Afrikaning ichki suvlari 

21 145


Afrikaning yer usti va yer osti suvlari uning ichki suvlarini tashkil etadi. Ularni havzalar bo‘yicha o‘rganib chiqamiz. Bular Atlantika va Hind okeani havzalari hamda berk havzalardir. Afrikaning yer usti suvlari daryolar, ko‘llar, suv omborlari, kanallardan iborat. Afrikaning eng yirik Nil, Kongo, Niger, Oranj daryolari hamda Viktoriya, Tanganika ko‘llari Atlantika okeani havzasida joylashgan.
Nil - dunyodagi eng uzun (6671 km) daryo. U Sharqiy Afrika yassitog'ligidan boshlanadigan Oq Nil bilan Efiopiya tog‘ligidan boshlanadigan Ko‘k Nil irmoqlarining qo‘shilishidan Nil nomini oladi. Uning irmog‘i Kagera 3° j.k.dan boshlanib, Viktoriya ko‘liga quyiladi. Oq Nil shu ko‘ldan oqib chiqadi. Nil daryosi O‘rta dengizga quyilish joyida katta delta hosil qiladi. Yuqori va o‘rta oqimlarida ostonalar ko‘p. Suv oqimining deyarli 70%i sug‘orishga, bug‘lanishga va tuproqqa shimilishiga sarf bo‘ladi. Vatandoshimiz al-Farg‘oniy (IX asr) birinchi bo‘lib Nil daryosi misolida suv sarfini o‘lchaydigan «nilometr» qurilmasini bunyod etgan.

Kongo (Zair) uzunligiga (4320 km) ko‘ra Afrikada ikkinchi, lekin sersuvligi (1414 km.kub) va havzasining maydoniga (3691 ming km.kv) ko‘ra dunyoda Amazonka daryosidan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Uning Lukuga irmog‘i Tanganika ko‘lidan boshlanadi. Daryoning suv sarfi yil davomida deyarli o‘zgarmaydi. Bunga sabab yillik yog‘inlarning bir me'yorda yog‘ishidir. Kongo quyi va yuqori oqimida ko‘plab ostonalar va sharsharalar hosil qilgan. Jumladan, quyi oqimida Livingston sharsharalar guruhi mavjud. O‘rta oqimida ekvatorni ikki marta kesib o‘tadi. U Nil daryosidan farq qilib, delta hosil qilmaydi.

Niger uzunligiga va havzasining maydoniga ko‘ra Afrikaning uchinchi daryosi. Yuqori va quyi oqimlarida ostonalar va sharsharalar ko‘p. O‘rta oqimida Sahroyi Kabirga tutash tekis va botiq relyefli cho‘l zonasidan oqib o‘tadi. Daryo o‘z yo‘nalishini bir necha marta (shimolga, sharqqa, janubga tomon) o‘zgartiradi. Quyi oqimida katta delta hosil qiladi.

Oranj daryosi Afrikaning janubida joylashgan. U sharqda Drakon tog‘laridan boshlanib, g‘arbda Atlantika okeaniga quyiladi. Daryo tor o‘zandan oqadi. Ostonalar va sharsharalari ko‘p. Kema qatnamaydi. O‘rta oqimida suvi cho‘llarni o‘zlashtirishga sarflanadi.


Afrikaning Zambezi, Limpopo, Rufiji, Tana, Jubba, Uabi-Shebelle va boshqa ko‘plab kichik daryolari Hind okeani havzasidan o‘rin olgan. Bulardan eng yirigi Zambezi daryosidir (uzunligi 2660 km). Daryoda ko‘plab ostonalar va sharsharalar hosil bo‘lgan. Quyi oqimida delta tarkib topgan va kemalar qatnaydi. Daryodagi Viktoriya sharsharasi keng (1800 m) suv oqimini hosil qilib, 120 m balandlikdan tor daraga oqib tushadi. Bu dunyodagi eng yirik va go‘zal manzarali sharsharalardan hisoblanadi.

Berk havzada joylasngan Shan daryosi Chad ko‘liga quyiladi. Afrikaning barcha yirik daryolarida baliqlar mo‘l. Viktoriya, Tanganika, Nyasa ko‘llari asosiy ko‘llardir. Viktoriya tektonik botiqda, qolgan ikkitasi Afrika yer yorig‘ida joylashgan, Barchasi oqar ko‘llardir. Chad, Rudolf, Rukva oqmas ko'llar guruhiga kiradi. Chad ko‘liga yog‘ingarchilik paytida daryolar ko‘p suv keltiradi. Bu paytda ko‘l maydoni ikki baravar kengayadi. Chuchuk ko‘l hisoblanadi. Rudolf va Rukva sho‘r ko‘llardir.


Yer osti suvlari Afrikaning qurg‘oqchil hududlarida yagona suv manbai hisoblanadi. Sahroyi Kabir, Namib, Kalahari va Somali cho‘llarida yer osti suvlari topilgan. Tadqiqotchilar nafaqat chorva mollari uchun, balki ma'lum miqdorda qishloq xo‘jalik ekinlarini sug‘orish va bog‘larni bunyod etish uchun yer osti suv havzalari borligini aniqlashgan. 

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.