O‘rta Yevropa 

10 871

Yevrosiyo materigi tarixiy-geologik rivojlanishi va tabiatining xilma-xilligiga ko‘ra ikkita, Yevropa va Osiyo qit'alariga ajratilgan. Yevropa qit'asi tabiatini o‘rgangan tadqiqotchilar ham ko‘plab kichik tabiiy-georgafik o‘lkalarga ajratishgan.

Masalan, Shimoliy Yevropaga Fennoskandinaviya, Islandiya, Shpitsbergen orollari, O‘rta Yevropaga Alp-Karpat tog‘lari, pasttekisliklar, qadimgi yassitog‘liklar (Buyuk Britaniya, Irlandiya orollari), Janubiy Yevropaga esa Pireney, Apennin va Bolqon yarimorollari va O‘rta dengizdagi orollar, Sharqiy Yevropaga Sharqiy Yevropa tekisligi va Kaspiybo‘yi pasttekisligi tegishli. O‘rta Yevropa kichik o‘lkasi tarkibidagi tabiiy-geografik oblastlardan biri Alp-Karpat tog‘laridir.

Alp-Karpat tog‘lari.
Geografik o‘rni. Alp-Karpat tog‘lari kichik o‘lkasi Yevropadagi baland, uzun va ulkan tog‘lardan hisoblanadi. Bu o‘lka G‘arbiy Yevropaning markaziy qismida joylashgan.Alp tog‘ burmalanishi da vujudga kelgan eng yosh tog‘lardan hisoblanadi. O‘z navbatida, bu kichik o‘lka tabiatining o‘ziga xos xususiyatlari bilan farq qiladigan mustaqil Alp va Karpat tog‘lariga bo‘linadi.

Alp tog‘lari
Alp tog‘lari yoy shaklida g‘arbdan sharqqa 1200 km masofaga cho‘zilgan. Tog‘ tizmasi qaysi davlatlar hududida joylashganiga qarab Fransiya Alpi, Italiya Alpi, Shveytsariya Alpi, Vengriya Alpi deb ham atashadi. Alp tizmalari bir-biridan tog‘ vodiylari bilan ajralib turadi. Alp tog‘larining eng baland joyi uning g‘arbiy qismida joylashgan besh qirrali Monblan cho‘qqisidir (4807 m).
Alp tog‘larining iqlimi mo'tadil bo‘lib, qishi yumshoq, yozi salqin. Yiliga 2000-3000 mm atrofida yog‘in tushadi. Sharqqa borgan sari iqlimning kontinentalligi ortib, yog‘ingarchilik miqdori kamaya boradi. Tog‘ning tepalarida doimiy qor va muzliklar hosil bo‘lgan. Muzliklarning maydoni 4140 kv. km bo‘lib, uzunligi 15-27 km gacha cho‘zilgan. Bu muzliklardan Reyn, Rona, Adije, Drava daryolari to‘yinadi. Ular juda sersuv, serostona, gidroenergiya zaxiralariga boy. Tog‘ oraliqlarida kichik ko‘llar ko‘p. Shulardan eng yirigi va dunyoga mashhuri Jeneva, Boden ko‘llaridir.  

Alp tog‘larining shimoliy etaklari va yassitog‘liklarida podzol tuproqlar tarkib topgan. Tog‘ yonbag‘irlari buk va eman o‘rmonlari bilan qoplangan. Bu o‘rmonlar tagida qo‘ng‘ir tuproqlar uchraydi.

Karpat tog‘lari O‘rta Yevropaning sharqiy qismida joylashgan, yoysimon shakldagi tog‘ sistemasidan iborat bo‘lib, tabiiy xususiyatlariga ko‘ra uch qismga - G‘arbiy Karpat, Sharqiy Karpat va Janubiy Karpat tog‘lariga bo‘linadi. Karpat tog‘larining uzunligi 1500 km, o‘rtacha balandligi 800-1200 m, eng baland joyi Baland Tatra tog‘idagi Gerlaxovski-Shtit cho‘qqisidir (2655 m).

Karpat tog‘lari
Karpat tog‘lari yangi tog‘ burmalanishlari, vulqonlar ta'sirida hosil bo‘lgan. Unda foydali qazilmalardan neft, gaz, ko‘mir, temir va marganets rudalari, rangli va nodir metallar, kaliy hamda osh tuzlari mavjud.  
Iqlimi. Alp tog‘larining iqlimiga qaraganda biroz kontinentalroq. Yanvarning o‘rtacha harorati -3°, -5°C. Tog‘ etaklarida yoz issiq, o‘rtacha harorat +17°, +20°C ga teng. Balandlikka ko‘tarilgan sari harorat pasayadi. Yillik yog‘in 800-1000 mm, tog‘ tepalarida 1200-2000 mm.

Karpat tog‘lari daryolarga boy. Undan boshlanadigan Tisa, Olt, Prut, Seret daryolari Dunayga quyiladi. Shimolga oqadigan Elba, Oder, Visla daryolari ham Karpatdan boshlanadi.

Karpatning eng katta tabiiy boyligi tog‘ o‘rmonlaridir. Unga o‘rmonli Karpat deb nisbat berilishi bejiz emas. Tog‘ yonbag‘irlarida keng bargli o‘rmonlar (buk, eman, zarang, qora qarag‘ay) tarqalgan. Eng baland joylari ham tog‘ o‘rmonlari bilan qoplangan. Ular polonilar (yaylovlar) deb yuritiladi. Pasttekisliklarda ahyon-ahyonda pushta deb ataluvchi dashtlar saqlanib qolgan.

Karpat tog‘larida, asosan, qo‘ng‘ir ayiq, to‘ng‘iz, silovsin, olmaxon, suvsar kabi hayvon turlari ko‘p uchraydi.
 

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.