Ahmad Farg`oniy 

30 744

                                                                        

Ahmad Farg`oniy 

(797-865) 
  Dunyodagi qator fanlarning rivojiga katta hissa qo`shgan ulug` allomalardan biri IX asrda yashab ijod etgan hamda geografiya, astronomiya, matematika va geometriya fanlari rivojiga salmoqli hissa qo`shgan yurtdoshimiz, G`arb mamlakatlarida Alfraganus nomi bilan mashhur Abul Abbos Ahmad ibn Muhammad Kasir al-Farg`oniydir.
  Ahmad Farg`oniy 797-yilda Farg`onada tug`ilgan va dastlabki ilmni shu yerda olib, voyaga yetgan. So`ng o`sha zamonda sharqda mashhur bo`lgan Bag`doddagi «Bayt al-hikma» akademiyasida ilmiy ishlar bilan shug`ullandi. Ahmad Farg`oniy ushbu ilm dargohida mashhur olim, algebra fanining otasi hisoblangan yurtdoshimiz Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy bilan birga faoliyat ko`rsatish baxtiga musharraf bo`lgan. Shuningdek, Farg`oniy Misrda, Nil daryosi bo`ylarida ilmiy-nazariy va ilmiy-amaliy tadqiqotlarni amalga oshirgan.
  Mutaxassislarning fikricha, hozirgi vaqtda Ahmad Farg`oniyning 8 ta asari ma’lum, ammo Rizoulloh Ansoriyning yozishicha, uning qoldirgan asarlari soni 11 ta. Al-Farg`oniy asarlaridan «Al-Komil fil-usturlob» («Usturlob to`g`risida mukammal ma’lumot»), «Fi sanoat al-Usturlob» («Usturlob san’ati to`g`risida»), «Yetti iqlim», «Astronomiya ilmiy asoslari» va «Javomi ilm an-nujum val harakat as-samoviy» («Samoviy harakatlar va astronomiya kitobi»)  kabilar butun jahon astronomlari orasida ma’lum va mashhur.
 Darhaqiqat, Ahmad Farg`oniyning astronomiya fani rivojiga qo`shgan hissasi beqiyos. U yo`lduzlarning orasidagi, Yerdan Quyosh, Oy va boshqa sayyoralargacha bo`lgan masofani va ushbu osmon jismlarining hajmini aniqlab, jadval tuzgan. Ushbu jadvaldan barcha astronomlar, jumladan, yevropaliklar astronomiyaning «asoschisi», deb hisoblaydigan Nikolay Kopernik ham foydalangan. Shuningdek, osmon jismlarining harakatlarini mukammal o`rgangan Ahmad Farg`oniy, Quyosh va Oy tutilish hodisalarini ham ilmiy asoslab bergan.
  Ahmad Farg`oniy yo`lduzlar ilmining sultoni, deb tan olingan Mirzo Ulug`bekdan besh asr oldin Quyosh va yo`lduzlarning harakat yo`nalishini, shuningdek, Yerning shar shaklida ekanligi va u ikki qutbni birlashtiruvchi o`q atrofida harakatlanishini isbotlab bergan. Ahmad Farg`oniy bu haqda shunday yozgan: «Olimlarning masalaga qarashlari har xil bo`lishi mumkin, lekin haqiqat bitta. Mana shunday haqiqiy g`oyalardan biri - Yer va osmonning shar shaklidaligidir. Haqiqatan Yer osmondagi barcha yoritgichlar bilan birga, biri-shimolning boshida, ikkinchisi - janubning oxirida bo`lgan ikki harakatlanmaydigan qutb (orqali o`tuvchi o`q) atrofida harakat qiladi». 
  Ahmad Farg`oniy birinchi bo`lib ekvator doirasining Yerning ufq doirasi bilan ustma-ust tushadigan qutb doirasini, qutb tuni va qutb kuni mavjudligini hamda kun va tun tengligini ilmiy isbotlab bergan. Bu haqda u shunday yozgan: «Ammo shunday bir joy borki, unda qutb 90 darajada ko`rinadi va zenit bo`lib qoladi. Unda ekva­tor doirasi hamma vaqt Yerning ufq doirasi bilan ustma-ust tushadi. U holda osmonning ekvatorga nisbatan shimoliy yarmi Yer ustida abadiy ko`rinadi, janubiy yarmi esa abadiy ko`rinmaydi. Agar Quyosh saratonning boshida bo`lsa, kun 24 soat bo`lib, tun bo`lmaydi. Agar Quyosh Jadiyning boshida bo`lsa, tun 24 soat bo`lib, kun bo`lmaydi. Qutbning balandligi ekliptikaning ekvatorga og`ishiga teng bo`lgan joylarda Quyosh zenitdan bir yilda bir marta o`tadi».
  Yerning shar shaklida ekanligiga asoslangan holda Axmad Far­g`oniy Yer meridianining bir darajasi uzunligini aniqlashga muvaffaq bo`lgan. Oradan 800 yil o`tgach, Amerikani kashf etgan mashhur sayyoh Xristofor Kolumb hamda XVI asrda Yer shari bo`ylab aylanma sayohatni amalga oshirgan Fernando Magellan Ahmad Farg`oniyning Yer shari hajmini hisoblash uchun ishlatgan bir daraja meridian uzunligi haqidagi hisob-kitoblarining naqadar to`g`ri ekanligi haqida yozib qoldirishgan.
  Ahmad Farg`oniy Misrda, Nil daryosi bo`ylarida qator ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib bordi. Izlanishlarining natijasi o`laroq olim Nil daryosidagi suvning hajmi va tezligini o`lchaydigan inshoot - nilomerni yaratgan. Aynan shu nilomerning ko`rsatkichlaridan foydalangan holda Misrda qishloq xo`jaligining asosiy tarmog`i hisoblangan dehqonchilikni samarali va oqilona tashkil etish mumkin bo`lgan.
  Ahmad Farg`oniy tomonidan Nil daryosining Roda orolida yaratilgan nilomer daryo sathidan past qilib qazilgan to`rtburchak quduq bo`lib, 3 xil balandlikdagi kanallar orqali daryo bilan tutashtirilgan. Quduqning ichki qismiga tosh terilgan va pastki qismiga tosh zinalar orqali tushish mumkin. Inshootning o`rta qismiga sakkiz burchakli tosh ustun o`rnatilib, 19 tirsaqqa (1 tirsak taxminan 54 sm.ga teng) bo`lingan.
  Manbalardan ma’lum bo`lishicha, agar sug`orish mavsumida Nil daryosida suv sathi 12 tirsakkacha ko`tarilsa, hosil bo`lmay, mamlakatda ocharchilik kutilgan, 13 tirsakda bug`doy hosil bermagan, 14 tirsakda o`rtacha hosil yetishtirilgan, 15  tirsakda ekinlar yaxshi hosil bergan va nihoyat, 16 tirsakda esa hosil nihoyatda ko`p bo`lib, mamlakatda mul-ko`lchilik boshlangan. Ammo suvning 19 tirsakdan balandga ko`tarilishi mamlakatda toshqinlar bo`lishi, ekin maydonlari va hosilga zarar yetishidan darak bergan.
  Nilomer Nil daryosi suvidan oqilona foydalanish, dehkonchilik va aholining iqtisodiy holatini oldindan aniqlash imkonini berardi. Misrda dehqonlarga soliq solish masalalari ham nilomer ko`rsatkichlari asosida amalga oshirilgan. Shunisi e’tiborga loyiqki, Ahmad Farg`oniy yaratgan ushbu inshoot hozirgi kunda ham o`z ahamiyatini yo`qotgan emas.
Misr hukumati vatandoshimiz Ah­mad Farg`oniyning ushbu mamlakat oldidagi xizmatlariga yuksak ehtirom ramzi sifatida Nil daryosidagi Roda orolida uning haykalini o`rnatishga qaror qildi. Ushbu haykal Prezidentimiz Islom Karimovning 2007-yilda Misrga qilgan rasmiy tashrifi chog`ida tantanali ravishda ochilgan.
  Ahmad Farg`oniyning nomi asrlar osha uning Buyuk Britaniya, Fransiya, AQSH, Marokash, Misr, Hindiston, Germaniya, Eron, Rossiya va boshqa bir qator orolidagi Ahmad Farg`oniy mamlakatlarning yirik kutubxonalarida saqlanayotgan qo`lyozma asarlarida yashab kelmoqda. Mazkur qo`lyozmalar dunyoning bir necha tillariga tarjima qilingan va ulardan jahondagi yetakchi ilm dargohlarida uzoq vaqtlar o`quv qo`llanmasi sifatida foydalanilgan. Ushbu jarayon hozirda ham davom etayotir.
  Jumladan, kremonalik Gerardo XII asrdayoq Ahmad Farg`oniyning «Javomi ilm an-nujum val harakat as-samoviy» asarini lotin tiliga o`girgan. XIII asrda esa mazkur kitob Yevropaning boshqa tillariga ham tarjima qilingan. Bu asardan qariyb XV asrga qadar asosiy astronomiya darsligi sifatida foy­dalanilgan ham. Golland arabshunosi va matematigi Yakov Golius 1667-yilda Amsterdamda mazkur kitobni arab va lotin tilida nashr qildirib, Al-Farg`oniy (yevropacha Alfraganus) nomini butun dunyoga tanitdi. Hatto, italiyalik adib Dantening «Ilohiy komediya»sida ham ulug` Alfraganus nomi tilga olingan.
  Respublikamizda dunyo fani rivojiga o`lkan hissa qo`shgan alloma Ahmad Farg`oniyning 1200 yillik yubileyi 1998-yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Fan, ta’lim va madaniyat masalalari bo`yicha tashkiloti (YuNESKO) bilan hamkorlikda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan keng nishonlandi. Shu munosabat bilan buyuk yurtdoshimizga ehtirom sifatida Farg`ona shahrida me’moriy majmua barpo etilib, uning markazida allomaning yo`lduzlar xaritasini qo`lida tutgan holda viqor bilan turgan haykali mavjud. Bu joy nafaqat farg`onaliklarning, balki Farg`ona vodiysiga tashrif buyuradigan har bir kishining ziyoratgohiga aylandi.
  Ahmad Farg`niyning nomi fazoda ham abadiylashtirilgan. Mashhur polshalik astronom Yan Gaveliy o`zining 1647-yilda chop etilgan «Selenografiya» kitobida yozishicha, XVI asrdayoq Oydagi kraterlardan biri Ahmad Farg`oniy nomi bilan atalgan. 

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.