Villem Barens 

4 998

Villem BARENS
(1550-1597) 

 


 XV-XVI asrlardagi buyuk geografik kash­fiyotlar mustamlakachilik boskichining boshlanishiga, Yevropa mamlakatlari o`rtasida yangi yerlar uchun raqobat va ko`rashga ham sabab bo`ldi. Bu borada ispanlar va portugallar ancha ilgarilab ketishgandi. Gollandlar, inglizlar va fransuzlar esa taniqli geo­graf, tarixchi Paolo Jovio o`z asarlarida keltirgan Xitoy va Hindistonning boyliklariga erishish uchun shimoliy dengiz yo`lini topish taraddudiga tushdi. P.Jovio 1525-yilda Rim Papasi Kliment VII huzuriga Rus imperatori Va­siliy III tomonidan yuborilgan elchilar tilmochidan rus kemalari qadim zamonlardan beri Shimoliy Muz dengizi orqali Uralning narigi tomoniga suzishini eshitib, ushbu suv yo`li orqali Xitoyga borish mumkinligini taxmin qilgan.
  P.Jovioning g`oyasini yana bir golland olimi Pyotr Plansiy shogirdi Vellem Barens bilan yanada rivojlantirib, Yevropa va Osiyo qit`alari shimoliy qirg`oqlari xaritasini tuzdilar. Mazkur xaritaning Sharqiy tomonida Anian bo`g`izi, ya’ni hozirda bizga Bering nomi bilan ma’lum bo`g`iz ham tasvirlangan edi. Plansiy shimoliy dengizdagi muzlar Sibir daryolari orqali o`qib keladi va qirg`oqdan bir qadar uzoqdagi dengiz muzdan xoli va u orqali Xitoyga suzib borish mumkin, degan fikrda bo`lgan. Ushbu farazni tekshirish Plansiyning eng iste’dodli shogirdi, dengizchi-sayyoh Vellem Barens chekiga tushdi.
  Vellem Barens 1550-yilda Niderlandiyaning Tersxelling orolida tug`ilgan. «Barens» uning familiyasi emas, balki otasining ismidir. Mutaxassisligiga ko`ra kartograf bo`lgan Vellem Barens ustozi P.Plansiy bilan O`rtayer dengizida tekshirishlar olib borib, mazkur dengizning atlasini tuzishgan. Yevropadan Osiyoga muqobil shimoliy dengiz yo`lini topish maqsadida uyushtirgan uchta Arktika ekspeditsiyasi Vellem Barensni butun jahonga tanitdi. Barens Shimoliy Muz okeani muzlarini uzoq qutb kunlari davrida Quyosh eritishiga va muzdan holi yo`lning mavjudligiga ishonar edi. Qisqasi, Barens uncha-muncha dengizchi jur’at qilolmaydigan xatarli sayohatni amalga oshirishga jazm etgan.
  1594-yilda V.Barens rahbarligidagi birinchi ekspeditsiya shimoli-sharqiy dengiz yo`lini topish maqsadida Amsterdam shahridan yo`lga chiqqan. 1594-yil 10-iyulda Barens Novaya Zemlya oroliga yetib bordi va o`sha yerdan shimol tomonga yo`l oldi. Barensning yozishicha, sayyoh bu safari davomida 77 daraja shimoliy kenglikkacha suzib borgan. Ammo arxipelagning shimoliy chekka nuqtasiga yetib borishganda qutb kishining buronli kunlari va oziq-ovqat zahirasining tugashi sayyohni ortga qaytishga majbur qilgan. Ekspeditsiya muvaffaqiyatsiz tugagan bo`lsa-da, dengizchilar vatanlariga oq ayiq terilari va talaygina morj tishlarini olib keldilar. Barensning shimoliy dengizda suzish mumkinligi haqidagi ma’lumotlari golland hukumatining shimoli-sharqiy dengiz yo`lini topish umidini yanada kuchaytirgan.
   Shu bois golland shahzodasi Morits Oranskiy Barensga zudlikda ikkinchi ekspeditsiyaga tayyorgarlik ko`rishni buyurgan. Shunday qilib Barensning ikkinchi ekspeditsiyasi 1595-yilda yettita kemada yo`lga chiqib, Vaygach oroli bilan materik o`rtasidagi Yugor­skiy shar bo`g`izi orqali o`tishga urinib ko`rgan. Ammo ekspeditsiya Yugorskiy shar bo`g`iziga juda kech - avgust oyida yetib keldi va bu paytda bo`g`iz deyarli muz bilan qoplanib bo`lgandi.
  Ekspeditsiya a’zolari Yugorskiy shar bo`g`izi atrofidagi materikda mahalliy aholi - nenetslarni uchratib, ulardan – "Quyosh chiqadigan tomonda suvning cheki yo`q” ligi haqida eshitishgan. Ekspediditsiya ham tezroq sharqqa suzishga intilardi. Barens sheriklarini "Agar Ob daryosidagacha suzib borsak, u yerda hech qiyinchiliksiz qishlash mumkin”, deb ishontirishga harakat qilgan. Ammo och ayiqlar ekspeditsiya a`zolaridan ikki kishini g`ajib tashlashi sayyohning hamrohlarini vahimaga solib, ularni yana orqaga qaytishga majbur qilgan. 
  Avvalgi ikki ekspeditsiyaning muvaffaqiyatsiz tugashiga qaramay, 1596-yil 16-mayda golland hukumati yana ikkita kemadan iborat uchinchi ekspeditsiyani Arktikadagi dengiz yo`lini izlashga yubordi. Ammo bus afar rahbarlikni Barensga ishonmay, uni faqat ikkinchi kema shturmani vazifasiga tayinlashgan. Ekspeditsiya Skandinaviya qirg`oqlaridan suzib o`tib, Shpitsbergen ("Qirrali orollar”) arxipelagini kashf etib, xaritaga tushirgan. Hozirda Shpitsbergen orolidagi xalqaro huquqiy maomga ega bo`lgan va Rossiya Federatsiyasiga tegishli yagona aholi punkti Barensburg, deb ataladi.
  Uchinchi Arktika safari davomida ekspeditsiya 80-darajali shimoliy kenglikka suzib borishga muvaffaq bo`lgan. So`ng Novaya Zemlya orolini aylanib o`tib, Kara dengizigacha yetib bordilar. Ammo Ledyanaya (Muzli) buxtasida muz orasida qisilib qolgan kemada qolish o`ta xavfliligini tushungan sayyohlar qirg`oqqa tushib, qishlab qolishdi. Noyabr oyidan boshlangan qutb tuni ekspeditsiya a`zolarini o`zlarini ham sovuqdan, ham oq ayiqlar hujumidan himoya qilish uchun hamjihat bo`lib harakat qilishga majbur qilgan. Dengizchi-sahhoylar turli mo`ynali hayvonlani ovlab, terisidan kiyim tikishgan hamda turarjoylarning devorlarini o`rashgan. 
  1597-yilning iyun oyiga kelib Kara dengizidagi muzlar erigan Bo`lsa-da, Barensning kemasi turgan buxta hali muz bilan qoplangan edi. Qutb yozining qisqaligini hisobga olib, ekspe­ditsiya a’zolari kemaning muzdan bo`shashini kutmay, ikkita kichik qayiqda Kola yarimoroliga yetib olishga urinib ko`rishgan. Sayyohlar dengizdagi yirik muz bo`laklari orasida qisilib qolishdan qo`rqib, qayiqlarni muz parchasining ustiga tortib chiqarishga va bir necha kun suzib yuruvchi muz ustida harakat qilishga majbur bo`lishgan.
  Suzish davomida singa kasalligiga chalingan Barens o`z hamrohlari yoqqan gulxan atrofida o`tirgancha jimgina olamdan ko`z yumgan. Ekspeditsiya uchun bu katta yo`qotish edi. Shuning uchun ham sayyohlar boshidan kechirgan har bir voqeani batafsil qog`ozga tushirib borgan ekspeditsiya yilnomachisi Gerrit de Fer chuqur qayg`uga tushganidan Barensning dafn marosimi haqida esdaligida hech nima yozmagan.
  Olti kun o`tgach, 1597-yil 20-iyunda ekspeditsiyaning omon qolgan a’zolari Arktika suvlarida suzib yurgan ikkita rus kemasini uchratib, ular yordamida Kola yarimoroliga yetib kelgan. Sayyohlar Ledyanaya buxtasidan Kola yarimoroligacha bo`lgan 2000 kilometrdan oshiq masofani bosib o`tish uchun jami bir yarim oy vaqt sarflagan. Iyulning turli mashaqqatlarini boshdan kechirgan sayyohlar uchun Murmanskdan Amsterdamgacha bo`lgan qismi nisbatan yengil kechib, 1597-yil 1-noyabrda Gollandiyaga qaytib kelishgan.
  Barens vafotidan 300 yil o`tgach, 1871-yilda norveg sayyohi El­ling Karlsen Barens va uning hamrohlari qishlagan Ledyanaya buxtasini o`rganib, bu yerda ekspeditsiya bilan bog`liq juda ko`p buyumlarni topgan. Uning yozishicha, muzlar orasida qolgan sayyohlar ko`rgan uy «xuddi kecha ko`rilgandek saqlangan edi va uning ko`rinishi eks­peditsiya yilnomachisi Gerrit de Ferning esdaliklariga mos keladi».
  E.Karlsendan besh yil keyin shu buxtaga kelgan ingliz sayyohi Charlz Gardiner ham juda ko`p qiziqarli buyumlar, jumladan, kompaslar, XVI asrga tegishli qo`ng`iroqli soat, nayzalar, mis pullar, oshxona anjomlari va eng asosiysi, kichkinagina o`q gilzasiga joylangan Barensning so`nggi xatini topgan. Buzilib ketgan o`choq yonidan esa shimoli-sharqiy dengiz yo`lini topishiga qattiq ishongan Barensga tegishli lotin tilidagi «Xitoy tarixi» kitobi chiqdi.
 XVII asrning boshlariga kelib Afrika janubidagi Yaxshi Umid burnidan Zond bo`g`izigacha to`g`ri boradigan dengiz yo`lininig ochilishi sababli Shimoliy dengiz yo`lini qidirishga bo`lgan qiziqish keskin susaydi. Buning natijasida Yevropa mamlakatlarida Arktik ekspeditsiyalarni tashkil etish ishlari to`xtab qolgan.
 Jasurligi bilan hamisha hamrohlariga o`rnak bo`lgan Vellem Barens geografik kashfiyotlar tarixida Arktikada qishlab qolgan birinchi yevropalik sayyoh sifatida qolgan. Olimning buyuk geo­grafik kashfiyotlarga qo`shgan o`lkan hissasiga ehtirom sifatida Shimoliy muz okeanidagi avvalgi Murman dengizi 1853-yildan boshlab Barens dengizi, deb atalgan. Shpitsbergen arxipelagidagi orol, undagi aholi punkti va Novaya Zemlya orolining g`arbiy qirg`oqlaridagi orollarga ham sayyoh nomi berilgan. 

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.