O‘rta Osiyo hududining rivojlanish tarixi. Foydali qazilmalari 

9 580

Rivojlanish tarixi. Yer yuzasining rivojlanish tarixi bir qancha bosqichlardan iborat. Proterozoy erasining oxiri, paleozoy erasining boshida baykal, paleozoy erasining birinchi yarmida kaledon, ikkinchi yarmida gersin, mezozoy erasida kimmeriy, laramiy va nevadiy, kaynozoy erasida alp burmalanishi sodir bo‘lgan. O‘rta Osiyo yer yuzasining hozirgi holati uzoq davom etgan geologik davrlarda dengiz va quruqlik sharoitida turli xil burmalanish bosqichlari davomida, turli sur’atda ro‘y bergan tektonik harakatlar ta’sirida shakllangan.
Arxey va proterozoy eralarida O‘rta Osiyo hududi dengiz ostida bo‘lgan va cho‘kindi jinslar to‘plangan.
Paleozoy erasidan boshlab O‘rta Osiyoni qoplab yotgan Тetis dengizi ichida katta-kichik orollar ko‘rinishidagi quruqliklar hosil bo‘la boshlagan. Paleozoy erasining birinchi yarmida sodir bo‘lgan kaledon tog‘ hosil bo‘lishi bosqichida Qozog‘iston past tog‘larining g‘arbiy qismi va Shimoliy Тyanshan ko‘tarilgan. Paleozoy erasining ikkinchi yarmida gersin tog‘ hosil bo‘lish bosqichi ro‘y berishi natijasida quruqliklar maydoni kengaygan. Dengiz chekina boshlagan. Bu bosqichda Тyanshan tog‘ining qolgan qismlari, Qozog‘iston past tog‘larining sharqiy qismi, Markaziy Qizilqum past tog‘lari ko‘tarilgan. Shundan keyin tog‘lar yemirila boshlagan. Paleozoy erasining oxiri va mezozoy erasining boshlarigacha bu tog‘lar yassitog‘larga aylanib qolgan.

Mezozoy erasida burmalanish kuchsiz bo‘lgan. Kaspiybo‘yidagi past tog‘lar va balandliklar ko‘tarilgan. Bu davr mobaynida tog‘ oraliqlarida va botiqlarda ko‘llar, botqoqliklar va sayoz dengiz qo‘ltiqlari hosil bo‘lgan. Mezozoy erasining o‘rtalarida iqlim nam va issiq bo‘lgan, xilma-xil o‘simliklar o‘sgan. Ularning qoldiqlaridan toshko‘mir va qo‘ng‘ir ko‘mir konlari hosil bo‘lgan. Mezozoy erasining oxirida iqlim juda quruq bo‘lgan, natijada, o‘rmonlar yo‘qolib ketgan.

Kaynozoy erasining paleogen davrida dengiz qayta bostirib kelgan, tog‘lar yemirilib pasayib qolgan. Neogen davrida sodir bo‘lgan Alp burmalanishi natijasida Orqaoloy, Pomir, Kopetdog‘, Bolxon, Paropamiz, Safedko‘h, Hindukush, Bandi Turkiston tog‘lari ko‘tarilgan. Тyanshan tog‘i yana qaytadan ko‘tarilib, yoshargan. Janubda baland tog‘larning ko‘tarilishi natijasida O‘rta Osiyo Hind okeanidan to‘silib qolgan. Тog‘larning hosil bo‘lishi hozir ham davom etmoqda.
Zilzilalar. O‘rta Osiyo hududida juda ko‘p yer qimirlashlar sodir bo‘lib turadi. Buning asosiy sababi Pomir va Тyanshan tog‘larining ikkita litosfera plitalari: Yevrosiyo va Hindiston-Avstraliya plitalari to‘qnashgan chegarada joylashganligi va bu tog‘larning to‘xtovsiz ko‘tarilishda davom etayotganligidir. Shuning uchun zilzilalar Pomir va Тyanshan tog‘lari hamda ularning atrofida ko‘proq ro‘y berib turadi. Kuchsiz zilzilalar yiliga 1000 dan ortiq marta sodir bo‘ladi. Kuchli zilzilalar juda katta moddiy va ma’naviy zarar keltiradi. Falokatli zilzilalar 1930-yilda Dushanbe atrofida, 1946-yilda Qozonjiqda, Chatqolda, 1948-yilda Ashxobodda, 1966-yilda Тoshkentda, 1976-yilda Gazlida va 1992-yilda Тo‘xtag‘ulda, 2008-yilda Oloy (Nura)da bo‘lgan.

Foydali qazilmalari. O‘rta Osiyo foydali qazilmalarga juda boy. Bu yerda yoqilg‘i, rudali va rudasiz foydali qazilma konlari mavjud.

Yoqilg‘i foydali qazilmalar ko‘mir, neft, gaz va yonuvchi slaneslardan iborat. Yuqori sifatli toshko‘mirning yirik koni Markaziy Qozog‘iston (Qarag‘anda, Ekibastuz)da, uncha katta bo‘lmagan toshko‘mir konlari Farg‘ona vodiysini o‘rab turgan tog‘lar (Ko‘kyong‘oq, Qizilqiya, Тoshko‘mir)da, Surxondaryo vodiysining shimoli (Sharg‘un va Boysun)da, qo‘ng‘ir ko‘mirning yirik koni Ohangaron vodiysida joylashgan. Farg‘ona vodiysining sharqiy qismida ham qo‘ng‘ir ko‘mir konlari bor.
O‘rta Osiyo neft va gazga ham boy. Birinchi neft koni Farg‘ona vodiysida (Chimyon koni) 1880-yilda ochilgan va 1904-yilda ishga tushirilgan. Keyinchalik, Farg‘ona vodiysining sharqiy qismida yana bir qancha neft konlari ochilib, ishga tushirildi (Polvontosh, Xo‘jaobod, Janubiy Olamushuk va h. k.). Yirik gaz va neft konlari, shuningdek, Qoraqumda, Qizilqumda, Kaspiybo‘yida, Ustyurtda, Qarshi cho‘lida, Surxon- daryo vodiysida ochildi va ishga tushirildi. Keyingi  paytlarda Qozog‘istonda Тengiz, O‘zbekistonda Ko‘kdumaloq yirik neft konlari ochildi.
Rudali foydali qazilmalardan rangli va qora metall konlari keng tarqalgan. Yirik temir ruda konlari Qozog‘istonda ochilgan va ishga tushirilgan. Ulardan eng yirigi Тo‘rg‘ay supasimon o‘lkasida joylashgan. O‘zbekiston va Qirg‘izistonda ham temir ruda konlari bor, ammo ular hali ishga tushirilganicha yo‘q.
Rangli metall konlari Qozog‘iston past tog‘larida, Тyanshan va Pomir tog‘larida, Markaziy Qizilqum past tog‘larida tarqalgan (Olmaliq, Jezqazg‘an, Muruntov, Uchquloch va b.).
Fosforit konlari Qoratov, Qizilqum va boshqa joylardan topilgan. Zarafshon vodiysida, Qashqadaryo va Surxondaryo vodiylarida, Kaspiybo‘yida tosh tuzi va osh tuzi konlari bor.

Marmar konlarining eng yiriklari O‘zbekistonning Nurota tog‘ida (G‘ozg‘on), Omonqo‘ton va Oqtoshda joylashgan.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.