Toshkent iqtisodiy geografik rayoni
Iqtisodiy geografik o'rni va tabiiy boyliklari. Toshkent iqtisodiy geografik rayoni bir tomondan Farg'ona vodiysi
va Mirzacho'lga tutashsa, ikkinchi tomondan mamlakatning xorijga chiqadigan
asosiy «darvoza»sidir. Geografik o'rnidagi qulaylik tufayli Toshkent
1930-yildan beri O'zbekistonning poytaxti maqomida kelmoqda. Toshkent viloyati
qishloq tumanlarining deyarli yarmining (Yangiyo'l, Qibray, Bo'stonliq,
Parkent, Ohangaron, Zangiota va Toshkent tumanlari) xo'jaligi ixtisoslashuvi va
ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida poytaxtning ta'siri ustuvor hisoblanadi.
Zero, u yirik shahar bilan tutash tumanlarda iqtisodiy-ijtimoiy o'zgarishlar
jadal kechadi. Buni Toshkent tumani misolida yaqqol kuzatish mumkin.
Iqtisodiy geografik rayon hududi
relyefning xilma-xil shakllaridan iborat. Bu sanoat uchun ham, qishloq
xo'jaligi uchun ham beqiyos qulayliklar yaratadi. Rayonning Chirchiq va
Ohangaron vodiylari Sirdaryoga qadar 100-150 km dan ortiq masofada pasayib borishi
sababli sun'iy sug'orish uchun g'oyat qulay. Chirchiq va Ohangaron daryolari
tog'lardagi yog'in (500-700 mm) dan to'yinib,
dalalarni sug'orishdan tashqari elektr energiya olishda ham muhim rol o'ynaydi.
Iqtisodiy geografik rayon toza ichimlik suvi bilan yaxshi ta'minlangan. Suvdan
yanada samarali foydalanish maqsadida Chirchiq daryosining yuqori oqimida
sig'imi 2,0 mlrd m kub bo'lgan Chorvoq suv ombori barpo etilgan. Shuningdek,
Ohangaron daryosining o`rta oqimida Tuyabug`iz suv ombori ("Toshkent dengizi”)
qurilgan.
Qazilma boyliklarning xilma-xilligi
jihatidan bironta rayon Toshkent iqtisodiy geografik rayoniga tenglasha
olmaydi. Angren ko'mir havzasi mamlakatda eng yirik ko'mir koni hisoblanadi
(ko'mir zaxirasi miqdorini eslang). Ko'mir qatlamlari yer yuziga yaqin
joylashgan bo'lib, qatlamlar orasida aluminiy, sement va keramika olishda
ishlatiladigan gilmoya ko'plab uchraydi (atlasdan foydalanib, qazilma konlarini
aniqlang). Iqtisodiy geografik rayonda neft bilan tabiiy gazgina yo'q. Zarur
bo'lgan neft mahsulotlari temiryo'l hamda avtomobil transportida, gaz esa
quvurda keltirilmoqda.
Aholisi. Mamlakatimiz aholisining deyarli 1/5 qismi shu rayonda yashamoqda. Rayonda
shahar aholisining salmog'i Toshkent shahri aholisini qo'shmaganda 50 foizdan
ortadi. Umumiy aholi sonidagi mehnatga yaroqlilar salmog'i bo'yicha iqtisodiy
geografik rayon birinchi o'rinda turadi. Shuningdek, mehnatga yaroqli aholi
ma'lumot darajasining yuqoriligi bilan ham ajralib turadi. Bular azaldan oliy
va o'rta maxsus o'quv yurtlari, Fanlar Akademiyalari, ularning ko'p sonli ilmiy
tadqiqot institutlari Toshkent (poytaxt)da joylashgani sharofatidir. Bundan
tashqari, ilm va malaka talab korxona va idoralarning ko'pligi ham asosiy
omillardan biri hisoblanadi.
Sanoati. XX asr boshida Toshkent iqtisodiy geografik rayoni taraqqiyot jihatidan Farg'ona vodiysidan keyinda turardi. Rayonda xilma-xil foydali qazilma konlari topilishi natijasida konchilik sanoati vujudga kelib, og'ir sanoatning jadal yuksalishiga imkoniyat tug'ildi. Sanoatining rivojlanganligi jihatidan rayon respublikada birinchi o'ringa chiqib oldi. Endilikda iqtisodiy geografik rayon xo'jaligi ko'p tarmoqli bo'lib, unda O'zbekistondagi sanoat tarmog'ining deyarli barchasi mavjud. Yalpi sanoat mahsulotining 2/3 qismi og'ir sanoatga to'g'ri keladi. Yengil va oziq-ovqat sanoatlari ham yuksak rivojlangan.
Toshkent iqtisodiy-geografik
rayonining rivojlanishiga asosiy sabablar:
1) rayonning qulay iqtisodiy
geografik o'rni;
2) Respublika poytaxti Toshkentning shu rayondaligi;
3) foydalanish qulay bo'lgan
gidroquvvat mavjudligi;
4) xilma-xil foydali qazilmalar topilib, ulardan
foydalanishning yo'lga qo'yilishi;
5) ikkinchi jahon urushi yillarida Sobiq
Ittifoqning g'arbiy rayonlaridan O'zbekistonga ko'chirib keltirilgan
korxonalarning yarmidan ko'pi Toshkent viloyatiga joylashtirilgani;
6) chetdan
malakali mutaxassislar ko'plab jalb etilgani va boshqalar.
Yoqilg`i-energetika-kimyo majmui ancha qudratli. Uning negizini
elektroenergetika sanoati tashkil etadi. Mamlakatda ishlab chiqariladigan
elektr energiyaning deyarli yarmi shu rayonda hosil qilinadi. Bu ko`rsatkichni
rayondagi uchta qudratli IES hamda Chirchiq-Bo`zsuv gidroenergetika kaskadi
ta`minlaydi. Toshkent IES to`la, Angren IES qisman gaz bilan, Yangi Angren IES
esa mahalliy ko`mir bilan ishlaydi.
Tashqi iqtisodiy faoliyati. Rayon iqtisodiy faoliyati. Rayon 100 dan ortiq uzoq va yaqin xorij mamlakatlari bilan savdo aloqalari olib boradi. Xorijga paxta, ipak, paxtachilik uchun zarur mashina va uskunalar, to`qimachilik mashinalari, kabel, ekskavatorlar, ko`tarma kranlar, elektr energiya, qorako`l terilari, rangli metal konsentratlari, ip va ipak gazlamalar, kanop va kanop mahsulotlari hamda meva jo`natiladi. Rayon ehtiyoji uchun yog`och, neft mahsulotlari, tabiiy gaz, turli xil sanoat mahsulotlari, mashina qismlari, keng iste`mol mollari keltiriladi. Ichki iqtisodiy aloqalarda avtomobil va qisman temiryo`l transportidan foydalaniladi.
Transporti. 1930-1940-yillardan rayonda avtomobil yo'llari vujudga keldi, asfalt va tosh yo'llar qurildi. Katta O'zbek trakti (700 km) Toshkentni Termiz bilan bog'laydi. Toshkent-Angren-Qo'qon tog' yo'li qayta qurilib, jahon talablari darajasidagi xalqaro yo'lga aylantirildi. Toshkent-Chinoz-Guliston avtotrassasi mamlakatda birinchi darajali yo'l hisoblanadi. Toshkent-Angren, Toshkent-Chorvoq hamda Mirzacho'lni kesib o'tgan Sirdaryo-Jizzax temiryo'llarining ahamiyati katta.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.