Havo massalari. Siklon va antisiklonlar
Havo
massalari. Atmosfera havosining qanday bo‘lishi ko‘p jihatdan yer yuzasi bilan ham bog‘liq. Havoga turli changlar, tuz zarrachalari, suv bug‘lari, asosan, yer yuzasidan, okeanlardan, dengizlardan ko‘tarilib, uning tarkibiga qo‘shiladi. Havoning nam yoki quruq, chang-to‘zonli yoki tiniq bo‘lishi uning qanday joy ustida turganiga yoki harakat qilganiga bog‘liq. Atmosferaning quyi qatlami (8-10 km balandlikkacha) o‘z xususiyatlariga ko‘ra turli joylarda bir-biridan keskin farq qiladi. Atmosfera quyi qatlami — troposferaning katta hududlar ustidagi ana shunday bir-biridan farq qiluvchi katta ko‘lamdagi to‘plamlari havo massalari deyiladi. Havo massalari qaysi geografik kenglikda hosil bo‘lganiga qarab arktika, mo‘tadil, tropik va ekvator havo massalariga bo‘linadi. Mo‘tadil va tropik havo massalari yana dengiz va kontinental (quruqlik) havo massalariga bo‘linadi.
O‘rta Osiyo
iqlimining shakllanishida arktika, mo‘tadil va tropik havo massalari juda faol
ishtirok etadi. Arktika havo massalari qishda Shimoliy Muz okeanidan G‘arbiy
Sibir va Ural orqali, shuningdek, shimoli sharq tomondan Sharqiy Sibir orqali
O‘rta Osiyo hududiga kirib keladi. Bu havo sovuq, quruq va tiniq bo‘ladi.
G‘arbdan va shimoli g‘arbdan, Volgabo‘yi va Sharqiy Yevropa tekisligidan
kontinental mo‘tadil havo massalari keladi. Bu havo ham ancha salqin bo‘ladi,
lekin ko‘pincha yog‘ingarchilik keltiradi.
Yoz
oylarida o‘lka ustida turib qoladigan kontinental tropik havo massasi o‘lkaning
tekisliklari ustida vujudga keladi, harorati juda baland, quruq va g‘uborli
bo‘ladi. O‘rta Osiyo iqlimining ob-havo turlari, havoning harorati, namligi va
tiniqlik xossalari ana shu havo massalariga bog‘liq.
Havo
frontlari. Siklon va antisiklonlar. Тurli xususiyatlarga ega bo‘lgan havo massalari bir-biri bilan tutashgan joylarda oraliq zona, ya’ni havo fronti hosil bo‘ladi. Havo frontida ikki xil havo massasi o‘zaro ta’sir ko‘rsatadi. Natijada ob- havo tez o‘zgarib turadi. Front zonasi qaysi havo massasining kuchli ekaniga qarab iliq yoki sovuq front deb ataladi. Iliq frontda sovuq havo bilan qoplangan joyga iliq havo bostirib kirib, ob-havoning asta-sekin ilishiga sabab bo‘ladi. Sovuq front uchun, aksincha, ob-havoning tez o‘zgarishi, haroratning keskin pasayishi va yog‘in-sochin bo‘lishi xosdir.
Havo
frontlari juda katta hududlarni qamrab oladi. Front zonasining turli qismlarida
atmosferada diametri bir necha yuz, hatto minglab kilometrga teng bo‘lgan juda
katta havo girdoblari uchraydi. Ularning ba’zilari markazida havo bosimi past
bo‘lib, atrofga tomon ortib boradi va havo atrofdan markazga tomon soat
strelkasi harakatiga teskari yo‘nalishda harakat qiladi. Bunday havo girdoblari
siklonlar deyiladi. Aksincha, front
zonasida atmosfera bosimi markazdan atrofga tomon kamayib boradigan, shamollar
soat strelkasi harakati yo‘nalishida esadigan havo girdoblari antisiklonlar deb
ataladi.
Siklon va
antisiklonlarda ob-havo qanday bo‘ladi? Siklonda havo bosimi atrofdan markazga
tomon kamayib kelganligi uchun uning markaziy qismlarida havoning yuqoriga
ko‘tarilishi kuzatiladi. Yuqoriga ko‘tarilayotgan havo sovib, suv bug‘lariga
to‘yinadi va yog‘ingarchilik bo‘ladi. Antisiklon markazida esa, havo yuqoridan
pastga tushadi va yer betiga tarqaydi. Antisiklonda havoning to‘yinishi, bulut
vujudga kelishi va yog‘ingarchilik bo‘lishi uchun sharoit yo‘q. Yozda
antisiklon sharoiti havoning yanada qizishiga, qishda esa sovib ketishiga sabab
bo‘ladi.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.