Shimoliy Muz okeani 

15 058

Asosiy xususiyatlari. Okeanlarning eng kichigi, Shimoliy qutb atrofida joylashgan, dengizlari okean maydonining yarmini egallaydi, shelf egallagan maydoniga ko‘ra birinchi o‘rinda, eng sayoz, ko‘p yillik muzlar bilan qoplangan yagona okean, eng sovuq, iqlim va tabiat mintaqalari eng kam, qo‘yho‘kiz, oq ayiqlar yashaydi, eng yirik oroli bor, uzoq qutb tunlari va kunlari bo‘ladi.

 Geografik o‘rni. Okean shimoliy qutb atrofida joylashgan. Uni ikkita materik o‘rab turadi. Bering bo‘g‘izi orqali Tinch okean bilan, Skandinaviya yarimoroli - Farer, Islandiya va Grenlandiya orollari - Smit bo‘g‘izi - Kanada arxiрelaglari orqali Atlantika okeani bilan chegaralanadi. Qirg‘oqlari ancha parchalangan. Orollari ko‘p. Maydoni 14 mln kv.km.

 O‘rganilish tarixi. Okean to‘g‘risidagi birinchi ma’lumotni yunon olimi Pifey (er. av. 325- yil) yozgan va „Qayrilgan dengiz" deb nom bergan. Keyinchalik, yevropaliklar Giрerborey (yunoncha,  Borey - „shimoldagi shamollar xudosi") deb atashdi. 1650-yilda B. Varenius mustaqil okean tariqasida ajratdi. XIX asrning boshlarida ichki dengiz sifatida Atlantika okeani tarkibiga kiritildi. 1845-yilda London Geografiya jamiyati, 1928-yilda Xalqaro gidrografik byuro, 1936-yilda Rus Geografiya jamiyati Shimoliy Muz okeanini mustaqil okean tariqasida ajratishga qaror qildilar.

 Okeanni o‘rganishda Pyotr I („Buyuk Shimol ekspeditsiyasi", 1733 - 1743- y.), M. V. Lomonosov (XVIII asrning ikkinchi yarmi), shved olimi N. A. Nordensheld (1878 - 1879-y.) larning tashkil etgan ekspeditsiyalari muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Shu- ningdek, XIX asr oxirida F.Nansen, S.O.Makarov (1899-y.), R.Piri (1909- y.) Shimoliy qutbni birinchi bo‘lib zabt etgan, R.Amundsen  (1903-1906-y., 1918-1920-y.) va boshqalar qimmatli ma’lumotlar to‘pladilar. Hozirgi paytda Rossiya, AQSH va Kanada mutaxassislari Shimoliy Muz okeanining tabiatini o‘rganishmoqda.

Geologik tuzilishi va tabiiy boyliklari. Okean bundan 60 mln yil avval paydo bo‘la boshlagan. Uning tubi geologik jihatdan Shimoliy Amerika va Yevrosiyo litosfera plitalari tarkibiga kiradi. 

 Okean tubida dengiz, daryo va aysberg yotqiziqlari katta maydonda tarqalgan. Ularning qalinligi 1000-3500 m atrofida. Shelf zonasida daryolar, dengiz oqimlari keltirgan cho‘kindi jinslar, okean markazida esa changsimon zarrachalar, biogen yotqiziqlar uchraydi.

 Qazilma boyliklaridan temir rudasi shaxta usulida qazib olinadi, Norvegiya sohillarida titan sochma holda tarqalgan. Neft va gaz Kanadaga tutash suvlarda ko‘p qazib olinadi. Daryolarning quyilish joylarida, Oq, Barens, Norvegiya dengizlaridan ko‘plab baliq ovlanadi va suvo‘tlari yig‘ib olinadi.

Okean tubi relyefi. Suv tubi relyefini o‘rganish bu hududlarning dengiz emas, balki okean ekanligini ko‘rsatdi. Relyefida parallel cho‘zilgan tog‘ tizmalari, ular oralig‘ida chuqur cho‘kma (Litke cho‘kmasi, 5449 m) va botiqlar, katta maydonni egallagan shelflar uchraydi. Shimoliy Muz okeanining boshqa okeanlardan farqi shundaki, uning 70 % maydoni shelflardan iborat. Okeanning o‘rta qismidan tog‘ tizmalari va yer po‘stining tektonik yoriqlari kesib o‘tgan. Okean tagi 2000 km masofaga cho‘zilgan Lomonosov suvosti tog‘ tizmasi (balandligi 2500-3300 m) bilan ikki qismga bo‘lingan. Bu tizmadan g‘arbda Gakkel vulqonli tog‘i va sharqda Mendeleyev tog‘ tizmasi parallel cho‘zilgan. Тizmalar oralig‘ida Amundsen (chuqurligi 4321 m), Nansen (5449 m), Makarov (3940 m), Kanada (3810 m) va boshqa botiqlar joylashgan. Okeanning o‘rtacha chuqurligi 1225 m, eng chuqur joyi 5527 m bo‘lib, u Grenlandiya dengizida joylashgan.

Iqlimi. Okean iqlimining o‘ziga xos xususiyati Arktika markazida joylashganligi va yil davomida sovuq havo massalarining hukmronligi bilan ifodalanadi. Uzoq qutb tunlari va kunlari 3-6 oylab davom etadi. Qish oylarida qahraton sovuq (–30, –40 °C) va qorli bo‘ronlar makoniga aylanadi. Antarktida havosiga nisbatan iliq. Bunga sabab Atlantika va Tinch okeanlardan iliq va sho‘r suvlarning okean tubi oqimlarini hosil qilib kirib kelishidir.  Aniqlanishicha, 150-1000 m chuqurliklarni, asosan, Atlantika okeanidan kirib keladigan iliq va sho‘r suvlar egallaydi. Okeandan Grenlandiya sovuq suv oqimi (aysberglar bilan) chiqib ketadi. Ikkita iqlim mintaqasi (arktika va subarktika) mavjud. Ko‘p yillik muzlarning qalinligi 3-5 m.

Tabiat mintaqalari. Iqlim mintaqalariga mos holda ikkita: qutbiy va qutbyoni tabiat mintaqasiga ajratilgan. Qutbiy tabiat mintaqasi okeanning chuqur joylarini egallaydi. Siljib yuruvchi muzlar bilan band. Qalashib ketgan muzlar - toroslar ko‘p uchraydi. Organizmga eng kambag‘al Arktika sahrolar zonasi shu yerlarda joylashgan.

Qutbyoni mintaqasi, asosan, dengizlar hududini egallaydi. Nisbatan organizmga (hayvonot olami va suvo‘tlariga) boy. Yozda muzlarning ko‘p qismi eriydi. Daryo suvlari okean suvlarini ancha chuchuklashtiradi. Natijada, organizmlarning rivojlanishi uchun sharoit paydo bo‘ladi. Baliqlardan treska, tishdor (zubatka), dengiz okuni, seld, paltus, kambala, shuningdek, kamayib ketgan kitsimonlar, morj, tulen, oq ayiq ko‘p uchraydi. Arktikada dengiz qushlari „qushlar bozori" ni hosil qiladi.
 
Xo‘jalikda foydalanilishi. Shimoliy Muz okeani Kanada, Rossiya va qisman AQSH uchun muhim ahamiyatga ega. U birinchi navbatda arzon dengiz yo‘li hisoblanadi. Navigatsiya (kema qatnovi mavsumi) davri 1-4 oy, lekin atom muzyorar kemalari navigatsiya davrini ancha uzaytiradi. Norvegiya sohillari, Barens dengizida yil davomida kemalar qatnaydi.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.