Momaqaldiroqdan so’ng paydo bo’ladigan chaqmoq inson hayoti uchun jiddiy xavf 

6 862

 Bangladeshda yashin urishidan kamida 35 kishi, jumladan ayollar va bolalar halok bo’ldi. Birgina Pabna shahrida 8 kishining vafot etgani ma’lum qilindi.
 Sirajgandj va Rajshaxi okruglarida 10 kishi, Kishorgandj va Braxmanbarxiya okruglarida 8 kishi halok bo’ldi. Poytaxt  Dakkada yomg`ir yog`ayotgan bo’lishiga qaramay futbol o’ynayotgan ikki nafar talaba vafot etdi. Yana yetti kishining o’limi  mamlakatning boshqa xududlarida qayd qilindi. Tabiiy ofat qurbonlarining katta qismini ochiq dalada ishlayotgan fermerlar tashkil qiladi. Shuni ta’kidlash kerakki, Bangladeshning bir qator mintaqalarida bir haftadan beri jazirama kuzatilganidan keyin  yog`ingarchilik yuz berdi.
 Tabiat hodisalaridan hisoblanmish momaqaldiroqdan so’ng paydo bo’ladigan chaqmoq inson hayoti uchun jiddiy xavf ekani tan olinadi. Ma’lumki, chaqmoqdan so’ng tushadigan yashin ochiq havoda bo’lgan inson va hayvonlarga katta tahdid soladi. Ko’p hollarda yashin daraxt va temiryo’llarga o’rnatilgan transformator qurilmalari ustiga tushadi va yong`in keltirib chiqaradi. Baland daraxtlar yashinlarning asosiy nishonidir. Shu sababli yog`ingarchilik va momaqaldiroq vaqtida daraxtlar, ayniqsa sayhonlikda turgan yolg`iz daraxtlar tagidan panoh topish havflidir. Shu bilan birga daraxtlar binolarni yashin urushidan saqlovchi tabiiy moslama ekani tan olinadi. Binolar yaqiniga o’tqazilgan yashil daraxtlar yashinni qaytaradi. Shuni ta’kidlash kerakki, yashin urgan daraxtlardan yaxshi musiqa asboblari yasalishi ham sir emas.
  Yashinning binolar ichiga kirishi aslo mumkin emas. Biroq yashin shari ochiq derazalar orqali uy ichiga xam kirishi mumkin, degan qarashlar mavjud. Yashin televizor va radio antennalari, telefon simlari uchun ham xavflidir. Shu sababli  momaqaldiroq vaqtida uy telefonidan foydalanmaslik tavsiya qilinadi. Suv quvurlariga ham yaqinlashmaslik lozimligi aytiladi. Mutaxassislar momaqaldiroq vaqtida barcha elektr jihozlari o’chirilishi kerak deya  maslahat   berishadi.
  Samolyotlarga keladigan bo’lsak, havo kemalari momaqaldiroqlar faolligi kuzatiladigan mintaqalardan parvoz qilmaslikka harakat qilinadi. To’g`ri, yo’lovchilar ziyon ko’rmaydi, biroq samolyotlarning tashqi qismiga ziyon yetishi, radioaloqa, navigatsiya qurilmalari va elektronikasini ishdan chiqarishi mumkin. 2010-yilning 14-avgustida Kolumbiya aviakompaniyasigna tegishli samolyotni qo’nish vaqtida yashin uradi. O’shanda 114 kishi jarohat olib, bir kishi halok bo’lgan edi.
  2011-yil 12-may kuni Londondagi Xitrou  aeroportida «Emirates» aviakompaniyasiga tegishli Airbus A380 ni yashin urdi. Ҳech kim ziyon ko’rmadi. 2015-yilning 7-aprelida Islandiya poytaxti Reykyavikdan AQShning Denver shahriga parvoz qilayotgan Icelandair aviakompaniyasiga tegishli samolyotni yashin urdi. Statistika ma’lumotlariga ko’ra, har yili momaqaldiroq vaqtida har bir samolyot bir necha bor yashin bilan to’qnashadi.
  Shuni ta’kidlash kerakki, zamonavviy Boeing, Airbus rusumli va xarbiy samolyotlar elektr razryadlaridan himoya qilingan. Bu rusumdagi samolyotlar ob-xavo qanday bo’lishidan qatiy nazar parvoz qilish   imkoniyatlariga ega.
  AQShning Virjiniya shtatida istiqomat qiluvchi  Roy Sallivanni 7 marta yashin urgan. Shu sababli ham u Ginnessning rekordlar kitobiga  kiritilgan. Uni ilk bor 1942-yilning iyun oyida yashin urgan edi. Shundan keyin 1969-yilda, 1970-yilda, 1972-yilda, 1973-yilda, 1976-yilda va nihoyat 1977-yilning 25-iyunida  yashin urdi. Barchasida yengil jaroxat oldi. So’nggisi esa ancha xavfli bo’ldi. Sallivan kasalxonga yotqizildi. Eng qizig`i, u o’z ajali bilan bu dunyodan ketar ekan, dafn marosimida kuchli momaqaldiroq kuzatildi. Yashin tushishi oqibatida qabr toshi  ikkiga bo’linib ketdi. Vidolashishga kelganlar  hazil aralash  "nazorat yashin urishi bo’ldi” deyishdi.
  Amerkalik va angliyalik olimlar bir-birlaridan bexabar holda yashin urishi bilan bog`liq xolatlarni o’rganishdi. Yashin asosan erkaklar ustiga tushishini aniqlashdi. Ingliz olimlarining fikricha, yashin urganlarning 85 foizini erkaklar tashkil qiladi. Amerikaliklar esa bu raqam 87 foiz deb aytishadi. Buning siri nimadaligi xamon aniqlanmagan.
  Mutaxassislarning fikricha, har yili jahonda yashin urishidan, ayrim ma’lumotlarga ko’ra 6 ming, boshqa ma’lumotlarga ko’ra 24 ming kishi vafot etib, 240 mingga yaqin kishi jarohat oladi.  Yer yuzida har soniyada 2 mingga yaqin momaqaldiroq bo’lib, 50 maratoba  yashin urish hodisasi ro’y beradi. Yer sharining har bir kvadrat metriga  bir yilda olti marta   yashin tushar ekan.  Olimlarning hisob-kitoblariga qaraganda, 600 mingdan bir xolatdagina yashin odamlar ustiga tushadi. Biroq yil sayin bu raqam ortib bormoqda ekan. Jabrdiydalarni xuddi tok urgandek bo’ladi. Ular hushini yo’qotib, qulab tushadi. Shaytonlash alomatlari kuzatiladi. Yurak urushi to’xtab qoladi.
Sharofidin TO`LAGANOV
"O`zbekiston" teleradiokanali DUK "Axborot" informatsion eshittirishlar
muharririyati "Xalqaro hayot" guruhi bo`lim mudiri

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.