Nosir Xisrav
Nosir Xisrav
(1004-1072)
Nosir Xisrav (to`liq nomi Abu
Mu’iniddin Nosir Xisrav al-Qubodiyoniy al-Marvaziy) Janubiy va Janubi-g`arbiy
Osiyodagi qator mamlakatlarga sayohat qilgan va ko`p sarguzashtlarni boshidan
kechirgan sayyohdir. U 1004-yilda Balx shahri yaqinidagi qadimiy Qabodiyon qishlog`ida
tavallud topgan. Dastlabki ta’limni o`z qishlog`ida olgan. Keyin bir necha yil o`sha
vaqtlardagi poytaxt Balxda yashadi. So`ng Marv (hozirgi Turkmaniston hududida) shahriga
ko`chib o`tgan va o`sha yerda davlat xizmatida bo`lgan. Marvda yashagan chog`ida
falsafa, matematika fanlarini, qadimgi yunon olimlari asarlarini va o`zidan
oldin O`rta Osiyoda yashab o`tgan taniqli olimlar merosini chuqur o`rgandi, o`z
zamonasining yetuk kishilaridan biri bo`lib yetishdi.
1045-yilning kuzida Nosir Xisrav o`zining
birinchi sayohatini amalga oshirgan. Marvni suv bilan ta’minlaydigan Murg`ob
daryosi bo`ylab janubga yurdi va uning boshlanish joyigacha yetib bordi. Ushbu sayohatdan
ilhomlangan Nosir Xisrav 1046-yil bahorida Arabiston safariga jo`nagan.
Manbalarda yozilishicha, uning bu safari XI asrda amalga oshirilgan eng uzoq
muddatli, qiziqarli sarguzasht va ma’lumotlarga boy bo`lgan sayohatlardan biri hisoblanadi.
Mazkur sayohat Marvdan boshlanib, Eronning shimoliy qismi, Armaniston, Turkiya
janubi, Arabistonning Makka va Madina shaharlari, Livan va hozirgi Isroil
yerlaridan o`tib Misrgacha davom etgan. Nosir Xisrav Misrdan hozirgi Tunis hududiga ham
sayohat qilgan.
1052-yilda olim tuyalar karvoni bilan Afrika
shimolidagi cho`lni kesib o`tib, Qizil dengiz orqali yana Arabistonga qaytdi va
so`ng Makka orqali Iroqqa yo`l oldi. Nosir Xisrav shu safari chog`ida Arabiston
cho`llarida juda ko`p mashaqqatlarni boshdan kechirgan. Iroqning Basra shahriga
yetib kelganida, xatto, yurishga xoli kolmagandi. Bu haqda o`zi shunday yozgan:
«Biz Basraga kelganimizda juldur kiyimda va bedarmon edik, telba odamlarga o`xshardik.
Uch oydan beri soch-soqolimiz olinmagan... Menda va ukamda faqat eski lungi qoldi,
sovuqdan yelkamizga bir parcha churik sholcha tashlaganmiz. ...Hammom yonidagi
bolalar bizni jinni deb bilishdi shekilli, ketimizdan ergashib, masxara qilib,
bizga tosh ota boshladilar». Nosir Xisrav Basradan Eronning Obodon bandargohigacha
kemada borgan va u yerdan tuya karvoni bilan butun Markaziy Eron orqali o`tib,
1053-yilda Balx shahriga qaytib kelgan.
Nosir Xisravning bu sayohati 7 yil
davom etib, o`zining guvohlik berishicha, u taxminan 2220 farsah ya’ni 15 ming
kilometrga yaqin masofani bosib o`tgan. Shundan keyin, olim Hindistonning shimoliy
viloyatlariga sayohat qildi. Uning o`z asarlarida «Men dunyoning turli iqlimlarida,
Arabiston va Eron, Hind va Turk mamlakatlarida bo`lganman», «Bu singarini men
na Lohurda, na Multonda ko`rganman», deb yozganlari uning Janubiy Osiyo sayohatida
ham bo`lganidan dalolat beradi.
Nosir Xisrav Sharq tomonga ham sayohat
qilishni orzu qilardi. Xatto, «Sayohatnoma»da «...agar Sharqqa sayohat qilsam,
u yerlarda ko`rgan narsalarni tasvirlab beraman», deb yozgan ham. Lekin Misrda o`z
bilimini oshirgan olimning qarashlari, muloxazalari va ta’limoti o`sha davr din
ahllariga ma’qul bo`lmay, tug`ilgan yurtida ta’qib ostiga olingan. Shu sababli
olim Pomir etaklariga, Badaxshonga ketishga majbur bo`ldi. Manbalarda
keltirilishicha, olim umrining so`nggi yillarini Badaxshondagi Yumgon qishlog`ida
o`tkazgan va shu yerda 1088-yilda taxminan 85 yoshida vafot etgan.
O`z sayohatlaridan olgan
taassurotlari, kuzatishlari, diniy- falsafiy muloxazalarini qo`llagan holda
Nosir Xisrav o`nlab kitoblar yozgan. «Safarnomai Nosiri Xisrav» nomli sayohat
kundaligi, «Rushnoyinoma» («Ma’rifat kitobi»), «Zod al-musofirin» («Musofirlar yo`l
anjomi»), «Jomi al-hikmatayin» («Xikmatlar yig`indisi»), «Vajhiddin»,
«Saodatnoma» («Baxt kitobi») kabi asarlar shular jumlasidandir. Ayniqsa,
olimning «Safarnoma»si geografiya fani nuqtai-nazaridan juda muhim
ma’lumotlarni o`z ichiga olganini ta’kidlash joiz.
«Safarnoma»da
keltirilgan ma’lumotlar Nosir Xisrav o`z zamonasida dunyo geografiyasiga oid
bilimlarni chuqur o`zlashtirganidan dalolat beradi. Olim bu asarida o`zi sayohat
qilgan mamlakatlarning batafsil ta’rifini bergan va shu bilan birga o`zi
bormagan o`lkalar hamda eshitgan xodisalar to`g`risida ham yozgan. Nosir
Xisravning Eron shimolidagi Tabriz
shahrini tasvirlashi fikrimizga dalil bo`ladi: «Bu - Ozarbayjonning poytaxti
Gavjum shahar. Shaharning bo`yi va enini qadam-baqadam o`lchab chiqdim har
tomonga 1400 qadamdan ekan... Men hisoblab chiqdim, Balxdan Raygacha 350 farsax
masofadir... Ray bilan Amul orasida Damovand tog`i bor, u gumbazga o`xshash...
Aytadilarki, bu tog`ning tepasida bir choh borki, undan dud chiqadi,
oltingugurt ham bor»... «Aytadilarki, Obiskun (Kaspiy) dengiziga 1400 ta daryo
kelib quyiladi, dengizning bo`yi 1200 farsax va uning o`rtalarida orollar ko`p».
Nosir Xisrav Livanning Marrat
an-Nu’mon nomli qishlog`ini tasvirlab, shunday deydi: «Bu dalalarda nukul bug`doy
ekadilar, hosili ham bisyor. Daraxtlar har xil: zaytun, pista, bodom va uzum. Shaharning
suvi yomg`irdan to`planadi va quduqdan olinadi». O`rtayer dengizi bo`ylarida
«tepalik joy bo`lmasa, shahar ko`rmaydilar, toki dengizdan suv qalqib kelishi
va qirg`oqka to`lqin urilishidan xavotirdalar». Olim keltirgan bu satrlar uning
qishloq xo`jalik geografiyasi va joyni shaharshunoslik nuqtai-nazaridan baholash
masalalaridan yaxshi xabardor bo`lganligidan dalolat beradi.
Sayyoh janubi-g`arbiy Osiyodagi shaharlarni
ta’riflab, shunday yozadi: «Ramla shahrining aholisi yomg`ir suvini ichadi. Har
xonadonda suvdon bor, unga yomg`ir suvini yig`ib qo`yadilar»... «Halab - muhtasham
shahardir... Chamamda, Balxdan kam emas»... «Tarablusda yaxshi qog`oz
ishlaydilar, Samarqand qog`oziga o`xshash. Undan yaxshirokdir. Bu yerga Rumdan,
Farangistondan, Andalus va Mag`ribdan kemalar kelib turadi. Bu yerdan Rumga va
Mag`ribga kemalar qatnaydi»...
Nosir Xisravning Nil daryosi to`g`risidagi
ma’lumotlari ham qimmatli: «Nil daryosi janubi-g`arbdan kelib, Misr yonidan o`tadi
va Rum dengiziga qo`yiladi... Nil suvi ko`payganda Termiz yonidagi Jayhunning
(Amudaryo) suvidan ikki baravar ortiq ko`rinadi... Aytadilarki, Asvon shahridan
yuqoriga kemalar yura olmaydi, chunki suv tor daralardan burkirab oqadi va
baland qoyalardan uchib tushadi». Nosir Xisrav tomonidan aytilgan XI asrdagi
Nil daryosining yuqori qismlariga oid bu ma’lumotlar o`sha davr nuqtai-
nazaridan birmuncha ilg`or ilmiy xulosalar hisoblanadi.
Olimning Arabiston yarimoroli haqida yozib qoldirgan
ma’lumotlari uning bu hududni to`la kezib chiqqanidan dalolat beradi.
«Arabiston uch tomondan dengiz bilan o`ralgan, shundan yarimoroldir. Sharqini -
Basra dengizi, g`arbini
- Qulzum (Qizil) dengizi, janubini - Okean o`rab turadi. Bu yarimorolning
uzunligi Qufadan Adangacha (shimoldan janubga) 500 farsaxcha, eni Sharqdan g`arbga,
Ummondan Joragacha - 400 farsaxcha»... Olim Arabiston dengizida kuniga ikki
marta suv qalqishini va bu xodisaning Oyning holatiga bog`liqligini qiziqarli
dalillar bilan isbotlab bergan ham.
Nosir Xisravning «Safarnoma»siga xarita ilova qilingan
bo`lib, unda sayyoh olimning turli joylarga borganligi haqidagi ma’lumotlar aniq
sanalar bilan ko`rsatilgan.
Ammo mutaxassislarning fikricha, xaritaning
mazmuni kitobning matniga unchalik to`g`ri kelmaydi. Jumladan, xaritaga ko`ra
Nosir Xisrav Quddusdan Qoxiraga o`tgan, keyin Arabistonga, Makkaga borgan.
Aslida esa sayyohning Quddusdan to`g`ri Makkaga borganligi va u yerdan qaytgandan
so`nggina Misrga borganligi «Safarnoma»da yozilgan. Nosir Xisrav xaritada
Iskandariya dengizi deb O`rtayer dengizining janubiy qismini tushungan, Qayruvon
esa Tunisdagi qadimiy shahardir. Olimning Qayruvonda va Bag`dodda bo`lganligini
«Men Shomdan to Qayruvonga qadar hamma shahar va qishloqlarni kezib chiqdim...
Misrda qayiq va kemalar shunchalik ko`pki, Bag`dod bilan Basraning ikkalavidagi
qayiq va kemalarni birga qo`shganda ham o`shancha kelmaydi», deb «Safarnoma»da
yozgan satrlari isbotlab turibdi.
«Safarnoma»da
olimning bevosita kuzatishlari natijasida to`plangan turli mamlakatlarning qazilma
boyliklari, xo`jaligi, savdo aloqalari, aholining urf-odatlari, shaharlaridagi
tarixiy binolar to`g`risida ham ma’lumotlar bor. O`z zamonasining yetuk kishisi
bo`lgan Nosir Xisrav, turli sohalarda bemalol mushohada yurita olishi bilan
hamyurtlarini lol qoldirgan. Qisqacha aytganda, Nosir Xisrav olim va sayyoh,
shoiru faylasuflarning xislatlarini o`zida jamlagan ko`p qirrali kishi edi.
Yozib qoldirgan asarlaridagi ma’lumotlarga ko`ra, Nosir Xisrav bir necha bor
o`lim xavfini boshdan kechirib, hayotdan umidini uzgan va shunday bo`lsa-da, o`z
maqsadi sari intilgan tinib-tinchimas sayyoh, olim bo`lgan.
Nosir Xisravning «Safarnoma» asari
1948-yilda ilk bor qisqartirib rus tiliga tarjima qilingan va hozirda uning o`zbek
tilidagi nusxasi ham kitobxonlarga havola etilgan. H. Hasanovning fikricha, Nosir Xisravning
«Safarnoma»sidagi dunyo to`g`risidagi tasavvuri Abu Rayxon Beruniyning qarashlariga
bir qadar yaqin. Bu esa Beruniyning Yerning tuzilishi haqidagi ilmiy
fikrlarining o`sha davrlarda mintaqamizda yashagan olimlar o`rtasida qanchalik
kuchli ta’sirga ega bo`lganligidan dalolat beradi.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.