Vengriya


 Rasmiy nomi-Vengriya Respublikasi. Poytaxti-Budapesht. Hududi — 93 ming km.kv. Aholisi- 10 mln kishidan ortiq (2012-yil). Davlat tili — vengr. Dini — katoliklar (68%), protestantlar (25 %). Pul birligi — forint.
 Geografik joylashuvi va tabiati. Markaziy Yevropada joylashgan davlat. Shimolda — Slovakiya, sharqda — Ruminiya, shimoli sharqda — Ukraina, janubda — Serbiya, Xorvatiya va Sloveniya, g‘arbda — Avstriya bilan chegaradosh. Vengriya hududi asosan tekisliklardan iborat. Vengr-slovak chegarasining bir qismini tashkil qiladigan Dunay keskin janubga burilib, mamlakatni ikki qismga ajratadi. 0‘rta Dunay tekisligi Dunay daryosidan sharqda joylashgan bo‘lib, shimolini Vengriyaning eng yuqori nuqtasi — Kekesh tog‘i (1015 m) joylashagan Alp cho‘qqilari egallagan. G‘arbda baland bo‘lmagan Meshek va Bakoni tog‘lari hamda Markaziy Yevropadagi eng yirik ko`li — Balaton joylashgan.
 Iqlimi — mo‘tadil, kontinental. Asosiy daryolari: Dunay, Tisa. Foydali qazilmalardan boksit, ko‘mir, tabiiy gaz mavjud. Bargli o‘rmonlar mamlakat hududining 17% ini egallagan. Emanzorlar asosan o‘rta togiik hududlarda saqlanib qolgan. Hayvonot dunyosida tulki, quyon, yovvoyi cho‘chqa, kiyiklar mavjud. Qushlardan — laylak, turna, yovvoyi o‘rdaklarni ko‘plab uchratish mumkin.
 Davlat tuzilishi, siyosiy partiyalari. Veng­riya — parlamentar respublika. Ijro etuvchi hokimiyat prezidentga va premyer-ministr boshchiligidagi hukumatga tegishlidir. Qonun chiqaruvchi hokimiyat bir palatali parlament — Davlat Yig‘ini tomonidan amalga oshiriladi. Vengriya 19 ta viloyatga bo`lingan bo‘lib, mamlakat poytaxti Budapesht alohida maqomga ega. Mamlakatda 50 dan ortiq siyosiy partiya va uyushmalar ro‘yxatga olingan bo‘lib, ulardan eng yiriklari — Vengriya demokratik forumi, Xristian-demokratik xalq partiyasi, Erkin demokratlar ittifoqi, Vengriya sotsialistik partiyasi.
 Iqtisodi, transport kommunikatsiyalari. Vengriya — industrial-agrar davlat. Rivojlangan sanoat sohalari: mashinasozlik (avtomobilsozlik, lokomotiv-kemasozlik), asbob-uskunasozlik (aloqa vositalari, EHM, tibbiyot anjomlari), kimyo, yengil (to‘qimachilik, poyabzal) va oziq-ovqat sanoati. Mamlakatda ko‘p miqdorda boksitlar qazib olinadi (Yevropada 2-o‘rinda). Marganes va temir rudasi konlari ham ko‘p. Mamlakatda qora va rangli metallurgiya korxonalari ham faoliyat ko‘rsatmoqda. Kimyo sanoati turli xil o‘g‘itlar, plastmassa, sintetik materiallar va dori-darmonlar ishlab chiqaradi. To‘qimachilik, tikuvchilik va poyabzal sanoati ham rivojlangan. Oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi korxonalar mamlakat hududi bo‘ylab keng tarqalgan. Qishloq xo‘jaligi ekinlari mamlakat hududining 75% ini egallaydi. Bug’doy, tariq, makkajo‘xori, qandlavlagi, kartoshka, kungaboqar, mevalar yetishtiriladi. Uzumchilik va bog‘dorchilik keng tarqalgan. Bu yerda tayyorlanadigan tokay vinolari dunyoga mashhur. Chorvachilik yirik shoxli qoramollar va cho‘chqalarni boqishga ixtisoslashgan. Yilqichilik rivojlangan. Parranda boqish muhim ahamiyatga ega. Keyingi yillarda turizm yaxshi rivojlanmoqda. 2012-yil YIM miqdori     175 mlrd AQSH dollarni (aholi jon boshiga – 17,4 ming AQSH doll.) tashkil etgan. Asosiy savdo hamkorlari: Germaniya, Avstriya, Italiya, Rossiya, Niderlandiya. Asosiy daryo portlari: Budapesht, Dunayvarosh.
  Tarixi. М. a. I asr oxirlarida zamonaviy Vengriya hududi Pannoniya provinsiyasi sifatida Rim imperiyasi tarkibiga kirdi. IV asrda Rim imperiyasining inqirozidan so‘ng Pannoniyaga V-IX asrlarda xunnlar, vestgotlar, avarlar bostirib kirishgan. 1000-yilda Ishtvan I boshchiligida birinchi Vengr qirolligi tashkil topdi. XIII asrda Vengr qirolligi o‘zaro urushlar hamda tatarlar bosqinlari (1241) oqibatida zaiflashib qoldi. XVI asrda Vengriya o‘z mustaqilligini yo‘qotdi. 1526-yili Moxach yonidagi jangda vengr qo‘shinlari turklar tomonidan tor-mor qilindi. Turklar Buda shahriga bostirib kirib, uni talon-taroj qilishdi. Mamlakat ikki qismga bo‘linib, g‘arbiy qismi Gabsburglar, sharqiy qismi esa 1541-yilda Usmoniylar imperiyasi hukmronligi ostiga tushib qoldi. XVII asr oxirlarida turklar hozirgi Vengriya hududidan siqib chiqariladi va u butunlay Gabsburglar hukmronligi ostiga tushib qoladi. 1867-yilda Avstro-Vengriya qirolli­gi tashkil etiladi. 1914-yilda Avstro-Vengriya I jahon urushiga kirdi. Urush tugaganidan so‘ng 1918-yilning oktabrida mamlakatda inqilob boshlandi, natijada Vengriya mustaqil respublika deb e’lon qilindi. 1919-yil 21-martda hokimiyat Bela Kun boshchiligidagi Sotsialistik partiya qo‘liga o‘tdi. 1919-yil avgustda rumin qo‘shinlari Peshtni bosib olishdi. 1920-yilda esa admiral Xorti diktatorlik rejimi o‘rnatildi. 1941-yilda Vengriya II jahon urushiga Germaniyaning ittifoqchisi sifatida kirdi. 1946-yil 1-fevralda Vengriya respublika deb e’lon qilindi. Vengriyaning hozirgi chegaralari 1947-yilgi Parij tinchlik shartnomasiga ko‘ra o‘rnatilgan. 1949-yilda mamlakat yangi konstitutsiya va yangi nomga — Veng­riya Xalq Respublikasi — ega bo‘ldi. 1956-yilning oktabrida Rakoshining kommunistik rejimiga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarildi, bu qo‘zg‘olon sovet qo‘shinlari tomonidan bostirildi. 1989-yili kommunistlar hokimiyatdan chetlashtirildi va mamlakat Vengriya Respub­likasi deb e’lon qilindi. 1999-yili Vengriya NATOning to‘la huquqli a’zosi bo‘ldi.

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing!

Sharhlar