Ob-havo injiqliklari 

8 037

 Sayyoramiz atmosferasi pastki qatlamining holati va uning turli-tuman o’zgarishlari ob-havo deb ataladi. Ob-havo so’zini ma’lum vaqtda muayyan joydagi havoning holati deb tushunish kerak. Ob-havo mudom o’zgarib, turli tabiat hodisalari ro’y berib turadi.
  1976-yilda yer sharida ob-havo misli ko’rilmagan darajada o’zgarib, turli ofatlar keltirib chiqardi. Masalan, G`arbiy Yevropada, chunonchi, Angliya, Fransiya, Belgiya va Italiyada so’nggi yuz yil mobaynida haddan tashqari issiq va qurg`oqchilik bo’ldi. Shu tufayli bu mamlakatlarning ba’zi o’lkalarida o’rmonlarda yong`in chiqdi. Sena, Temza, Reyn va Maas kabi daryolar benihoya sayozlandi. Angliya hatto xorijiy ellardan ichimlik suv sotib olishga majbur bo’ldi. Keyin ob-havo yana o’zgarib, bir necha kun to’xtovsiz jala quyib, ko’p joylarni suv bosdi, qurg`oqchilikdan omon qolgan don ekinlari namgarchilikdan nobud bo’ldi. Yer sharining boshqa joylarida ham ob-havoga bog`liq tabiiy hodisalari ro’y berdi. Masalan, Braziliyada to’rt oy davom etgan qurg`oqchilikdan so’ng to’satdan qor yog`di. Qizig`i shundaki, braziliyaliklarning ko’pchiligi umrida qor ko’rmagan, chunki bu o’lkada deyarli qor yog`maydi. Argentinaning ayrim joylarida havoning harorati —7°C gacha pasayib ketdi. Afrikada Sahroyi Kabirning janubida joylashgan mamlakatlar qurg`oqchilik dastidan katta zarar ko’rsa, subtropik o’lkalar toshqinlardan ozor chekdi.
  Ob-havoning bu qadar katta ko’lamdagi ofatlarni keltirib chiqarajagini hatto meteorologlar ham oldindan bilolmadilar. Ular XX asr mobaynida yer sharida iqlim shu tarzda uch marta keskin o’zgarganligini qayd qilganlar, xolos. Iqlimning dastlabki o’zgarishi 1920-yilda sodir bo’lgan, shu vaqtda Arktikada iqlim birdaniga ilib ketgan.
  1940-yillardan boshlab shimoliy yarimsharda iqlim yana soviy boshlaydi, keyin tag`in biroz isiydi. 1969- va 1976-yillarda O’zbekistonda qish ancha sovuq keldi. 1977-yilning bahorida yog`ingarchilik kam bo’ldi.
 Keyingi yillardagi ob-hayo o’zgarishlariga qarab iqlim keskin o’zgarmoqda, desa bo’ladimi? Bu shunchaki oddiy masala ham emas, shu bilan birga bekorchi gap ham emas. Iqlim qadimdan o’zgarib kelmoqda. Iqlimning o’zgarishi davriy xarakterga ega.
 O’tgan million yillar mobaynida shimoliy yarimsharda bir necha muzlanish davri kuzatilgan. Muzlanish davrida Yevropa, Osiyo va Shimoliy Amerikaning katta qismlari qalin muz qatlami bilan qoplangan. Muzlanish davrlari almashinib turadi. Bir muzlanish davridan ikkinchi muzlanish davrigacha taxminan 10-12 ming yil vaqt o’tadi. Juda uzoq davom etadigan bu oraliq davrda ham nisbatan qisqa vaqt iqlim o’zgarishlari ro’y beradi. Masalan, 1600-1850-yillar oralig`ida undan keyingi yillardagiga nisbatan iqlim sovuqroq bolgan. Yuqorida aytib o’tilganidek, XX asrning birinchi yarmida Arktika ancha ilidi. 1940-yillardan to 1972-yilgacha iqlim yana sovigan. Hozir Yer sharining ayrim joylarida iqlim ilimoqda. Ob-havodagi bunday o’zgarishlarga asosiy sabab Quyosh faoliyatidagi tebranishlardir. Yaqin 50—100 yil ichida iqlim qanday o’zgaradi? Bu savolga ilm-fanning hozircha aniq javob berishi qiyin.
  Ko’pchilik olimlar 1960-yillardayoq ob-havoning o’zgarishi Quyoshning davriy faolligiga bog`liq bo’lib, 1990-yillardan boshlab iqlim ilishi kerak, degan fikrni aytishgan. Iqlim o’zgarishini Yer magnit maydonidagi o’zgarishlarga bog`lovchi mutaxassislar ham bu fikrga qo’shilganlar. Boshqa mutaxassislar esa kishilarning xo’jalik faoliyati tufayli atmosfera tutun, chang kabi chiqindilar bilan ifloslanishi natijasida iqlim isiydi, degan fikrni bayon etganlar.
  Hozirgi vaqtda xalq xo’jaligining ob-havo bilan qiziqmaydigan biron sohasini ko’rsatish qiyin. Ba’zi vaqtlarda tez-tez bo’lib turadigan ob-havo o’zgarishlari: momaqaldiroq bo’lib jala quyishi, do’l yog`ishi, tog`li hududlarda sel kelib, suv toshqinlari bo’lishi xalq xo’jaiigiga katta moddiy zarar yetkazishi mumkin.
 Odamlarning hayoti va butun faoliyati ob-havo bilan bevosita bog`liq. Havoning harorati, bosimi, shamol, bulut, yog`ingarchilik, quyosh nuri, atmosferaning ionlashganligi kabi omillar odamning sog`lig`iga, ishtahasiga, kayfiyatiga, faoliyatiga va mehnat unumdorligiga bevosita ta’sir etadi. Ob-havo qanday bo’lishini oldindan aytish kishilar hayoti, qishloq xo’jalik ishlari uchun muhim ahamiyatga ega. Yekinlardan yuqori hosil yetishtirish uchun yerni ishlash, urug` ekish, uni parvarishlash va hosilni yig`ib-terib olish ishdarini o’z vaqtida bajarish kerak. Buning uchun esa ob-havo qanday bo’lishini oldindan bilish zarur, shunda mazkur ishlarga oldindan tayyorgarlik ko’rib qo’yish mumkin bo’ladi. Sovuqlar qachon boshlanishi, qor yoki yomg`ir qachon yog`ishi oldindan ma’lum bo’lsa, hosilni nobud qilmay o’z vaqtida yig`ib-terish uchun, ob-havoning noqulay kelishidan yuz beradigan zararlarning oldini olish uchun zarur choralar ko’rib qo’yiladi va hokazo.
 Respublikamizda ob-havoni oldindan aytish markaziy institutining ob-havo bolimi osmonda parvoz qilayotgan yoki aeroportlarda havoga ko’tarilmoqchi bo’lib turgan samolyotlarni bo’lajak ob-havo o’zgarishlari haqida ogohlantirib turadi.
  Ertaga qanday ob-havo bo’lishini oldindan aytish juda murakkab masala. Buning uchun avvalo joylarda, ya’ni tundradan tortib bepoyon jazirama cho’lgacha, qalin o’rmonlardan tortib baland tog`largacha, quruqlik hamda daryo havzalarida ob-havo bugun qanday bo’lganligini yaxshi bilish zarur. Ob-havoning o’zgarishini kuzatib turavchi minglab meteorologiya stansiyalari ob-havoni oldindan aytish markaziy inslitutiga sutkasiga bir necha marta bu haqda malumot yuboradilar. Bu ma’lumotlar meteorologik yo’ldoshlardan olingan ma’lumotlar bilan to’ldiriladi, zamonaviy kompyuter dasturlari yordamida hisob-kitob qilinadi. So’ngra yaqin bir-ikki kun mobaynida ob-havo qanday bo’lishi haqida xulosa chiqariladi.
  Xalqlar, xususan, ko’proq vaqtini ochiq havoda o’tkazuvchi dehqon va chorvadorlar, shuningdek, ko’chmanchi xalq juda qadim zamonlardayoq tabiatda bo’ladigan hodisalarni kuzatib, ob-havoning qanday bo’lishini oldindan bilishga va shunga qarab ish tutishga odatlanganlar.
 Ob-havoni oldindan aytish alomatlari avloddan avlodga o’lib, sinalib, takomillashib kelgan. Ob-havo qanday bo’lishini ma’lum alomatlarga qarab aytib berish mumkinligi keyinchalik kuzatishlar natijasida tasdiqlangan.
 Ertaga ob-havo qanday bo’lishini osmon jismlari, Quyosh va Oyning holatiga, atmosferada ro’y beradigan turli hodisalarga, o’simliklarda, hayvonlarda va insondagi ba’zi o’zgarishlarga qarab bilish mumkin. Atmosferada sodir bo’ladigan, ammmo meteorologiya asboblari qayd qilolmaydigan o’zgarishlarni ayrim o’simliklar, jonivorlar hamda inson seza oladi. Masalan, suyak, bo’g`in, yurak-qon tomiri xastaliklari bilan og`ruvchi bemorlar ob-havoning keskin o’zgarishini oldindan sezadilar. Bir misol: Nemis olimi F.Pfeyfer mana bunday bir voqeani hikoya qiladi: «Bir necha yil ilgari eshik oldida yuz-ko’zlarini ro’molcha bilan bekitib olib ingrayotgan bir mo’ysafidni ko’rdim. Ertalab soat sakkizlar edi. Yoniga borib hol-ahvolini so’radim, u javob bermay ingrayverdi. Mo’ysafidga nima bo’lganini hech kim bilmas, u esa odamlarning yordamini rad etardi. Bir soatlar chamasi vaqt o’tdi. U hamon ingrar, qiynalardi. Unga nima bo’lganini yana surishtirganlardan u ingroq tovushda: «Qachon chaqmoq chaqadi?» — deb so’radi. Ajabo! Mo’ysafidning bunday holatiga chaqmoqning nima daxli bor ekan, dersiz. Osmonda chaqmoq tugul bulutdan ham asar yo’q. Lekin mo’ysafid tinmay ingrar, titrar edi. U ko’chaga chiqqanidan keyin kuchli og`riq sezganini aytdi. Bu ob-havoning o’zgarishiga bog`liq edi. Tez orada osmonni qora bulut qoplab oldi. Keyin momaqaldiroq gumburlab, chaqmoq chaqdi.
  Shu vaqt qiziq hodisa ro’y berdi: mo’ysafid qattiq seskandi-yu, dik etib joyidan turdi, ko’z yoshlarini artdi, sochlarini taradi va xuddi hech narsa ro’y bermagandek yo’lga ravona bo’ldi. U sharillab yog`ayotgan yomg`irga ham e’tibor bermay, shahdam qadam tashlab ketaverdi…

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.