Qora metallurgiya 

17 641

  Metallurgiya majmuasi ikki tarmoqni: qora metallurgiya va rangli metallurgiyani o'z ichiga oladi. 
  Qora metallurgiya - temir rudasi qazib chiqarish, cho'yan, po'lat eritish, prokat va ferroqotishmalar ishlab chiqarishdan iborat. Hozirgi zamon metallurgiyasi uchun, birinchidan, metallning asosiy qismini metallurgiya kombinatlarida ishlab chiqarish 
xarakterlidir. Metallurgiyada xomashyoga ketma-ket ishlov beradigan kombinatlarning hissasi katta bo'ladi. Chunki kombinatlarda bir yo'la temir rudasidan domna pechlarida cho'yan eritib olinadi, suyuq cho'yan va temir-tersakdan (metallolomdan) po'lat erituvchi (marten, konverter, elektr) pechlarda po'lat eritiladi, po'latdan esa tayyor mahsulot - prokat olinadi. 
  Fan-texnika taraqqiyoti metall eritishning chiqindisiz texnologiyasini, metall olishning yangi, serunum usullarini joriy qilishga olib kelmoqdaki, bu po'lat sifatini oshirishni va prokatning xilma-xil turlarini olishni ta'minlamoqda. Metall olishning eng yangi usuli metallni domnasiz, ya'ni rudani eritmay undan metallni ajratib olishdir. 
  Qora metallurgiyada ishlab chiqarish uzluksiz markazlasha boradi. 
  Metallurgiya kombinatlari ko'p miqdorda xomashyo va yoqilg'i ishlatadi. Shu sababli ular xomashyo yoki yoqilg'i bazalari yaqinida, ba'zan ular oralig'ida quriladi. Bu metallurgiya korxonasi (kombinat)ni joylashtirishning eng muhim shartidir. Bunda suv, elektr energiya, tabiiy gaz bilan ta'minlash va tabiatni muhofaza qilish imkoniyatlari ham e'tiborga olinadi.
  Birinchi metallurgiya korxonasi - Bekobod metallurgiya zavodi 1946-yilda ishga tushirilgan. Zavodda 3 ta marten pechi, prokat sexi, metall quyadigan termik sex va bir qancha yordamchi korxonalar bor. Keyingi vaqtlarda zavodning marten pechlari elektropechlarga aylantirildi. 
  Zavodda po'lat va prokat ishlab chiqarish ortib bormoqda. 1950-yilda 119 ming tonna po'lat eritilgan, 76 ming tonna tayyor prokat ishlab chiqarilgan bo'lsa, 2007-yilda eritilgan po'lat 656,4 ming tonna va tayyor prokat 619,6 ming tonnadan ortib ketdi. Ammo zavod mahsuloti mamlakatning metallga bo'lgan ehtiyojini qoplay olmayotir. Natijada qo'shni davlatlardan ko'plab metall keltirishga to'g'ri kelmoqda. O'zbekistonda temir va marganes ruda zaxiralari ma'lum bo'lsa-da, ulardan hozircha foydalanilmayotir. Samarqand viloyati, Qoraqalpog'iston Respublikasi va Markaziy Qizilqumda ruda konlarini qidirish ishlari olib borilmoqda. Shu bilan birga yig'ilgan temir-tersakni qayta ishlaydigan korxonalar Urganch, Boyovut, Qarshi, Kitob, Denov va Taxiatoshda bunyod qilinmoqda.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.