Qizilqum tabiiy geografik okrugi 

22 156

Geografik o‘rni. Qizilqum okrugi, asosan, Amudaryo bilan Sirdaryo orasida joylashgan. Lekin Qizilqum tabiiy geografik okrugiga Qizilqum cho‘lining O‘zbekiston hududida joylashgan qismi kiradi. Qizilqum okrugi shimoli g‘arbda Quyi Amudaryo okrugi bilan, janubi sharqda Zarafshon okrugi bilan, sharqda Mirzacho‘l okrugi bilan chegaralanadi. Okrugning janubi g‘arbi Turkmaniston, shimoli sharqi Qozog‘iston bilan bo‘lgan davlat chegarasiga to‘g‘ri keladi.

YER YUZASI, GEOLOGIK TUZILISHI VA FOYDALI QAZILMALARI
Qizilqum yer yuzasi tuzilishi jihatidan janubi sharqdan shimoli g‘arbga qarab pasayib boradi. Uning o‘rtacha mutlaq balandligi 200-300 m bo‘lsa, janubi sharqida 350-400 m, shimoli g‘arbida esa 100 m ga tushib qoladi. Eng past yeri okrugning markaziy qismidagi Mingbuloq botig‘i hisoblanib, dengiz sathidan 12 m past. Eng baland qismi esa Тomditovning Oqtov cho‘qqisi bo‘lib, balandligi 974 m.

Binobarin, Qizilqum okrugi yerusti tuzilishi jihatidan har xil bo‘lib, tekisliklar, qoldiq tog‘lar va ular orasidagi botiqlardan iborat. Qizilqumning ko‘p qismini mutlaq balandligi 200 m bo‘lgan qumli tekisliklar ishg‘ol qiladi.

Tekisliklarning aksariyat qismini esa relyef shakllari — qum marzalari, qum do‘nglari, barxanlar va taqirlar egallaydi. Qum marzalari va do‘ng qumlar o‘simliklar bilan mustahkamlangan. Barxanlar nisbatan kam bo‘lib, asosan, Amudaryo sohillarida, quduqlar atrofida joylashgan. Taqirlar esa marza qumlar orasidagi past joylarda uchraydi, ular bahorda suv bilan to‘lib, yozda suvi qurib, taqirga aylanadi.

Qizilqumning markaziy qismlarida past tog‘lar joylashgan. Ularning eng muhimlari Quljuqtov (785 m), Yetimtov (511 m), Тomditov (974 m), Ovminzatov (695 m), Bo‘kantov (764 m), Sulton Uvays tog‘i (473 m). Bu tog‘lar orasida esa Mingbuloq, Qoraxotin, Mullali, Oyoqog‘itma kabi botiqlar joylashgan. Bu botiqlarda sho‘rxok, taqir va qumlar mavjud.

Qizilqum Turon plitasida joylashgan. Plita zamini paleozoy qattiq jinslaridan (kristalli slanes, granit, ohaktosh va boshq.) tashkil topgan bo‘lib, ustini so‘nggi davr qalin (qumtosh, mergel, gil, qum, konglamerat va boshq.) jinslari qoplab olgan. Qizilqum neogen davrigacha Tetis dengizi ostida bo‘lgan, lekin paleozoy qoldiq tog‘lari orol kabi suvdan ko‘tarilib turgan. Chunki ular gersin tektonik jarayonida ko‘tarilib, so‘ngra ekzogen kuchlar ta’sirida pasayib, hozirgi holatga kelib qolgan. Neogen davriga kelganda dengiz suvi chekinib, Qizilqum quruqlikka aylangan.

Qizilqum okrugida oltin (Muruntov, Ko‘kpatas), uran (Uchquduq),  gaz (Gazli, Тoshquduq, Xo‘jaqazg‘an), oltingugurt, simob, grafit, fosfor, asbest, korund, mis, feruza kabi binokorlik materiali konlari mavjud.

IQLIMI, SUVLARI, ТUPROQLARI, O‘SIMLIKLARI VA HAYVONOT DUNYOSI
Qizilqum iqlimi kontinental bo‘lib, qishi sovuq, yozi issiq, quruq, serquyoshdir.

Qizilqumning shimoliy qismi ochiq bo‘lganligi tufayli Arktika va Sibir sovuq va quruq havo massasi tez-tez ta’sir etib turadi. Natijada, qishda okrug sovib ketib, izg‘irinli sovuqlar vujudga keladi. O‘sha vaqtlarda harorat –31 –35°C gacha pasayadi. Lekin g‘arbdan esuvchi nisbatan iliq va nam havo massasining kirib kelishi natijasida harorat ko‘tarilib, yog‘in yog‘adi.

Qizilqumda yanvarning o‘rtacha harorati shimoliy qismida –5 –10°C, o‘rta qismida –2 –4°C, janubida esa –1 –2°C. Okrug hududida yoz jazirama issiq, quruq, havosi ochiq bo‘lib, iyulning o‘rtacha harorati markaziy va janubiy qismlarida +30°C, qolgan qismlarida +26 +28°C. Eng issiq harorat +48°C ga yetadi. Lekin qumlar yuzasi +75 +80°C gacha qizib ketadi.

Qizilqumda yog‘in juda kam tushib, yillik yog‘in miqdori 75-100 mm atrofida bo‘ladi. Yog‘inning asosiy qismi bahorda (yillik yog‘inning 48 foizi) va qishda (30 foiz) tushadi. Lekin mumkin bo‘lgan bug‘lanish 1000-1500 mm ga yetadi.

Qizilqum iqlimining quruq bo‘lganligi, qumliklarning ko‘pligi tufayli doimiy oquvchi suvlar yo‘q. Faqat uning janubi g‘arbidan tranzit Amudaryo oqib o‘tadi. Lekin bahorda yog‘in ko‘p yog‘ganda, qorlar eriganda qoldiq tog‘larda vaqtli soylar vujudga kelib, so‘ngra qurib qoladi. Aksincha, yerosti suvlari zaxirasi ko‘p. Ma’lumotlarga ko‘ra, yerosti suvlarining dinamik miqdori sekundiga 58-60 m.kub  ni tashkil etadi. Grunt suvlari yomg‘ir va qor erishidan to‘yinsada, bug‘lanishning kattaligi tufayli sho‘r. Mezozoy erasi va paleogen davr yotqiziqlari orasida bosimli, chuchuk suvlar mavjud. Shuningdek, paleozoy yotqiziqlari orasida mineral, termik suvlar aniqlangan.

Qizilqumning tekislik qismida qumoq va qumli, tog‘lari atrofida hamda janubi sharqida sur-qo‘ng‘ir, botiqlarida sho‘rxok, sho‘rxok-botqoq tuproqlar tarqalgan.

Qizilqumda 600 dan ortiq o‘simlik turlari mavjud. Ular ichida keng tarqalganlari bahorda o‘suvchi efemer va efemeroidlar — rang, qo‘ng‘irbosh, yaltirbosh, lola, boychechak, chuchmoma,  kavrak. Yozning boshlanishi bilan ular sarg‘ayib qoladi, qurg‘oqchilik va sho‘rxok yerlarga moslashgan o‘simliklar esa o‘saveradi.

Okrugning mustahkamlangan qumliklarida juzg‘un, oq saksovul, quyonsuyak, qum akatsiyasi, qandim, selin kabi o‘simliklar o‘sadi. Sur-qo‘ng‘ir tuproqli yerlarda shuvoq, burgan, toshburgan kabilar tarqalgan.

Okrugning sho‘rxok, sho‘rxok-botqoq yerlarida qorasaksovul, yulg‘un, baliqko‘z, sarisazan, taqirlarda donasho‘r o‘sadi. Amudaryo sohillarida to‘qayzorlar bor.

Qizilqumning qumli cho‘llarida yumronqoziqlar, qum sichqoni, shalpangquloq, qo‘shoyoq, kaltakesak, echkemar, o‘qilon, qum bo‘g‘ma iloni, charxilon yashaydi. Sutemizuvchilardan cho‘l mushugi, jayron, xongul, sayg‘oq, bo‘ri, tulki, quyon uchraydi. Hasharotlardan  chayon, qoraqurt, falanga, chigirtkalar bor. Amudaryo sohillaridagi to‘qaylarda to‘ng‘iz, qirg‘ovul, qizil g‘oz, xongul kabi hayvonlar yashaydi. Amudaryo sohillarida to‘qay landshafti va u yerdagi hayvonlarni muhofaza qilish uchun Qizilqum qo‘riqxonasi tashkil etilgan.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.