Nosir Xisrav 

12 996

Nosir Xisrav
(1004-1072)
  Nosir Xisrav (to`liq nomi Abu Mu’iniddin Nosir Xisrav al-Qubodiyoniy al-Marvaziy) Janubiy va Janubi-g`arbiy Osiyodagi qator mamlakatlarga sayohat qilgan va ko`p sarguzashtlarni boshidan kechirgan sayyohdir. U 1004-yilda Balx shahri yaqinidagi qadimiy Qabodiyon qishlog`ida tavallud topgan. Dastlabki ta’limni o`z qishlog`ida olgan. Keyin bir necha yil o`sha vaqtlardagi poytaxt Balxda yashadi. So`ng Marv (hozirgi Turkmaniston hududida) shahriga ko`chib o`tgan va o`sha yerda davlat xizmatida bo`lgan. Marvda yashagan chog`ida falsafa, matematika fanlarini, qadimgi yunon olimlari asarlarini va o`zidan oldin O`rta Osiyoda yashab o`tgan taniqli olimlar merosini chuqur o`rgandi, o`z zamonasining yetuk kishilaridan biri bo`lib yetishdi.
  1045-yilning kuzida Nosir Xisrav o`zining birinchi sayohatini amalga oshirgan. Marvni suv bilan ta’minlaydigan Murg`ob daryosi bo`ylab janubga yurdi va uning boshlanish joyigacha yetib bordi. Ushbu sayohatdan ilhomlangan Nosir Xisrav 1046-yil bahorida Arabiston safariga jo`nagan. Manbalarda yozilishicha, uning bu safari XI asrda amalga oshirilgan eng uzoq muddatli, qiziqarli sarguzasht va ma’lumotlarga boy bo`lgan sayohatlardan biri hisoblanadi. Mazkur sayohat Marvdan boshlanib, Eronning shimoliy qismi, Armaniston, Turkiya janubi, Arabistonning Makka va Madina shaharlari, Livan va hozirgi Isroil yerlaridan o`tib Misrgacha davom etgan. Nosir Xisrav Misrdan hozirgi Tunis hududiga ham sayohat qilgan.
 1052-yilda olim tuyalar karvoni bilan Afrika shimolidagi cho`lni kesib o`tib, Qizil dengiz orqali yana Arabistonga qaytdi va so`ng Makka orqali Iroqqa yo`l oldi. Nosir Xisrav shu safari chog`ida Arabiston cho`llarida juda ko`p mashaqqatlarni boshdan kechirgan. Iroqning Basra shahriga yetib kelganida, xatto, yurishga xoli kolmagandi. Bu haqda o`zi shunday yozgan: «Biz Basraga kelganimizda juldur kiyimda va bedarmon edik, telba odamlarga o`xshardik. Uch oydan beri soch-soqolimiz olinmagan... Menda va ukamda faqat eski lungi qoldi, sovuqdan yelkamizga bir parcha churik sholcha tashlaganmiz. ...Hammom yonidagi bolalar bizni jinni deb bilishdi shekilli, ketimizdan ergashib, masxara qilib, bizga tosh ota boshladilar». Nosir Xisrav Basradan Eronning Obodon bandargohigacha kemada borgan va u yerdan tuya karvoni bilan butun Markaziy Eron orqali o`tib, 1053-yilda Balx shahriga qaytib kelgan.
 Nosir Xisravning bu sayohati 7 yil davom etib, o`zining guvohlik berishicha, u taxminan 2220 farsah ya’ni 15 ming kilometrga yaqin masofani bosib o`tgan. Shundan keyin, olim Hindistonning shi­moliy viloyatlariga sayohat qildi. Uning o`z asarlarida «Men dunyoning turli iqlimlarida, Arabiston va Eron, Hind va Turk mamlakatlarida bo`lganman», «Bu singarini men na Lohurda, na Multonda ko`rganman», deb yozganlari uning Janubiy Osiyo sayohatida ham bo`lganidan dalolat beradi.
 Nosir Xisrav Sharq tomonga ham sayohat qilishni orzu qilardi. Xatto, «Sayohatnoma»da «...agar Sharqqa sayohat qilsam, u yerlarda ko`rgan narsalarni tasvirlab beraman», deb yozgan ham. Lekin Misrda o`z bilimini oshirgan olimning qarashlari, muloxazalari va ta’limoti o`sha davr din ahllariga ma’qul bo`lmay, tug`ilgan yurtida ta’qib ostiga olingan. Shu sababli olim Pomir etaklariga, Badaxshonga ketishga majbur bo`ldi. Manbalarda keltirilishicha, olim umrining so`nggi yillarini Badaxshondagi Yumgon qishlog`ida o`tkazgan va shu yerda 1088-yilda taxminan 85 yoshida vafot etgan.
 O`z sayohatlaridan olgan taassurotlari, kuzatishlari, diniy- falsafiy muloxazalarini qo`llagan holda Nosir Xisrav o`nlab kitoblar yozgan. «Safarnomai Nosiri Xisrav» nomli sayohat kundaligi, «Rushnoyinoma» («Ma’rifat kitobi»), «Zod al-musofirin» («Musofirlar yo`l anjomi»), «Jomi al-hikmatayin» («Xikmatlar yig`indisi»), «Vajhiddin», «Saodatnoma» («Baxt kitobi») kabi asarlar shular jumlasidandir. Ayniqsa, olimning «Safarnoma»si geografiya fani nuqtai-nazaridan juda muhim ma’lumotlarni o`z ichiga olganini ta’kidlash joiz.
 «Safarnoma»da keltirilgan ma’lumotlar Nosir Xisrav o`z zamonasida dunyo geografiyasiga oid bilimlarni chuqur o`zlashtirganidan dalolat beradi. Olim bu asarida o`zi sayohat qilgan mamlakatlarning batafsil ta’rifini bergan va shu bilan birga o`zi bormagan o`lkalar hamda eshitgan xodisalar to`g`risida ham yoz­gan. Nosir Xisravning Eron shimolidagi Tabriz shahrini tasvirlashi fikrimizga dalil bo`ladi: «Bu - Ozarbayjonning poytaxti Gavjum shahar. Shaharning bo`yi va enini qadam-baqadam o`lchab chiqdim har tomonga 1400 qadamdan ekan... Men hisoblab chiqdim, Balxdan Raygacha 350 farsax masofadir... Ray bilan Amul orasida Damovand tog`i bor, u gumbazga o`xshash... Aytadilarki, bu tog`ning tepasida bir choh borki, undan dud chiqadi, oltingugurt ham bor»... «Aytadilarki, Obiskun (Kaspiy) dengiziga 1400 ta daryo kelib quyiladi, dengizning bo`yi 1200 farsax va uning o`rtalarida orollar ko`p». 
  Nosir Xisrav Livanning Marrat an-Nu’mon nomli qishlog`ini tasvirlab, shunday deydi: «Bu dalalarda nukul bug`doy ekadilar, hosili ham bisyor. Daraxtlar har xil: zaytun, pista, bodom va uzum. Shaharning suvi yomg`irdan to`planadi va quduqdan olinadi». O`rtayer dengizi bo`ylarida «tepalik joy bo`lmasa, shahar ko`rmaydilar, toki dengizdan suv qalqib kelishi va qirg`oqka to`lqin urilishidan xavotirdalar». Olim keltirgan bu satrlar uning qishloq xo`jalik geografiyasi va joyni shaharshunoslik nuqtai-nazaridan baholash masalalaridan yaxshi xabardor bo`lganligidan dalolat beradi.
 Sayyoh janubi-g`arbiy Osiyodagi shaharlarni ta’riflab, shun­day yozadi: «Ramla shahrining aholisi yomg`ir suvini ichadi. Har xonadonda suvdon bor, unga yomg`ir suvini yig`ib qo`yadilar»... «Halab - muhtasham shahardir... Chamamda, Balxdan kam emas»... «Tarablusda yaxshi qog`oz ishlaydilar, Samarqand qog`oziga o`xshash. Undan yaxshirokdir. Bu yerga Rumdan, Farangistondan, Andalus va Mag`ribdan kemalar kelib turadi. Bu yerdan Rumga va Mag`ribga kemalar qatnaydi»...
  Nosir Xisravning Nil daryosi to`g`risidagi ma’lumotlari ham qimmatli: «Nil daryosi janubi-g`arbdan kelib, Misr yonidan o`tadi va Rum dengiziga qo`yiladi... Nil suvi ko`payganda Termiz yonidagi Jayhunning (Amudaryo) suvidan ikki baravar ortiq ko`rinadi... Ay­tadilarki, Asvon shahridan yuqoriga kemalar yura olmaydi, chunki suv tor daralardan burkirab oqadi va baland qoyalardan uchib tushadi». Nosir Xisrav tomonidan aytilgan XI asrdagi Nil daryosining yuqori qismlariga oid bu ma’lumotlar o`sha davr nuqtai- nazaridan birmuncha ilg`or ilmiy xulosalar hisoblanadi.
  Olimning Arabiston yarimoroli haqida yozib qoldirgan ma’lumotlari uning bu hududni to`la kezib chiqqanidan dalolat bera­di. «Arabiston uch tomondan dengiz bilan o`ralgan, shundan yarimoroldir. Sharqini - Basra dengizi, g`arbini - Qulzum (Qizil) dengizi, janubini - Okean o`rab turadi. Bu yarimorolning uzunligi Qufadan Adangacha (shimoldan janubga) 500 farsaxcha, eni Sharqdan g`arbga, Ummondan Joragacha - 400 farsaxcha»... Olim Arabiston dengizida kuniga ikki marta suv qalqishini va bu xodisaning Oyning holatiga bog`liqligini qiziqarli dalillar bilan isbotlab bergan ham. 
  Nosir Xisravning «Safarnoma»siga xarita ilova qilingan bo`lib, unda sayyoh olimning turli joylarga borganligi haqidagi ma’lumotlar aniq sanalar bilan ko`rsatilgan. 
  Ammo mutaxassislarning fikricha, xaritaning mazmuni kitobning matniga unchalik to`g`ri kelmaydi. Jumladan, xaritaga ko`ra Nosir Xisrav Quddusdan Qoxiraga o`tgan, keyin Arabistonga, Makkaga borgan. Aslida esa sayyohning Quddusdan to`g`ri Makkaga borganligi va u yerdan qaytgandan so`nggina Misrga borganligi «Safarnoma»da yozilgan. Nosir Xisrav xaritada Iskandariya dengizi deb O`rtayer dengizining janubiy qismini tushungan, Qayruvon esa Tunisdagi qadimiy shahardir. Olim­ning Qayruvonda va Bag`dodda bo`lganligini «Men Shomdan to Qayruvonga qadar hamma shahar va qishloqlarni kezib chiqdim... Misrda qayiq va kemalar shunchalik ko`pki, Bag`dod bilan Basraning ikkalavidagi qayiq va kemalarni birga qo`shganda ham o`shancha kelmaydi», deb «Safarnoma»da yozgan satrlari isbotlab turibdi.
 «Safarnoma»da olimning bevosita kuzatishlari natijasida to`plangan turli mamlakatlarning qazilma boyliklari, xo`jaligi, savdo aloqalari, aholining urf-odatlari, shaharlaridagi tarixiy binolar to`g`risida ham ma’lumotlar bor. O`z zamonasining yetuk kishisi bo`lgan Nosir Xisrav, turli sohalarda bemalol mushohada yurita olishi bilan hamyurtlarini lol qoldirgan. Qisqacha aytganda, Nosir Xisrav olim va sayyoh, shoiru faylasuflarning xislatlarini o`zida jamlagan ko`p qirrali kishi edi. Yozib qoldirgan asarlaridagi ma’lumotlarga ko`ra, Nosir Xisrav bir necha bor o`lim xavfini boshdan kechirib, hayotdan umidini uzgan va shunday bo`lsa-da, o`z maqsadi sari intilgan tinib-tinchimas sayyoh, olim bo`lgan.
  Nosir Xisravning «Safarnoma» asari 1948-yilda ilk bor qisqartirib rus tiliga tarjima qilingan va hozirda uning o`zbek tilidagi nusxasi ham kitobxonlarga havola etilgan. H.  Hasanovning fikricha, Nosir Xisravning «Safarnoma»sidagi dunyo to`g`risidagi tasavvuri Abu Rayxon Beruniyning qarashlariga bir qadar yaqin. Bu esa Beruniyning Yerning tuzilishi haqidagi ilmiy fikrlarining o`sha davrlarda mintaqamizda yashagan olimlar o`rtasida qanchalik kuchli ta’sirga ega bo`lganligidan dalolat beradi.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.