G - harfiga oid izohli lug`atlar 

7 577

Gavana - shahar, Kuba poytaxti. 1514-yili Kuba orolida shahar barpo etilib, uni Xristofor Kolumb sharafiga San-Kristabal (ispancha «Avliyo Xristofor») deb nomlashgan. Keyinchalik shaharning dastlabki o'rni o'zgarib, yangi shaharni San-Kristobal de-Gavana deb atashgan. Bora-bora Gavana bo'lib ketgan. Gavana so'zi savanna terminidan olingan, deb tahmin qilinadi.

Gavayi orollari - Tinch okeanning markaziy qismidagi orollar to'dasi. Ingliz sayyohi Jeyms Kuk tomonidan 1778-yili kashf etilgan. Arxpelagdagi har bir orol o'z nomiga ega. Jeyms Kuk butun orollar to'dasini Sandvichev orollari (admiral lord Sandvichev nomiga) deb nomlagan. Orollardan eng kattasi Gavayi deb nomlanganligi uchun keyinchalik butun arxipelag Gavayi orollari deb nomlanadigan bo'ldi. Gavayi-mahalliy xalq shevasidagi gavaiki-«orol», «quruqlik» degan ma'nolarni beradi.

Gaiti - orol va davlat. Karib dengizida joylashgan. Orol 1493-yili X.Kolumb tomonidan kashf etilgan va Espanola-«Ispaniya oroli» deb nomlangan. Lekin mahalliy xalq tilida Axiti-«tog'li», «qoyali», yana bir boshqa karib xalqlari tilida esa Kiskeya-«katta yer» degan ma'nolarni beradi.

Galapagos - orollar to'dasi, Janubiy Amerikaning g'arbida, ekvator yonida joylashgan. Ispancha galapago-«toshbaqa» degani, orollarda ulkan toshbaqalar yashaydi, shuning uchun shunday nomlangan.

Gamburg (Hamburg) - Germaniyadagi shahar. 810-yili baliqchilar qishlog'i o'rnida barpo etilgan. Nemischa ham-«qo'ltiq (ko'rfaz)», «qo'ltiqcha», burg-"shahar”, "qal'a”, ya'ni "qo'ltiqcha (ko'rfaz) sohilidagi qal'a, shahar” ma'nosini beradi.

Gang - Osiyodagi, asosan Hindiston hududidan oqib o'tuvchi sersuv daryolardan biri, hindlarning muqaddas daryosi. Himolay tog'laridan boshlanib Bengaliya qo'ltig'iga quyiladi. Qadimgi hind tilida «ganga»-daryo demakdir.

Gayana - davlat, Janubiy Amerikaning shimoliy-sharqiy qismida joylashgan. Mahalliy indeyeslar tilida Gayana-«suvli o'lka», degan ma'noni bildiradi.

Gibraltar - O'rta dengizdan Atlantika okeaniga o'tgan bo'g'oz. 711 yilda shu bo'g'ozdan o'tib Ispaniyani bosib olgan sarkarda Ibn Toriq ismi bilan Jabal al-Toriq deb atalgan. Yevropa tillarida Gibraltar bo'lib ketgan.

Glazgo - Buyuk Britaniyadagi shahar. VI asrda asos solingan. Kelt tilida «yashil o'rmon» degan ma'noni bildiradi.

Gobi - Osiyoning markaziy qismidagi cho'l. Mongolcha gobi so'zi «cho'l» degan ma'noni anglatadi.

Golfstrim - Atlantika okeanidagi iliq oqim. Inglizcha guls-«qo'ltiq», stream-«oqim» so'zlaridan olingan bo'lib, «qo'ltiqdan chiquvchi oqim» ma'nosidadir. Ushbu nomni 1772-yili amerikalik olim B.Franklin taklif etgan. 

Gorn burni - Janubiy Amerikaning eng janubiy chekka nuqtasi, Olovli Yer orolida joylashgan. 1616-yilda golland sayyohlari V.Sxouten va YA.Lemprlar kashf etgan. V.Sxoutenning ona shahri Gorn (Gollandiyada) nomiga shunday atalgan.

Gudzon ko'rfazi (qo'ltig'i) - Shimoliy Muz okeanida-Kanada qirg'oqlaridagi ko'rfaz. Ingliz dengizchisi Genri Gudzon tomonidan 1610-yilda kashf etilgan va uning nomiga shunday atalgan.

Guron - ko'l, Shimoliy Amerikadagi Buyuk ko'llardan biri. Ko'l sohilida yashovchi qabila nomidan olingan.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.