Mashinasozlik majmuasi 

6 811

  Mashinasozlik majmuasi - iqtisodiyotning barcha sohalari uchun mashina va asboblar ishlab chiqaruvchi, aholini televizor, muzlatkich singari xilma-xil is'temol buyumlari bilan ta'minlovchi sanoat tarmoqlari uyg'unligidir.  
 Mashinasozlik mamlakat iqtisodiyotining ustuvor majmuasi hisoblanadi. Chunki iqtisodiyotning hech bir tarmog'i mashinalar bilan ta'minlanmay turib rivojlana olmaydi. Hozirgi zamon mashinasini tayyorlash uchun ko'p miqdorda metall,
plastmassa, bo'yoqlar, rezina, gazlama, yog'och-taxta kerak bo'ladi. 
  Mashinalar minglab detallardan tayyorlanadi. Bu qadar xilma-xil detallarni bittagina zavodda yasash noqulay va samarasizdir. Shu sababli mashinasozlikda detallar yasashga ixtisoslashish, ya'ni tayyor mahsulotning ayrim detallari va qismlarini yasash, shuningdek, predmetlar yasashga ixtisoslashish, ya'ni avtomobil, traktor, dastgoh kabi tayyor mahsulot ishlab chiqarish keng rivojlangan. 
  Binobarin, mashinalar uchun ayrim detallarni ishlab chiqaruvchi ko'pdan ko'p mashinasozlik zavodlari bir-birlari bilan, shuningdek, metall, plastmassa, rezina va hokazolarni yetkazib beruvchi (boshqa tarmoq) korxonalari bilan ishlab chiqarish aloqalari bo'lishini, ya'ni kooperativlashishlarini talab qiladi. Ammo bunday ishlab chiqarishni transportsiz amalga oshirib bo'lmaydi. Shu sababli mashinasozlik tarmoqlarini joylashtirishda qulay transport magistrallarining mavjudligi albatta hisobga olinadi.
 Mashinasozlik buyumlari murakkab dastgohlar vositasida, yuqori malakali mehnat evaziga yaraladi. O'rta hisobda har bir mashinaning tannarxi unga sarflangan xomashyo - metall tannarxidan yuzlab marta ortiq bo'ladi. 
  Mashinasozlik korxonalarini joylashtirishda malakali ishchi va ilmiy-texnik mutaxassislar yetarli bo'lishi shart. Mashinasozlikning turli tarmoqlari bir xil miqdorda metall ishlatmaydi. Agar bir dona mashinani yasash uchun ko'p metal (yoki boshqa material ko'p) kerak bo'lsa, bunday mashinasozlikni ko'p metall yoki ko'p material talab qiluvchi mashinasozlik deyiladi. Masalan, kon va metallurgiya asbob-uskunalari, temiryo'l vagonlarini ishlab chiqarish bunga misol bo'ladi.
 Shu sababli mashinasozlik korxonalarini joylashtirishda iste'molchining yaqinligi va metallurgiya bazasi ham hisobga olinadi.
 Shunday qilib, sarf qilinadigan material va malakali mehnat miqdori, shuningdek, xomashyo hamda tayyor mashinalarni tashish sharoiti mashinasozlik zavodlarini: a) transport magistrallari; b) malakali kadrlar; d) iste'molchilar; e) yirik metallurgiya korxonalari mavjud yerlarda joylashtirish tamoyillarini belgilab beradi. 

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.