Mozambik 

4 612

   Rasmiy nomi — Mozambik Respublikasi. Poytaxti — Maputu. Hududi – 799,4 ming km.kv. Aholisi – 21,3 mln kishidan ortiq (2012). Davlat tili Portugal. Dini — majusiylik (60%), xristianlik (30%), islom (10%). Pul birligi — metikal.
  Geografik joylashuvi va tabiati. Afrika qit’asining janubi sharqida joylashgan davlat. G‘arbda Malavi (chegara uzunligi — 1569 km), Zimbabve (1231 km) va Zambiya (419 km), janubda JAR (491 km) va Svazilend (105 km), shimolda Tanzaniya (756 km) biIan chegaradosh. Sharqda mamlakat hududi Mozambik ko‘rfaziga tutashib ketgan. Chegarasining umumiy uzunligi — 4571 km, sohil bo‘ylab chegara uzunligi esa — 2470 km. Mamlakat shimolida balandligi 2419 m.gacha bo‘lgan sharqiy Afrika yassitog‘ligi joylashgan. G‘arbda mamlakatning yuqori nuqtasi (2436 m) bo‘lgan Metebele tog‘i bor. Sharqda qirg‘oqbo‘yi quyi pasttekisliklari joylashgan. Mamlakatning markaziy qismini tepaliklar egallagan. Asosiy daryolari — Zambezi va Limpopo. Mamlakatning eng yirik Nyasa ko‘lining bir qismi Malavi hududida joylashgan. Asosiy foydali qazilmalari: ko‘mir, titan, temir rudasi, boksitlar, mis. Iqlimi — shimolda subekvatorial mussonli, janubda tropik passatli.
  Davlat tuzilishi, siyosiy partiyalari. Davlat tuzilishi — respublika. Mamlakat 11 ta provinsiyadan iborat, jumladan, poytaxti — Maputu shahri ham provinsiya maqomiga ega. 1975-yil 25-iyunda Mozam­bik Portugaliyadan mustaqillik oldi. Mustaqillik kuni milliy bayram sifatida nishonlanadi. Qonunchilik Portu­gal fuqarolik huquqiga asoslangan. Davlat va hukumat boshlig‘i — prezident. Premyer-ministr esa Ministrlar Kengashini boshqarishda prezidentga yordam beradi. Qonun chiqaruvchi hokimiyat bir palatali parlament — Respublika Assambleyasi tomonidan amalga oshiriladi. Yirik siyosiy partiyalari: FRELIMO partiyasi, Mozambik milliy ittifoqi (UNAMO), Mozambik liberal-demokratik partiyasi (PALMO), Mozambik milliy harakati (MONAMO).
 Iqtisodi, transport kommunikatsiyalari. Mozambik qishloq xo‘jaligida va gidroenergetikada iqtisodiy potensialga ega bo‘lishiga qaramasdan Afrikaning eng qashshoq davlatlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Sanoatning nisbatan taraqqiy etgan sohalari — neftni qayta ishlash, kimyo, to‘qimachilik, tamaki, oziq-ovqat ishlab chiqarish. Qishloq xo‘jaligi YIMning 50% ini, eksportning 90% ini ta’minlaydi. Asosiy ekinlari: paxta, shakarqamish, choy, maniok, makkajo‘xori, sholidan iborat, keilyu yong‘oqlari va krevetkalar eksportining asosini tashkil qiladi. Keyingi yillarda hukumat tomo­nidan chet el investitsiyalari kirib kelishining qo‘llab-quvvatlanishi, iqtisodiy o‘sish sur’atlarining oshishiga sabab bo`lmoqda. Asosiy savdo hamkorlari: Ispaniya, JAR, Fransiya, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Portugaliya. Temiryo‘llarining umumiy uzunligi — 3288 km, avtomobil yo‘llari — 26498 km, ichki suv yo‘llari — 3750 km. Mamlakatning asosiy portlari: Beyra, Maputu, Nakala.
 Tarixi. O’rta asrlarda hozirgi Mozambik qirg‘oq- larida arab savdogarlari o‘z koloniyalariga asos solganlar. 1498-yili Mozambik qirg‘oqlariga Vasko da Gama boshchiligidagi ekspeditsiya keldi va portugallar mahalliy qabila boshliqlari bilan Portugaliya mamlakatning faqat sohilbo‘yi hududlarini nazorat qilishi haqida kelishib olishdi. Mozambikning markaziy qismining portugallar tomonidan tadqiq qilinishi Serpa Pintu yo‘lboshchiligida XIX asming oxirida boshlandi, 1951-yili esa Mozambik Portugaliyaning dengizorti provinsiyasiga aylandi. 1962-yilda tashkil topgan FRELIMO (Mozambikni ozod qilish fronti) qurolli tashkiloti portugallarga qarshi kurash olib bordi. 1975-yil 25-iyunda Portugaliya Mozambik mustaqilligini tan oldi. Mamlakatda 16 yil davom etgan fuqarolar urushi 1992-yili hukumat va Mozambik Milliy qarshilik harakati o’rtasida tinchlik shartnomasining imzolanishi bilan yakunlandi.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.