Yuklanmoqda...

Yevrosiyoning sovuq va mo'tadil iqlim mintaqalari 

1235

Iqlim mintaqalari.
  Materikning shimoldan janubga qarab katta masofaga cho‘zilganligi tufayli uning iqlim sharoiti juda ham xilma-xil. Bu yerda arktika iqlim minlaqasidan to ekvatorial iqlim mintaqasigacha bo‘lgan iqlim mintaqalari mavjud. Sovuq iqlim mintaqasiga arktika va subarktika iqlim mintaqalari kiradi.
  Arktika iqlim mintaqasi Yevrosiyoning Arktikadagi orollarini va quruqlikning Shimoliy Muz okeaniga tutashib turgan qismini ishg‘ol etadi. Bu yerda yil davomida sovuq arktika havo massasi hukmronlik qiladi. Harorat yoz oylarida ham past (+1°C, +3°C) bo‘ladi, qishda esa qattiq sovuq uzoq davom etadi. Yozi juda qisqa bo‘lib, qutb quyoshi bir necha oy ufqdan biroz ko‘tarilib turadi va quruqlik yuzasini isita olmaydi. Siklonlar tez-tez takrorlanib turadi. Qishning o‘rtacha harorati past (-40°C) bo‘lib, qor bo‘ronlari takrorlanib turadi. Yillik yog‘in 50-100 mm atrofida qor shaklida yog‘adi. Quruqliklarning asosiy qismi muz va qor bilan qoplangan.
  Subarktika iqlim mintaqasi uncha katta bo‘lmagan polosani egallab, g‘arbda Skandinaviya yarimorolining shimolidan sharqda Bering dengizi sohiligacha davom etadi. Subarktika mintaqasida iqlim Arktika mintaqasining iqlimiga nisbatan biroz iliqroq. Yoz oylarida o‘rtacha harorat +4°C dan +14°C gacha ko‘tariladi. Yil davomida sovuq shamollar esib turadi, bulutli kunlar ko‘p bo‘ladi. Bu yerga 200-400 mm atrofida yog‘in tushadi. Yog‘inlar ko‘proq qor shaklida, g‘arbda yomg‘ir holatida yog‘adi.
  Mo'tadil iqlim mintaqasi Yevrosiyoning eng katta qismini egallab olgan. U g‘arbda Atlantika okeani sohillaridan boshlanib, sharqda Tinch okean sohillarigacha davom etadi. Mo‘'tadil mintaqa iqlim sharoitining shakllanishida Atlantika okeanidan keladigan dengiz havo massasi, materik ichkarisida tarkib topgan kontinental havo massasi va Tinch okeandan keladigan musson havosi muhim rol o‘ynaydi. Shuning uchun bu yerda mo‘'tadil iqlim mintaqasining dengiz, kontinental va musson iqlim tiplari hosil bo‘ladi.
  Yillik yalpi quyosh radiatsiyasi miqdori mintaqaning shimolidan janub tomonga ortib boradi. Masalan, shimolda 1 sm.kv ga 85 kkal, janubda 130 kkal quyosh energiyasi tushadi.
  Yevrosiyoning g‘arbiy qismida Atlantika okeanidan keladigan iliq havo massalarining ta'siri tufayli qish yumshoq, yoz salqin bo‘ladi. Yanvarning o‘rtacha harorati 0°C atrofida, iyulniki esa +15°C, +20°C ga teng. Yog‘ingarchilik yil davomida bo‘lib turadi va uning o‘rtacha yillik miqdori 1000 mm dan oshadi. Quyoshli kunlar yozda kam, bulutli va yog‘inli kunlar esa ko‘p bo‘ladi. Qishda qor kam yog‘adi va tez erib ketadi. Iqlimning bunday xususiyatlari mo'tadil mintaqaning dengiz iqlim tipiga xosdir.
  Mo'tadil mintaqaning sharqiy qismidagi Tinch okean sohillarida musson shamollari hukmron. Bu havo massalari fasllarga qarab almashinib turadi va mo‘'tadil mintaqaning musson iqlim tipini hosil qiladi.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash