Yuklanmoqda...

Zamaxshariy 

2007

 

Zamaxshariy
(1075-1144) 
 Buyuk mutafakkir va tafsirchi olim, deya tan olingan Abdulqosim Mahmud ibn Umar az-Zamaxshariy 1075-yilning 19-martida Xorazmning Zamaxshar qishlog`ida tug`ilgan.
Az-Zamaxshariyning yozishicha, yoshligida otdan yiqilib, bir oyog`i mayib bo`lgach, otasi uni tikuvchilik kasbini egallashini istagan ekan. Dastlab otasi qo`lida savod chiqargan va juda chiroyli husnixatga ega bo`lgan Az-Zamaxshariy shaharga, ya’ni Ko`hna Urganch (Jurjoniya) madrasasida ta’lim olishga qaror qildi. Ke- yinchalik Buxoro va Xuroson ilm dargohlarida bilim darajasini yanada oshirgan.
  Az-Zamaxshariy hayoti davomida tinmay sayohat qilgan. Sayyoh olim Sharq, xususan, musulmon mamlakatlarini 1100-1122 va 1127— 1139-yillarda ikki marta kezib chiqqan. Olim Xuroson, Eron, Arabiston, Irok, Yaman, Shom (Suriya) ning Marv, Nishopur, Isfaxon, Bag`dod, Hijoz, Damashq va Makka shaharlarida bo`lib, asarlari uchun boy manba to`plagan.
  1109-yilda Az-Zamaxshariy Bag`dodga yo`l oldi. U yerda turli adabiyotlarni o`rgangan va mudarrislik qilgan. Bag`dodda yashagan vaqtida islom olamining taniqdi olimlari bilan ham suhbat bo`ldi. Bu uning keyingi ijodiga o`z ta’sirini ko`rsatgan. Bag`dodda bir fursat yashagach, olim Makkaga yo`l oldi va Shom (Suriya), Arabistonning qator shaharlarida va Yamanda bo`lgan. Manbalarda yozilishicha, olim o`zining ko`plab asarlarini Makkada yozgan va xuddi shu yerda buyuk olim, deb tan olingan.
  Jumladan, dunyo fani rivojiga qo`shgan hissasiga ehtirom sifatida Az-Zamaxshariy «Jorulloh», ya’ni «Allohning qo`shnisi», «Ustaz ud-dunya» - «butun olam ustozi», «Faxru Xvarezm» - «Xorazm faxri» degan faxrli nomlarga sazovor bo`lgan.
   1139-yilda olim vatani Xorazmga qaytib, umrining oxirigacha shu yerda yashagan. Az-Zamaxshariy Ko`xna O`rganchda dafn etilgan bo`lib, XIV asrda yashab o`tgan taniqli arab sayyohi Ibn Battuta o`zining esdaliklarida Az-Zamaxshariyning gumbaz tomli maqbarasini o`z ko`zi bilan ko`rgani haqida yozgan.
   Az-Zamaxshariy sermahsul olim bo`lib, fanning turli sohalariga oid ellikka yaqin asar yozgan, shulardan yigirma beshtasi bizgacha saqlanib qolgan. Tilshunoslikka oid «Asos al-baloga» («Suzga ustalik asoslari», «Chechanlik poydevori»), islom olamida uning 1134 yilda Qur’oni karimga yozgan sharhlarini (tafsir) o`z ichiga olgan «Al-Kashshof» asarlari juda mashhur. «Al-Kashshof» asari Kur’on tafsiriga oid asarlar o`rtasida eng mukammali ekanligi sharqshunos va arabshunos olimlar tomonidan tan olingan. Shu bois mazkur asardan dunyoning turli mamlakatlari dorilfununlarida darslik sifatida haligacha qo`llanib kelinmoqda.
  Mutaxassislarning fikricha, Az-Zamaxshariy tilshunoslik, adabiyot, geografiya, tarix va boshqa qator fanlarni chuqur o`zlashtirgan qomusiy olim bo`lgan. Fanning mazkur yo`nalishlarida maktab yaratgan olimning 200 dan ortiq shogirdi bo`lgan. Asarlarini bevosita o`rganib, ilmu fanning sirlarini egallagan 100 dan ortiq olimlar o`zlarini g`oyibdan Az-Zamaxshariyning shogirdi, deb hisoblashgan. Til va adabiyot, tafsirga oid asarlar bilan bir qatorda Az-Zamaxshariy «Asmou al-adviya val jibol» («Vodiy va tog` ismlari»), deb atalgan mashhur geografik asar ham yozgan. Kitobning ikkinchi nomi «Kitob al-amkina va al-jibol va al-miyah» («Joylar, tog`lar va suvlar haqidagi kitob») bo`lib, olim uni o`zi bevosita tashrif buyurgan shaharlarda olib borgan kuzatishlariga asoslanib yozgan. Asar arab tilida yozilgan bo`lib, ilk bor 1855-yilda Niderlandiyaning Leyden shahrida nashr etilgan.
 Az-Zamaxshariyning mazkur kitobi Arabiston yarimorolidagi shaharlar, qishloqlar, maqbaralar, machitlar, ziyoratgohlar, tog`lar, vodiylar, suv havzalari nomlarining izohi berilgan muhim toponimik qomus, desak xato bo`lmaydi. Asarning e’tiborli tomoni shundaki, muallif geografik nomlarni alifbo tartibida bergan, ularning ma’nosi, joylarga nega shunday nomlar qo`yilganligi va shunga bog`lik qator qiziqarli hikoyalarni keltiradi. Kitobda Falastin, Suriya, Iroq va Misr kabi malakatlarning nomi tilga olinib, ulardagi shaharlarga oid ma’lumotlar kiritilgan. Unda O`rta Osiyodagi ba’zi joy nomlari uchrasa-da, lekin ularning izohi yo`q. Shuning uchun mutaxassislar Az-Zamaxshariyning ushbu geo­grafik asari tugallanmagan yoki oxirigacha tahrir qilinmagan, deb hisoblaydilar.
  Hozirgacha saqlanib qolgan asarlarining umumiy soni va ular­ning ahamiyatiga tayangan holda Az-Zamaxshariyni nafaqat islomshunos olim, balki sharq geografiyasining rivojiga o`zining o`lkan hissasini qo`shgan geograf va sayyoh-olim, deb aytish mumkin.

 

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив