobarin, yoz uzoq besh oy davom etadi.

Yozning eng issiq kunlari 25-iyundan 5-avgustgacha davom etadi (40 kun) va u «yoz chillasi» deb yuritiladi.

Yozda hududning tekislik qismida iyulning o‘rtacha harorati +26 +32°C atrofida o‘zgarsa, ba’zan isib ketib, eng issiq harorat +41 +48°C ga, Тermizda esa +50°C gacha ko‘tarilgan.

Kuz. Sentabr oyi kuz fasli hisoblansa-da, ob-havo ochiq, issiq, nisbatan quruq bo‘ladi. Shu sababli iqlimshunos olimlar kuzni o‘rtacha sutkalik harorat +20°C dan pasayganda boshlanib, +5°C dan pasayganda tamom bo‘ladi, deb hisoblaydilar. Binobarin, haqiqiy kuz O‘zbekiston sharoitida oktabr oyidan boshlanadi. Chunki oktabrdan boshlab harorat pasayib, ob-havo o‘zgara boshlaydi, kunlar qisqarib, salqin tushadi, ba’zan tunda qirov tushib, yog‘ingarchilik boshlanadi.

Iqlim resurslariga issiqlik resurslari, gelioresurs, shamol energiyasi kiradi. Ularning davolashdagi ahamiyati katta.  Bu jihatidan O‘zbekiston qulay imkoniyatga ega, chunki uning hududida 225-266 kun sovuq bo‘lmaydi; +10°C dan yuqori bo‘lgan haroratlarning yillik yig‘indisi  4500-5900°C ga yetadi, quyosh bir yilda 2500-3000 soatgacha nur sochib isitib, yoritib turadi. Bunday iqlimiy sharoitda ingichka tolali paxta, shirin-shakar qovun, tarvuz, qand moddasiga boy bo‘lgan mevalar, subtropik o‘simliklarni yetishtirish mumkin.

O‘zbekistonda quyosh uzoq vaqt nur sochib turishi tufayli uni elektr energiyaga aylantirib, foydalanish imkoniyati katta. 

O‘zbekistonning issiq, quruq va serquyosh iqlimidan ko‘p kasalliklarni, xususan, buyrak, o‘pkaning bronxit, astma kabilarni davolashda hamda dam olish (rekreatsiya) maqsadida foydalaniladi.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.