Quturish kasalligi – bu o’ta yuqumli va xavfli kasallik hisoblanadi. 

11 725

Quturish kasalligi bilan issiq qonli yovvoyi va uy hayvonlari hamda odamlar kasallanadi. Quturish kasalligining oldini olish va unga qarshi kurashish bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 8-iyuldagi «Qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish va saqlash bilan bog’liq xizmatlar faoliyatini takomillishtirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi 202-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida IIB, DSENM, Veterinariya bo’limi, Obodonlashtirish boshqarmasi va ko’p tarmoqli markaziy poliklinikalar hamkorlikda ish olib boriladi.

Kasal hayvon kasallik qo’zg’atuvchi manba hisoblanadi. Kasal hayvon tishlaganda uning so’lagi teridagi tirnalgan yoki yara joylarga tushganda kasallik yuqadi. Kasallik ko’zg’atuvchisi kasal hayvon so’lagida kasallik belgilari paydo bo’lishidan 10 kun oldin paydo bo’ladi. Shuning uchun tishlagan hayvon yaxshi holatda edi-ku, deb o’ylamaslik kerak.


E’tibor bersak, hayvonlar tishlashidan ko’p holatlarda bolalar jabrlanadi. Shuning uchun bolalarning, ayniqsa daydi it, mushuklar bilan muloqotda bo’lmasligini ta’minlash zarur.


Uy hayvonlari, albatta, davlat Veterinariya bo’linmalarida hisobga qo’yilgan bo’lishi va har yili quturish kasalligiga qarshi emlanishi zarur.


Qaramog’ingizdagi hayvon har qanday kasallikka chalinganda va ayniqsa quturish kasalligi belgilari paydo bo’lganda yashash joyingizdagi veterinariya bo’limlariga zudlik bilan murojaat qiling. Zinhor o’zingiz davolashga harakat qilmang, bu bilan siz o’zingiz va yaqinlaringiz hayotini xavf ostiga qo’yasiz.


Agar sizning itingiz biror kishini tishlab olsa, holatni yoki hayvonni bekitishga harakat qilmasdan, jabrlangan shaxsga o’zingizning manzilingizni bering va it yoki mushugingizni ko’rikdan o’tkazish uchun yashash joyingizdagi veterinariya mutaxassislariga murojaat qiling. Tishlagan hayvon 10 kun davomida veterinariya mutaxassislari kuzatuvida bo’ladi.


Hayvon uchun uning egasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 8-iyuldagi 202-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Aholi punktlarida itlar va mushuklarni saqlash qoidalari»ga asosan to’liq ma’muriy javobgar hisoblanadi.


Kasal hayvondan jabrlanganda faqatgina to’liq profilaktik emlash kursini olish bilan quturish kasalligining oldini olish mumkin.


Quturish kasalligi o’ta xavfli kasallik. Shuning uchun kasallikni davolashdan ko’ra uning oldini olish afzaldir. O’z it va mushuklaringizni vaqtida emlatsangiz, kasallikning oldini olgan bo’lasiz.


B.Bekchanov,Veterinariya bo’limining epizootolog—veterinar vrachi.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.