Mavritaniya 

5 834

 Rasmiy nomi — Mavritaniya Islom Respublikasi. Poytaxti — Nuakshot.  Hududi -1030700 km2. Aholisi – 3,4 mln kishidan ortiq (2012). Davlat tili — arab. Dini — islom (davlat dini). Pul birligi — ugiya.
 Geografik joylashuvi va tabiati. Afrika qit’asining shimoli-g‘arbida joylashgan. Sharqda Mali (chegara uzunligi — 2237 km), janubda Mali va Senegal (chegara uzunligi — 813 km), shimolda Jazoir (chegara uzunligi — 463 km) va G‘arbiy Sahroyi Kabir bilan (chegara uzunligi — 1561 km) chegaradosh. Chegarasining umumiy uzunligi — 5074 km, sohil bo‘ylab chegara uzunligi — 754 km. Mamlakat hududi asosan pasttekisliklar va uncha baland boimagan yassitog‘likdan iborat, shuningdek, Sahroyi Kabirning qumli va toshli cho‘llari bilan tutashib ketgan. Asosiy tabiiy resurslari: temir rudasi, mis, fosforitlar, gips. Iqlimi — tropik, cho‘lli.
 Davlat tuzilishi, siyosiy partiyalari. Davlat tuzilishi — islom respublikasi. Mamlakat gubernatorlar boshchiligidagi 12 ta ma’muriy hudud va alohida poytaxt hududidan iborat. Mavritaniya 1960-yil 28-noyabrda to‘liq mustaqillik olgan (oldin — fransuz protektorati). Ushbu sana — Mustaqillik kuni — milliy bayram hisoblanadi. Qonunchilik islom qonunchiligi — shariatga asoslangan. Davlat boshlig‘i va hukumat boshlig‘i — prezident. Parlament ikki palatadan — Senat (yuqori palata) va Milliy yig‘in (quyi palata)dan iborat. Yirik siyosiy partiyalari: Respublika ijtimoiy-demokratik partiyasi va Demokratik kuchlar ittifoqi.
 Iqtisodi, transport kommunikatsiyalari. Mavritaniya temir rudasining katta zaxiralariga ega. Bu mamlakat eksportining yarmini tashkil qiladi. Tog‘-kon sanoatidan tashqari neftni qayta ishlash va to‘qimachilik tarmoqlari ham yaxshi rivojlangan. Asosiy qishloq xo‘jaligi ekinlari — xurmo, sorgo, yeryong‘oq, makkajo‘xori, tamaki, shuningdek, chorvachilik yaxshi taraqqiy etgan. Baliq mamlakatning muhim eksport mahsulotlaridan biri hisoblanadi, biroq boshqa davlatlar tomonidan Mav­ritaniya qirg‘oqlarida baliq zaxiralarining doimiy o‘zlashtirilishi mamlakatning bu daromad manbayiga putur yetkazmoqda. Muhim savdo hamkorlari: YI mamlakatlari, Yaponiya, Jazoir, Xitoy, AQSH. Temiryo‘llarining umumiy uzunligi — 670 km, avtomobil yo‘llarining umumiy uzunligi — 7525 km (1685 km — asfaltlangan). Portlari: Nuakshot, Nuadibu.
  Tarixi. VIII-XI asrlarda Mavritaniyaning janubiy qismi G‘arbiy Afrikadagi Gana, Tekrur va boshqa davlatlari tarkibida boigan, mamlakat shimoli esa barbar qabilalari nazoratida edi. XI-XII asrlarda Mavritaniya Almoravidlar davlati tarkibiga kirdi, XIV-XV asrlarda esa arablar hukmronligi ostiga o‘tdi. 1855- yili mamlakat Fransiya tomonidan okkupatsiya qilindi. 1904-yili Fransiya Mavritaniyani o‘z protektorati deb, 1920-yili esa o‘z mustamlakasi deb e’lon qildi. 1960-yili mustaqillikka erishganidan so‘ng mamlakat bir qator davlat to‘ntarishlarini (1917, 1980, 1984) va 1989-yil Mavritaniya va Senegal jamoalari o‘rtasidagi etnik qarama-qarshiliklarni o‘z boshidan kechirdi.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.