Zambiya 

5 007

  Rasmiy nomi — Zambiya Respublikasi. Poytaxti — Lusaka. Hududi — 752614 km.kv. Aholi­si – 11,7 mln.dan ortiq kishi (2012). Tili — ingliz. Dini — aholisining yarmidan ko‘prog‘i xristian, qolganlari islom, induizm dinlariga e’tiqod qiladi. Pul birligi — zambiya kvachasi.
  Geografik joylashuvi va tabiati. Afrikaning janubiy qismida joylashgan. Shimolda Tanzaniya (chegara uzunligi — 338 km) va Kongo Demokratik Respublikasi (1930 km), g’arbda Angola (1110 km), janubda Namibiya (233 km), Zimbabve (797 km), sharqda Malavi (837 km), Janubi sharqda Mozambik (419 km) bilan chegaradosh. Umumiy chegara uzunligi — 5664 km. Ko‘llari — Bangveulu, Mveru, qisman Tanganika va Karib. Asosiy daryolari: Luanva, Zambezi, Kafue. Foydali qazilmalari: mis, kobalt, zumrad, oltin, kumush, uran, rux, ko‘mir, marganes, qo‘rg‘oshin rudalariga boy.
  Davlat tuzilishi va siyosiy partiyalari. Davlat tuzilishi — prezident respublikasi. Ma’muriy jihatidan 9 ta provinsiya (viloyat)ga bo‘linadi. 1964-yil 24-oktabrda mustaqillikka erishgan. 24-oktabr Mustaqillik kuni — Milliy bayrami hisoblanadi. Davlat boshlig‘i — prezident. Qonun chiqaruvchi oliy organ — ikki palatali parlament Milliy Assambleya (yuqori palata) va Vakillar palatasi (quyi palata). Asosiy siyosiy partiyalari: Ko‘ppartiyali demokratiya uchun harakat (KDUH) partiyasi, Milliy mustaqillik birlashgan partiyasi (MMBP).
  Iqtisodi, transport kommunikatsiyalari. Mamlakatning iqtisodiy rivojlanish darajasi past. Mis qazib olish va qayta ishlash ishlab chiqarishda asosiy o‘rin tutadi. Iqtisodning asosiy muammolaridan biri davlat tashqi qarzlarining ko‘pligi. Asosiy savdo hamkorlari — YI, Yaponiya, Janubiy Afrika, AQSH. Temiryo`llarinig umumiy uzunligi — 1273 km. Avtomobil yo‘llari — 36370 km. Ichki suv yo‘llari — 2250 km. Asosiy porti — Mpulungu.
  Tarixi. Hozirgi Zambiya hududi ilk davlatlar (Barotse, Lunda) XVII-XIX asrlar paydo bo‘ldi. XIX asr oxirlarida Zambiya hududida Britaniya hukmronligi o‘rnatildi va Shimoliy Rodeziya deb atala boshlandi. Shimoliy Rodeziya 1953-yil Rodeziya va Nyasalend Federatsiyasiga kiritildi. 1963-yilda Federatsiya bo‘linib ketganidan keyin Shimoliy Rodeziya 1964-yil 24-oktabrda mustaqil Zambiya Respublikasiga aylandi.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.