Sanoat tarmoqlari geografiyasi 

19 029

METALLURGIYA SANOATI
  Metallurgiya sanoati jahon xo'jaligini, asosan, konstruksiyabop materiallar - qora va rangdor metallar bilan ta’minlaydi. Garchi mamlakatlar xo'jaligida boshqa xil konstruksiyabop materiallar, jumiadan, plastmassalarning ahamiyati ortib borayotgan bo‘lsa-da, ular po'latning o‘rnini bosa olmaydi. Shu sababli ham u hozirgi jahon xo'jaligining ahamiyatli negiz tarmoqlaridan hisoblanadi.
  Metallurgiya sanoati o'z navbatida mustaqil qora va rangdor metallurgiya sanoatlariga bo'linadi.
 Qora metallurgiya sanoatining xususiyatlaridan biri - asosiy mahsulotlari hisoblanadigan cho'yan, po'lat va prokat ishlab chiqarish jarayonida juda katta hajmdagi temir rudasi, kokslanadigan ko'mir va boshqa xil resurslarni ishlatishidir. Shu sababli dastlabki yillarda tarmoq korxonalari, asosan, yirik kokslanadigan ko‘mir konlari hududlarida shakllandi. FTI davrida tarmoqda yangi ishlab chiqarish texnologiyasiga o`tish tufayli temir rudasi va kokslanadigan ko`mirni jahonning turli mintaqalaridan keltirish imkoniyatlari ancha kengaydi. Natijada G'arbiy Yevropa davlatlari, Yaponiya, qisman AQSHning qora metallurgiya korxonalari tobora dengiz portlari atroflarida joylashtirila boshlandi.
  Jahon qora metallurgiya sanoatida hozirgi vaqtda xomashyo resurslarini yetkazib beruvchi, tayyor metall mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi va ularni iste’mol qiluvchi mamlakatlar guruhlari shakllangan. Jumladan, temir rudasini jahon bozoriga chiqarishda Braziliya, Avstraliya, Hindiston, JAR, Liberiya davlatlari, po'lat ishlab chiqarishda Xitoy, Yaponiya, Rossiya, AQSH, Ukraina, Germaniya davlatlari ajralib turadi. Umuman, jahonda yiliga 1 mlrd. temir rudasi qazib olinadi. Uning asosiy qismi Xitoy, Braziliya va Avstraliyaga to`g`ri keladi (50-60%). Temir rudasini katta miqdorda import qiluvchi mamlakatlar – AQSH, Xitoy, Buyuk Britaniya, Yaponiya, GFR, Koreya Respublikasi. Tayyor metall mahsulotlarini iste’mol qilishda esa, asosan, iqtisodiy rivojlangan mamlakatlar yetakchilik qilmoqdalar. Jahonda ishlab chiqarilayotgan po'latning 80 foizi rivojlangan davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Ularning hissasi yuqori sifatli qora metall mahsulotlarini tayyorlashda, ayniqsa, yuqori
  Rangli metallurgiya sanoati murakkab tarmoqlar tarkibiga ega bo‘lib, o‘nlarcha xildagi metallar (mis, aluminiy, rux, qo`rg'oshin, volfram, oltin, kumush, uran va boshqalar)ni ishlab chiqarishni o'z ichiga oladi. Yetakchi tarmog`i – alyuminiy ishlab chiqarish.
  Rivojlanayotgan mamlakatlar rangli metallurgiyada xomashyo resurslarini yetkazib berishga va rivojlangan mamlakatlar esa iste’molga tayyor rangdor metallar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Masalan, mis rudalarini qazib olish va jahon bozoriga chiqarishda Markaziy Afrikadagi Zambiya va Kongo Demokratik Respublikasi davlatlari yetakchilik qiladi. Ularning hududi bo'ylab "Mis mintaqasi” deb ataladigan misga boy havza yotadi. Bundan tashqari, bunday resurslarga Chili, AQSH, Kanada ham ancha boy. Toza (rafinad) misni ishlab chiqarishda esa AQSH, Yaponiya, Germaniya, Fransiya kabi rivojlangan mamlakatlar yetakchilik qilmoqda.
  Shunga o`xshash holatni nisbatan yengilligi uchun qanotli metall deb nom olgan aluminiy sanoatida ham ko‘rish mumkin. Tarkibida aluminiy metali bo'lgan boksit, nefelin, alunit rudalariga eng boy davlatlar Avstraliya, Gvineya, Yamayka va Braziliyadir. Lekin tozalangan aluminiyni ishlab chiqarish va iste’mol qilishda yana AQSH, Yaponiya, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya kabi rivojlangan mamlakatlar ajralib turadi.

MASHINASOZLIK VA METALLNI QAYTA ISHLASH
  Mashinasozlik va metallni qayta ishlash tarmog`i ishlab chiqarayotgan mahsulotlari umumiy qiymatiga ko`ra sanoat tarmoqlari orasida eng yirigi va ahamiyatlisidir. Unga yalpi sanoat mahsuloti qiymatining 35%i to`g`ri keladi. U turli mashina va texnologik uskunalar, murakkab o`lchov apparatlari va asboblar, kompyuter texnikasi va raketa-kosmik texnikasi, bir so`z bilan aytganda, "ignadan samolyotgacha” turli xildagi mahsulotlar ishlab chiqaradi.
  Mashinasozlik yetakchi sanoat tarmog‘i sifatida ichki yonuv dvigatellari hayotga tatbiq etila boshlagan XVIII asrning oxirlaridan boshlab rivojlanib kelayotganligini yaxshi bilasiz. Hozirgi vaqtda bu tarmoqning hududiy joylashishiga va rivojlanishiga oldingidek xomashyo (metall, plastmassa, oyna va boshqalar) emas, ko‘proq malakali ilmiy xodimlar va ishchi-xizmatchilarning yetarli bo`lishligi, transport va iste’mol omillari ta’sir ko'rsatmoqda.
 Jahon mamlakatlari mashinasozlikning rivojlanish darajasiga ko'ra turlicha ko'rsatkichlarga ega. U rivojlangan mamlakatlarda, asosan, yuqori darajada rivojlanishga erishgan, rivojlanayotgan mamlakatlarda esa uning ko'rsatkichlari ancha past.
  Mashinasozlikning rivojlanish darajasiga ko'ra jahonning to'rt mintaqasi alohida ajralib turadi. Ularning eng yirigi Shimoliy Amerika mintaqasidir. Undagi AQSH, Kanada va Meksika davlatlari hissasiga jahon mashinasozlik mahsulotlarining 30 foizi to'g'ri keladi va deyarli barcha xildagi mashina va uskunalar ishlab chiqariladi. 
  Ikkinchi mintaqa Yevropa mamlakatlari bo‘lib, ishlab chiqaradigan mahsulotlari hajmi va sifati jihatidan birinchi mintaqadan hech ham qolishmaydi. U, asosan, ommaviy mashinasozlik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
  Mashinasozlikning uchinchi mintaqasi Sharqiy va Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlaridir. U an’anaviy mashinasozlik mahsulotlari bilan birga yuqori texnologiyaga asoslangan fantalab hisoblash texnikasi (radio-telemexanika, maishiy xizmat texnikasi) mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Unda Xitoy va Yaponiyaning o‘rni eng yuqori.
  MDH mamlakatlari jahonning to'rtinchi mashinasozlik mintaqasini tashkil qiladi. Garchi mintaqa mashinasozlikning eng muhim mahsulotlarini ishlab chiqarish imkoniyatlariga ega bo‘lsa-da, sifat ko‘rsatkichlariga ko‘ra boshqa mintaqalardan orqada.
  Ayniqsa, fantalab mashinasozlik tarmoqlari nisbatan sust rivojlangan. Shu sababli uning mavqeyi tobora pasayib bormoqda.
  Barcha rivojlanayotgan mamlakatlar hissasiga dunyo mashinasozlik mahsulotlarining 1/10 qismiga yaqini to‘g‘ri keladi. Ammo hozirgi vaqtda ularda mashinasozlik sanoatining o'sish sur’atlari ancha yuqori. Ayniqsa, Braziliya, Hindiston, Argentina, Meksika, Osiyoning yangi industrial davlatlarida (KoreyaRespublikasi)da bu borada sezilarli yutuqlar kuzatilmoqda. O`zbekiston ham o`zining avtomobilsozlik tarmog`I orqali jahon bozoriga tobora dadil kirib bormoqda. Bu holat yaqin kelgusida ular hissasining oshishiga olib keladi. 
  Ba’zi mashinasozlik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi eng yirik davlatlar qatorida rivojlangan mamlakatlar bilan birga rivojlanayotgan mamlakatlar ham tobora ko‘p ko'zga tashlanmoqda.

KIMYO VA NEFT-KIMYO SANOATI
  Kimyo sanoati FTI davrida sanoatning rivojlangan tarmoqlaridan biridir. U XX asr davomida alohida tarmoq sifatida shakllandi va eng yuqori sur`atlarda rivojlanishga erishdi. Ko`p sifatlariga ko`ra mazkur tarmoq mashinasozlik sanoatiga o`xshab ketadi. U ham to`rt mintaqada har taraflama rivojlanishga erishgan. Bular Yevropa, Shimoliy Amerika, Sharqiy va Janubi-sharqiy Osiyohamda MDH davlatlaridir. 
  Hozirgi vaqtda jahon kimyo mahsulotlarining 23-24% I Yevropada ishlab chiqarilmoqda. Ushbu ko`rsatkich AQSHda 20% ga, Yaponiyada 15% ga< Fors ko`rfazi mintaqasida 7%ga teng. Unda va ikkinchi mintaqa hisoblanadigan Shimoliy Amerika (ayniqsa, AQSH)da kimyo sanoatining deyarli barcha tarmoqlari, birinchi navbatda, neftni qayta ishlash va neft-kimyo har taraflama rivojlangan. Uchinchi mintaqaning o`zagi Yaponiya va Xitoy hisoblanadi. Ularda hamm organic sintez kimyosining sintetik tola, sintetik kauchuk, polimerlar kimyosi tarmoqlari yuqori mavqega ega. Sobiq Ittifoq davlatlaridan iborat to`rtinchi mintaqada, ayniqsa, tog` kimyosi va asosiy kimyo tarmoqlarining ahamiyati katta.

O`RMON, YOG`OCHNI QAYTA ISHLASH VA SELLULOZA-QOG`OZ SANOATI
  O`rmon va yog`ochni qayta ishlash sanoatining hududiy joylashuvi ko`p hollarda jahon o`rmon resurslari geografiyasiga monand shakllangan. XXI asr boshlarida jahon bo`yicha bir yilda jami 4 mlrd. m kub yog`och tayyorlanadi. Shuning 2/3 qismiga yaqini Shimoliy o`rmon mintaqasi hissasiga to`g`ri keladi. Ma`lumki, Shimoliy o`rmon mintaqasida, asosan, ignabargli daraxtlar o`sib, ulardan yog`och-taxta, selluloza-qog`oz va boshqa mahsulotlar ishlab chiqariladi. Ushbu mintaqada joylashgan Kanada, AQSH, Rossiya, Finlandiya, Shvetsiya davlatlari yog`och va yog`ochsozlik mahsulotlari ishlab chiqarishda xalqaro ixtisoslashuvga ega. Bu davlatlar yog`och-taxta va selluloza-qog`oz ma tayyorlash va eksport qilishda ham eng yuqori ko`rsatkichlarga ega. Bu borada Kanada alohida ajralib turadi. U jon boshiga yog`och tayyorlashda birinchi o`rinda turadi. Unda 1500 dan ortiq taxta tilish zavodlari bor. U dunyodagi eng katta selluloza-qog`oz kombinatiga ega. G`arbda ishlab chiqarilayotgan gazeta qog`ozning 40% i va gazeta qog`ozi eksportining  60% i ham shu davlat hissasiga to`g`ri keladi. Shu bilan birga, jon boshiga qog`oz ishlab chiqarishda Finlandiya, Shvetsiya va Kanada davlatidan oldinda turadi. Jahon bo`yicha bu ko`rsatkich o`rtacha 45 kg ni tashkil qiladi.

YENGIL SANOAT
  Yengil sanoat aholining kundalik iste`mol mahsulotlari ishlab chiqaradigan eng yirik tarmog`idir. Shu sababli u barcha, shu jumladan, rivojlanayotgan mamlakatlar iqtisodiyotining muhim tarmog`i sanaladi. Yengil sanoatda eng yetakchi tarmoqlar bo`lib to`qimachilik, tikuvchilik va charm-poyabzal tarmoqlari hisoblanadi. 
  To`qimachilik sanoati, bir tomondan, sanoatning eng "eski”, ikkinchi tomondan esa doimo yangilanayotgan va o`sayotgan tarmoqlaridan hisoblanadi. 
  Hozirgi vaqtda jahon to`qimachilik sanoatining beshta yirik mintaqasi mavjud. Bular Sharqiy Osiyo, Janubiy Osiyo, MDH mamlakatlari, Yevropa va AQShdir. Ularda to`qimachilik mahsulotlarining asosiy qismini ip-gazlama va kimyoviy tolalardan to`qilayotgan gazlamalar tashkil qiladi. Muhimi shundaki, bunday gazlamalarning umumiy hajmi doimo ortiqb bormoqda. Shoyi, jun va zig`ir gazlamalar hissasi esa, aksincha, sekin-asta kamayib bormoqda. 
  Umuman, hozirgi vaqtda jahon yengil sanoatining ko`pchilik tarmoqlari rivojlanayotgan mamlakatlarda jadal sur`atlarda o`smoqda. Buning natijasida Xitoy, Hindiston, Pokiston, Misr kabi mamlakatlarda ishlab chiqarilgan gazlamalar, kiyim-kechak, trikotaj mahsullotlari Shimoliy Amerika, Yevropa, Yaponiya kabi rivojlangan davlatlarning ichki bozorida o`z o`rnini topmoqda. Rivojlanayotgan mamlakatlardagi bunday natijalarni ularda: 1) ishchi kuchining ancha arzonligi;  2) to`qimachilik sanoati xomashyolari (tola) ning nisbatan serobligi bilan tushuntirish mumkin. Hozirgi vaqtda ishlab chiqarilgan ip-gazlamaning 30%i Xitoyga, 8-9%i Hindiston, AQSH, Yaponiya, Tayvan, Indoneziya, Pokiston, Italiya, Misrga, jun gazlamaning 15%i Xitoyga, 14%i Italiyaga, katta qismi Yaponiya, AQSH, Hindiston va boshqa mamlakatlarga to`g`ri keladi.  

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.