Abu Ali ibn Sino


Abu Ali ibn Sino  

Abu Ali ibn Sino
(980-1037) 
  Yevropa mamlakatlarida «Avitsenna» nomi bilan mashhur Abu Ali ibn Sino ko`pchilikka tib ilmi asoschilaridan biri sifatida ma’lum. Ammo Sharq uyg`onish davrining yirik namoyandalaridan bo`lmish Ibn Sino qomusiy olim bo`lib, nafaqat tibbiyot, balki falsafa, astronomiya, matematika, geografiya va tabiatshunoslikka oid ko`plab asarlar ham yozgan.
  Manbalarda yozilishicha, Ibn Sinoning otasi asli Balxlik bo`lgan va Buxoroga ko`chib  kelgach, Xurmaysan qishlog`ida yashagan. Unga qo`shni bo`lmish Afshona qishlog`idan uylangan va O`sha yerda o`rnashib qolgan. X asr tarixchisi Narshaxiy ta’biri bilan «Afshina katta bir shahar bo`lib, qal’asi bor. Bir necha qishloqlar unga qarashlidir. Odamlar u joyni tabarruk deydilar, xaftaning muayyan bir kunida u yerda bozor bo`ladi». Ibn Sino 980-yilda xuddi shu qishloqda (hozirgi Buxoro viloyatining Peshku tumanida) dunyoga kelgan.
  Bir necha yildan so`ng oila Buxoro shahriga ko`chib kelgach, Ibn Sino savod chiqarib, turli fanlarni o`rgana boshlaydi. Amir Nux ibn Mansur Qattiq betob bo`lib qolganida davolagani uchun Ibn Sinoga mamlakatning eng sara asarlar yig`ilgan saroy kutubxonasida kitob mutolaa qilshga ijozat bergan. Tinimsiz o`qish va izlanishlar tufayli, Ibn Sino Buxoroning eng bilimdon olimi va mohir tabibi bo`lib yetishdi. Olim o`z asarlaridan birida «yoshim o`n sakkizga borganida bor ilmlarning hammasini egallab bo`lgan edim», deb yozgan.
 O`sha paytlarda Buxoroda hukm so`rgan vaziyat Ibn Sinoni dastlab Buxorodan Xorazmga, undan Xurosonning Jurjon va Nishopur shaharlariga ko`chishga majbur qildi.
                     
 
  Keyinchalik Eronning Isfaxon shahrida bir necha yil yashab, umrining oxirgi yillarini shu mamlakatdagi Hamadon shahrida o`tkazgan va 1037-yili O`sha yerda vafot etgan. Olimning maqbarasi xuddi shu shaharda joylashgan bo`lib, hozir ham tabarruk qadamjolardan biridir.
  Ma’lumotlarga ko`ra Ibn Sino 300 tacha asar yozgan va «Tib qonunlari» va «Kitob ash-shifo» olimning eng yirik asarlaridir. Bu asarlarda astronomiya, geologiya, fizika, adabiyot, falsafa, biologiya va geografiyaga oid o`z zamonasiga yarasha ilgor va ilmiy muloxazalar mavjud.
  Ibn Sinoning geografiya va geologiya fanlari bo`yicha ilgari so`rgan fikrlari og`izdan-og`izga o`tib, O`sha paytlarda fanda mavjud ba’zi noto`g`ri fikrlarning qayta tekshirilishiga sabab bo`lgan. G`arbiy yevropaliklar birinchi asr olimi Ptolemeyning kitoblariga asoslanib, ekvator atrofi jazirama issiq bo`ladi, u yerlarda hamma narsa kuyib ketadi, u tomonlarda hayot yo`q, deb bilganlar. Ammo XV asr boshida, Portugaliya qiroli Genrix Dengizchi asir olingan musulmon olimlarini so`roq qila turib, g`alati bir muloxazani eshitgan: «Garchi oftob naq tepangizda tursa ham, ekvator eng issiq joy emas, u joyning issig`ini kechki shabada ancha bo`shashtiradi. U tomonda hayot mavjud, mashhur olimimiz Ibn Sino shunday deb yozganlar». Ibn Sinoning bu dadil fikri Ptolemey ta’limotiga tamomila zid bo`lsa-da, buyuk geografik kashfiyotlar davrida amalga oshirilgan bir qator sayohatlarga dalda bergani, shubxasiz. Chunki XV asr o`rtalaridan boshlab janubiy o`lkalarga ketma-ket ekspeditsiyalar uyushtirilgan, 1487-1488-yillarda Hind okeaniga Afrikaning janubidan o`tib boriladigan dengiz yo`li ochilgan, Amerikaga birinchi yevropalik qadam qo`ygan, yangidan-yangi orollar va hududlar kashf etilgan.
  Ibn Sino hayoti davomida tez-tez sayohat qilgan va ko`p yurtlarni kezgan. Buxorodan keyin Xorazmda, Turkmanistonda, Eron shaharlarida va Jurjon (Kaspiy) dengizi bo`ylarida yasha­gan. Olim o`z asarlarida bu joylarning xususiyatlarini misol tariqasida ko`plab keltirgan. Olimning Hind okeani, Arabiston, Nil vodiysi, Uzoq Shimol, tropik mamlakatlarni taqqoslaganligi uning o`sha o`lkalar to`g`risida bir qator kitoblarni o`kiganligidan va sayyohlar bilan juda ko`p suhbatlashganidan dalolat beradi.
  Ibn Sinoning iqlim, atmosfera va meteorologik elementlar to`g`risidagi izohlari ham ilmiy nuqtai-nazardan juda to`g`ri bo`lib, hozir ham ahamiyatini yo`qotmagan. Olim, xavoning tarkibi murakkab, u haqiqiy havo (vodorod va kislorod), suv bug`lari, chang, dud va olov bo`lakchalari (uglerod) aralashmasidan iborat, deb aytib o`tgan. Joyning iqlimi shaharlarning geografik kengligiga, joylarning baland-pastligiga, tog` va dengizlarga yaqinligiga, shamollar yo`lida turganligiga va tuproqqa (ya’ni yer yuzasiga) bog`lik, degan dadil fikrlarni bayon etgan. Agar zamonaviy iqlimshunoslik fani asoslariga nazar solsak, iqlim xosil qiluvchi omillar hozirgi vaqtda ham ayni shu taxlitda izohlanadi.
  Ibn Sino hozirgi zamon geologiya, geografiya, geomorfologiya, meteorologiya va iqlimshunoslik fanlarida qo`llanilayotgan bir qator qonuniyat va tushunchalarni yaratishga muvaffaq bo`lgan. Tabiiy sharoitda turli unsurlarning inson salomatligiga ta’sirini to`g`ri baholay olgan. Olimga ehtirom sifatida dunyoning turli mamlakatlarida, jumladan, Belgiyaning Kortreyk shahrida haykal o`rnatilgan.

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing!

Sharhlar

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив