Mashinasozlik istiqbollari
Mashinasozlik majmuasining
yuksalishiga hamohang korxonalar tobora alohida detallarni ishlab chiqarishga
ixtisoslashmoqda. Ayni vaqtda tayyor mahsulot qiymatida xomashyo hissasi
qisqarib malakali mehnat hissasi, ahamiyati ortmoqda. Bunday jarayonni
mashinasozlik korxonalari qoshida kasb-hunar kollejlari, ilmiy tajriba
konstruktorlik byurolari singari ilmiy muassasalar faoliyat ko'rsatayotganida
ham kuzatish mumkin.
Poytaxtimiz Toshkentdagi V.P.Chkalov
nomidagi aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi o'shanday korxonalarning
namunasi deyish mumkin. Bu korxonani shahar ichidagi shahar desa bo'ladi. Unda
necha o'n minglab ishchi, muhandis, ixtirochilar ishlaydi. Jahonda eng ulkan
«Antey» rusumli transport samolyoti shu korxonada bunyod etilgan. 1993-yilda
birlashma IL-114 rusumli 64 yo'lovchiga mo'ljallangan yangi samolyot ishlab
chiqardi. U An-24 va YAK-40 singari eskirgan samolyotlarga qaraganda yoqilg'ini
2 barobar kam sarflaydi. 1996-yildan «Toshkent aviatsiya
ishlab chiqarish birlashmasi» davlat aksiyadorlik jamiyatiga aylandi.
O'tgan asrning o'rtalaridan boshlab
elektrotexnika sanoati alohida tarmoq tarzida shakllandi. O'ndan ortiq
elektrotexnika zavodlari ishladi. EHM ishlab chiqaradigan «Algoritm» zavodiga
asos solindi. EHM uchun mikroelektronika elementlari, mikrosxemalar, masofadan
turib boshqarish sistemalari va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaradigan «Zenit»
zavodi ishga tushirildi. 1990-yili konsern «O'zeltexsanoat» uyushmasiga
aylantirildi. Uyushma tarkibida 50 dan ortiq korxona faoliyat ko'rsatmoqda.
Uyushma korxonalari bilan Rossiya, Turkiya, Janubiy Koreya, AQSH, Singapur va
boshqa mamlakatlar firmalari hamkorligida 20 dan ortiq qo'shma korxonalar
tashkil etildi.
Radioelektronika va elektrotexnika
Respublika mashinasozlik majmuasining jadal rivojlanuvchi, istiqbolli tarmog'i.
Mamlakatimizda oltin, kumush, mis, rux, kremniy, volfram, kaolin, kvars qumi,
uran xomashyosi kabi nodir ruda konlari hamda yetarlicha ishchi kuchi
mavjudligi tarmoqning barqaror rivojlanishini ta'minlaydi.
Hozirgi vaqtda mashinasozlik
tarmoqlarida 100 mingga yaqin kishi mehnat qilmoqda.
To'qimachilik sanoatining yuksalishi
xomashyogagina bog'liq bo'lmay uni zamonaviy to'quv dastgohlar, asbob-uskunalar
bilan ta'minlashga ham bog'liqdir. Bunday jihozlarni «O'zbekto'qimachilikmash»
birlashmasida ishlab chiqariladi. Birlashma korxonalari Toshkent, Qo'qon,
Jizzax shaharlarida joylashgan.
Kimyo va neft-kimyo mashinasozligi
1941-yilda tashkil topgan. Uning yirik korxonasi Chirchiq shahridagi
«O'zbekkimyomash» zavodi dastavval kimyo, mikrobiologiya, sellyuloza-qog'oz
sanoati korxonalari uchun uskuna-jihoz ishlab chiqarar edi.
Hozirda kimyo uskunalari,
turbokompressorlar, ventilatorlar, nasoslar ishlab chiqarmoqda. Toshkent «Kompressor»
zavodida qo'shma kompressor stansiyalar ishlab chiqariladi. Namanganda esa neft
va gaz quduqlari uchun jihozlar ishlab chiqariladi.
Kommunal xo'jaligi mashinasozligi
tarmog'ida Samarqand liftsozlik zavodi ishlamoqda. Zavodda yo'lovchi va yuk
liftlari, yog'ochga ishlov beradigan stanoklar ishlab chiqariladi. Zavod
negizida Rossiya va O'zbekiston qo'shma korxonasi «Sharqlift» tashkil etildi.
Mashinasozlik korxonalarining
istiqboli va hududiy joylashuvini inson omili belgilaydi. Ma'lumki, O'zbekiston
aholisining 64 foizi qishloqda yashaydi. Ularni ish bilan ta'minlash jiddiy
ijtimoiy muammo bo'lib qolmoqda. Binobarin, mashina qismlarini ishlashga
ixtisoslashgan kichik korxonalar bundan buyon qishloqlarga ko'chadi.
O'tgan asr o'rtalarigacha
O'zbekiston mashinasozligi faqatgina qishloq xo'jaligi mashinalari ishlab
chiqargan va ularni ta'mirlash hamda paxtani qayta ishlovchi korxonalarga
mashina va uskunalar yetkazib bergan edi. Endilikda esa mashinasozlik majmuining yarmigina agrosanoat majmuasi bilan
bog'liq. Ikkinchi jahon urushi davrida O'zbekistonda 16 ta mashinasozlik zavodi
ishga tushirildi. Bu mashinasozlik tarmoqlarining tarkibi va hududiy
joylashuviga ta'sir etdi. Urushdan so'ng O'zbekiston mashinasozligida an'anaviy tarmoqlarni
rivojlantirish bilan bir qatorda oz metall va ko'p mehnat talab tarmoqlar jadal
rivojlandi. Natijada ko'p tarmoqli mashinasozlik tarkib topdi.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.