Mandarin yeymiz va yosharamiz!
Mandarinsiz Yangi yilni nishonlash yozni muzqaymoqsiz o`tkazish bilan bap-barobar. Bu mevani faqatgina ta`mi yoki foydali xususiyatlari uchungina emas, aynan xush kayfiyat bag`ishlagani sababham sevib iste`mol qilamiz. Bugun yoshu-qarining sevimli mevasi "xitoy olmasi” haqida gaplashamiz.
Yosh ko`rinish? Muammosiz!
Olovrang meva va sabzavotlarning tarkibida mavjud beta-karotin moddasi organizmga tushgach A darmondorisiga aylanadi. Ushbu sehrli vitamin esa terining elastikligini ta`minlovchi kollagen va elastin moddalari ishlab chiqarilishini rag`batlantiradi. Shuning uchun bu mevadan ko`p-ko`p tanovul qiladiganlarning rangi tiniq bo`ladi, yuziga ajinlar soya solmaydi. Aytgandek, mandarinning amakivachchasi apelsinni xush ko`ruvchilar ham to`g`ri tanlovni amalga oshirishibdi. Biroq, mandarinda A vitamini "qarindoshi”ga nisbatan ikki barobar ko`pligini inobatga olib qo`ysalar ziyoni tegmaydi.
Ayollar salomatligini asraydi
"Xitoy olmasi”ning o`rtacha kattalikdagi ikki donasi kunlik S vitaminiga bo`lgan ehtiyojingizni oson qondiradi. S darmondorisi immunitetni ko`tarishidan tashqari, qon tomirlari devorchalarining yangilanish jarayonini ham rag`batlantiradi. Uning, ayniqsa, varikozdan qiynalayotgan ayollarga foydasi beqiyos. Qolaversa, ateroskleroz xastaligining oldini oladi. Bundan tashqari ko`p miqdorda hayz ko`radigan ayollar, oy ko`rishdan bir necha kun avval ikki donadan mandarin eb turishgani maqsadga muvofiq.
Qorin og`riganda...
Bu meva ichak peristaltikasini bo`shashtirish xususiyatiga ega. Tarkibidagi fitonsidlar esa bakteriyalarga qarshi kurashadi. Shuning uchun ham ich ketishidan aziyat chekayotgan bemorlarga mandarin iste`mol qilish yoki uning sharbatidan ichish tavsiya etiladi.
Tanlayotganda-chi?
Agar qo`lingizga olib ko`rgan mevangiz hajmiga nisbatan og`irroqdek tuyulsa, demak sarxil, suvli va yangi mandaringa duch kelibsiz. Shuningdek, bu mevaning nordoniga uchrab qolmaslik uchun kichikroq, po`sti esa yupqasini tanlang. Eng muhimi, xarid chog`ida bir bo`lagini tatib ko`rishdan uyalmang. Sitrus mevalarining po`stlog`i qalin bo`lgani sabab muzlatkichda ham, xona haroratida ham saqlashingiz mumkin. Yagona sharti, muzlatgichda bir haftagacha, xona haroratida esa 2-3 kundan ortiq qolib ketmasin.
Ha, aytgandek, mandarinlar olmalarning yonida turmasligiga alohida e`tibor bering. Chunki olma o`zidan etilen gazini chiqaradi, bu esa nafaqat mandarin, balki boshqa mevalarning ham tezda etilishi va chirib qolishiga olib keladi.
Antidepressant murabboga tobingizqalay?
Yangi yil dasturxonida noz ne`matlarning mo`l-ko`lligi mevalarning "keyin”ga qolishiga sabab bo`lishi mumkin. Ana shunday vaziyatlarda mandarindan ajoyib murabbo tayyorlab qo`ysangiz, bir necha oydan so`ng ham iste`mol qilaverasiz. Buning uchun bir kilogramm mandarinni parraklab to`g`rab, qozonga solasiz. Po`stidan tozalash shart emas. Ustidan 2 osh qoshiq limon sharbati,350 grammshakar va 200 millilitr suvni quyib olovni yoqasiz. Bir marta qaynab chiqqanidan so`ng 40-50 daqiqa o`rta olovda qaynatasiz. Istasangiz bankalarga yoping, istamasangiz shartmas. Bunday xushta`m murabboni tushkunlika tushganingizda esangiz, tezda lablaringizda tabassum paydo bo`ladi. Ayniqsa, kichkintoylar bunday xushta`m shirinlikni paqqos tushurishadi.
Kimlarga mumkin emas?
Ha, qanchalar foydali va totli bo`lmasin, uni har doim ham tanovul qilish mumkin emas. Ayniqsa, qandli diabetga chalingan bemorlarga tavsiya etilmaydi. Juda ishtahangiz ochilib ketsa, 100 gr.dan ortmasin. Lekin aslo sharbatini icha ko`rmang. Yangi siqilgani ham, qadoqlangani ham qondagi insulin muqdoriga ta`sir ko`rsatadi. Bundan tashqari, ortiqcha santimetrlardan qiynalayotgan va ulardan qutulish yo`llarini izlayotgan xonimlar uchun ham mandarin mevasi va sharbati mumkinmas. Uning tarkibidagi kislotalar ishtahangizni karnay qilib yuboradi. Qolaversa, barcha sitrus mevalar singari "xitoy olmasi” ham allergiyani keltirib chiqarishi mumkin. Shuning uchun homilador ayollar va emizikli onalarga tavsiya etilmaydi. Ayniqsa, oshqozon ichak xastaliklari, xolisistit, gepatit, gastrit, ichak shamollashi va o`n ikki barmoqli ichakda muammosi bor kishilar ham bu mevaning o`rniga boshqasini tanovul qilganlari afzal.
MAFTUNA tayyorlagan.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.