Uzumning shifobaxsh xususiyatlari 

4 731

Uzumning madaniy turi 7-8 ming yil avval paydo bo`lib, hozirgi kunda uning 5 mingdan ortiq turi mavjud. Uzumning dorivorlik xususiyati ham ancha qadimdan ma`lum. Sharq tabobatida dorivor sifatida uzumdan pishgan va xom holida foydalanganlar. Shuningdek, uzum sharbati, sirkasi, bargi poyasidan ham unumli foydalanishgan.


Abu Rayhon Beruniyning ta`kidlashicha, uzum poyasini kesganda oqib tushadigan suvi ko`p shifobaxsh xususiyatlarga egadir. Uning poyasidan efir moyi ham olingan. Mashhur tabib Abu Ali ibn Sino esa uzumning xususiyatlari haqida shunday deb yozadi: «Bir muncha muddat olib qo`yilgan uzum tanani yaxshi oziqlantirib, quvvatlantiradi. Yaxshi pishgan uzumning zarari pishmaganidan kamroqdir. Uzumning o`zi sharbatidan ko`ra foydaliroqdir. Uzum va danakli mag`iz ichak og`rig`ida yaxshi foyda qiladi. Shuningdek, mayizi buyrak va qovuq uchun ham foydali. Uzum poyasining suvi, yovvoyi uzum mevasining sharbati qon tupurishni bartaraf etadi. Ichketish va yo`g`on ichak xastaliklarida ham foydali. Uzum poyasining suvi toshlarni maydalaydi, so`gal, qontalash, temiratkini davolaydi. Yovvoyi uzum poyasini suv yoki moy bilan ichish istisqoni davolaydi va peshob haydaydi. Yovvoyi uzum mevasi esa oshqozon faoliyatini yaxshilab, qusishni to`xtatadi, yurakka quvvat berib. jig`ildon qaynashini bosadi».

Uzum tarkibida ko`p miqdorda qandlar, organik kislotalar, S, V vitaminlari, oshlovchi va bo`yoq moddalar bor. Bargida esa S, V, K vitaminlari, karotin, nikotin, foliy kislotasi, flavonoidlar, katexin va oshlovchi moddalar mavjud.

Xalq tabobatida uzum sharbati, shuningdek, uzumning nordon navlari ishtahani ochuvchi va ovqat hazm qilishni yaxshilovchi vosita sifatida qo`llaniladi. Yaxshi pishgan uzum, ayniqsa, qora navi kamqonlikni davolashda va kamquvvat bemorlarga mador berishda qo`llaniladi. Qora mayiz esa turli zararli o`smalarni davolab, inson quvvatini oshiradi. Uzumning yaxshi pishmaganlaridan sirka tayyorlaydilar. Sirka ishtahani ochish bilan birga stomatit va anginani davolaydi.

Foydali maslahatlar:

* Bolalarning harorati ko`tarilganida badani nordon uzum damlamasi bilan artilsa, issiqlikni tez tushiradi.

* 40-50 gramm quritilib maydalangan uzum bargi ustidan 500 ml qaynoq suv quyib, past olovda 10-15 daqiqa qaynatib, biroz damlanganidan keyin suzib olinadi. Qandli diabet, gipertoniya (xafaqon) kasalliklarida ovqatdan 20 daqiqa oldin 100 ml.dan kuniga 3-4 mahal iliq holida ichiladi.

* O`pka silida iloji boricha ko`proq uzum iste`mol qilish tavsiya etiladi. Uzum donachalari oQizda ezilib, chaynab eyilishi kerak. Danaklari esa tashlanadi.

* Surunkali qabziyatda har kuni 2 stakandan 3 mahal, ovqatdan bir soat oldin uzum sharbati ichiladi. Davolash muddati 2 oy.

* Yurak holsizlanganida 30 gramm mayiz ustiga 1 stakan qaynoq suv quyib, past olovda 10 daqiqa qaynatiladi. Bir soat tindirilgach, bu aralashmani 1/3 stakandan kuniga uch mahal ichilib, mevasi eyiladi.

* Bo`g`inlardagi og`riqni davolash uchun 3 litrlik bankaga 300 ta yangi uzilgan uzum bargini solib, ustiga sovuq suv quyiladida, 3 kun tindirilib, kuniga 3 mahal ovqatdan oldin 100 ml.dan ichiladi.

Eslatma:

* Agar uzum eb, ustidan sovuq suv ichilsa, juda zararlidir. Hatto ichketar va isitmaga mubtalo qilishi mumkin.

* Uzumni novdasidan uzilgani hamon tanovul qilmay, bir-ikki kundan keyin egan ma`qulroq. Shuningdek, ikki taom orasida eyishdan ham saqlaning. Iloji boricha me`dadagi ovqatning hazm bo`lishini kutgan ma`kul.

* Yangi uzilgan uzum hazmi og`ir, agar po`sti biroz yumshab, tirishganidan keyin eyilsa, hazmi osonlashadi.

* Uzum o`ta semiz kishilarga, o`tkir yurak etishmovchiligida, me`da va u ikki barmoqli ichak yarasi qo`zg`alganda va qandli diabetda tavsiya etilmaydi.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.