Ustyurt tabiiy geografik okrugi 

18 406

Ustyurt platosining faqat janubi-sharqiy qismi O‘zbekistonga qaraydi. O‘zbekistonga qaraydigan Ustyurt respublikamizning eng shimoli g‘arbida joylashgan hudud hisoblanadi.

 Ustyurt tabiiy geografik okrugi shimol va g‘arbda Qozog‘iston, janubda Тurkmaniston, sharqda Orol va Quyi Amudaryo okruglari  bilan chegaralanadi.

YER YUZASI, GEOLOGIK TUZILISHI VA FOYDALI QAZILMALARI
 Ustyurt arid-denudatsion plato hisoblanib, mutlaq balandligi 100-200 m bo‘lib, atrofi chinklar bilan o‘ralgan. Chinklarning balandligi Orol dengizi qirg‘oqlarida 190 m ga yetadi.

 Ustyurt Turon plitasida joylashib, negizi paleozoy yotqiziqlaridan iborat bo‘lib, ustini qalin 3-4,5 km mezozoy va kaynozoy yotqiziqlari (ohaktosh, mergel, gil va boshqalar) qoplab olgan.

 Ustyurt platosi kimmeriy burmalanishida vujudga kelib, so‘ngra pasayib, dengiz suvi bosgan. Neogenning oxiri, to‘rtlamchi davr boshlarida quruqlikka aylangan.

Ustyurt okrugi geomorfologik tuzilishi jihatidan kenglik bo‘ylab yo‘nalgan bir necha bukilma va ko‘tarilmalardan iborat. Platoning shimoliy qismida Shimoliy Ustyurt bukilmasi, uning janubida Kassarma ko‘tarilmasi, undan janubda Borsakelmas bukilmasi, uning janubida Markaziy Ustyurt (Qorabovur) ko‘tarilmasi, nihoyat, platoning eng janubida Asaka-Ovdon bukilmasi joylashgan. Bu geologik strukturalarning negizi qattiq jinslardan, usti esa cho‘kindi jins (gil, mergel, tuz, ohaktosh, giрs va boshqa)lardan iborat.

Ustyurt tabiiy geografik okrugining relyef (yer yuzasi) shakllari uning geologik strukturalariga, ya’ni balandliklar ko‘tarilmalarga, botiqlar esa bukilgan yerlarga to‘g‘ri keladi.

Ustyurt shimolidagi bukilmada (mutlaq balandligi 100 m) sho‘rxoklar, kichik-kichik botiqchalar joylashgan. Kassarma ko‘tarilmasi (antiklinali)da hudud balandlashib, shu nom bilan ataluvchi va mutlaq balandligi 219 m ga yetuvchi balandlik o‘rnashgan. Kassarma balandligining janubidagi bukilmada Borsakelmas botig‘i joylashib, mutlaq balandligi 100 m, eng past joyida 63 m ga tushib qolgan. Uning markazi botqoqlashgan sho‘rxoklardan iborat. Borsakelmas botig‘i janub tomon balandlashib, Qorabovur balandligiga aylanadi va mutlaq balandligi 292 m ga yetadi. Qorabovur balandligining janubidagi bukilmada Asaka-Ovdon botig‘i dengiz sathidan 29 m balandda joylashgan. Uning janubi-g‘arbiy qismida Sariqamish ko‘li joylashgan. Ustyurtda neft va gaz, har xil tuzlar va qurilish material konlari mavjud.

IQLIMI, SUVLARI, ТUPROQLARI, O‘SIMLIKLARI VA HAYVONOT DUNYOSI
Ustyurt okrugi keskin kontinental iqlim xususiyatiga ega bo‘lib, qishi quruq va sovuq, yozi issiq va quruq. Ustyurt O‘zbekistonning qishi eng sovuq hududidir. Buning sababi u eng shimolda joylashgani bo‘lib, tabiiy to‘siqlarning yo‘qligi tufayli Arktika va Sibir sovuq havo massalarining bemalol kirib kelishidir. Shu tufayli yanvarning o‘rtacha harorati –10 –11°C, ba’zan sovuq havo massalarining turib qolishi natijasida harorat –38°C gacha pasayadi.

Yozi qisqa va uncha jazirama issiq emas, iyulning o‘rtacha harorati +26 +27°C, ba’zan eng yuqori harorat +44°C ga yetadi. Okrug ancha shimolda joylashganligi tufayli, oktabrning boshlaridan sovuq tusha boshlaydi, binobarin, sovuq bo‘lmaydigan kunlar O‘zbekiston bo‘yicha eng qisqa bo‘lib, 153 kunni tashkil etadi. Bunga yana bir sabab, Ustyurtning shimol tomoni ochiq bo‘lganligi tufayli sentabrning boshidan may oyigacha shimoli-sharqiy shamollarning esib turishidir.

Ustyurtda  yog‘in  kam tushadi, uning o‘rtacha yillik miqdori 100-120 mm. Yog‘inni, asosan, g‘arbiy va shimoli-g‘arbiy havo massalari olib keladi. Eng ko‘p yog‘in bahorga, eng kami qishga to‘g‘ri keladi. Qor juda kam yog‘ib, izg‘irinli shamollar uni uchirib ketishi natijasida yer yuzasi muzlaydi.

Ustyurt tabiiy geografik okrugiga tushadigan  yillik  yog‘in miqdorini 100 foiz desak, uning 17 foizi qishga, 34 foizi bahorga, 23 foizi yozga, 26 foizi  kuzga to‘g‘ri keladi. Ustyurt O‘zbekistonning eng shimoliy qismida joylashganligi tufayli, qishi quruq sovuq bo‘ladi, chunki antisiklon ob-havosining uzoq vaqt turib qolishi sababli yog‘in kam tushadi, aksincha, yozda O‘zbekiston bo‘yicha eng ko‘p yog‘in yog‘adi. Bunga asosiy sabab haroratning nisbatan pastligi, g‘arbiy havo massalari va Kaspiy dengiziga yaqinligidir.

Ustyurt tabiiy geografik okrugida  doimiy oqar suvlar yo‘q. Bahorda berk botiqchalar va pastqam yerlar yomg‘ir va erigan qor suvlari bilan to‘lib, kichik (efemer) ko‘lchalarni hosil qiladi. Yozda bu ko‘lchalardagi suvlar bug‘lanib ketib, sho‘rxok-botqoq yerlarga aylanib qoladi. Yerosti suvlari mavjud bo‘lib, ularning chuqurligi 20-50 m atrofida, lekin aksariyati sho‘r, ichishga yaroqsiz. So‘nggi paytlarda bu davr yotqiziqlari orasida ichishga yaroqli suvlar mavjudligi aniqlandi.

Asosiy tuprog‘i sur-qo‘ng‘ir bo‘lib, chirindi miqdori oz (0,5-0,8 foiz), sho‘rlashgan. Shuningdek, botiqlarda sho‘rxoklar, sho‘rxok-botqoq tuproqlar va qumli tuproqlar tarqalgan.

Ustyurt o‘simligi, asosan, shuvoq va sho‘ralardan iborat. Bundan tashqari, iloq,  qora saksovul, burgan, sarisazan, tetir o‘sadi. Bahorda efemer va efemeroid o‘simliklar o‘sib, ular yozda qurib qoladi.

Ustyurtda  jayron, sayg‘oq, bo‘ri, tulki, yumronqoziq, qo‘shoyoqlar, qushlardan to‘rg‘ay, xo‘jasavdogar, quzg‘un uchraydi.

Ustyurtda „Qizil kitob"ga kirgan katta shalpangquloq, qoplon (gepard),  Ustyurt qo‘yi kabi hayvonlar yashaydi. 

Yo‘qolib ketayotgan sayg‘oqlarni muhofaza qilish maqsadida Ustyurt platosida „Sayg‘oqli" buyurtmaxonasi tashkil etilgan.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.