Belorussiya 

9 822

 Rasmiy nomi — Belarus Respublikasi. Poytaxti — Minsk. Hududi — 207600 kv.km. Aholi­si — 10,3 mln kishi kishidan ortiq (2012). Davlat tili — belarus va rus. Dini — pravoslav (80%), katolik (15%). Pul birligi — Belarus rubli.
 Geografik joylashuvi va tabiati. Sharqiy Yevropada joylashgan davlat. Shimoli g‘arbda Litva va Latviya, sharqda — Rossiya, janubda Ukraina, g‘arbda Polsha davlatlari bilan chegaradosh.
 Mamlakat hududi asosan tekisliklardan iborat. Tepaliklar kam uchraydi, ulardan Minsk tepaligi (345 m) alohida ajralib turadi. Iqlimi mamlakatning deyarli hamma joyida bir xil. Asosiy daryolari — Dnepr, Pripyat, Berezina, G’arbiy Dvina, Neman, Soj. Mamlakatda Naroch, Osvey, Svityaz kabi yirik ko‘llar bor. Tabiiy qazilma boyliklari: kaliyli va toshli tuzlar, ko‘mir, neft, temir rudasi, torf. Belarusda keng bargli o’rmonlar keng tarqalgan bo‘lib, ular mamlakat hududining 1/3 qismini egallagan. Belarus o‘rmonlarida 8 turdagi daraxtlar (ulardan eng ko‘p tarqalganlari — qarag’ay, archa, qayin, eman va shumtol),   70 turdan ortiq butalar va yarimbutalar uchraydi. Mamlakat hududida juda ko‘p dorivor o‘simliklar — archagul, itburun, zira, landishlar o‘sadi. Belarus hayvonot dunyosi 50 turdan ortiq hayvonlar (los, cho‘chqa, bo‘ri va boshq.), 200 turdan ortiq qushlardan iborat. Shuningdek, Belovej Pushchasi deb ataladigan milliy qo‘riqxonada zubrlar va kam uchraydigan botqoq toshbaqasi ham bor.
   Davlat tuzilishi, siyosiy partiyalari. Davlat tuzilishi — respublika. Davlat boshlig‘i — prezident. Hukumat boshlig‘i — premyer-ministr. Qonun chiqaruvchi hokimiyat Respublika Kengashi va Vakillar Palatasidan iborat parlament — Milliy yig‘inga tegishli. Mamlakat 6 ta: Brest, Gomel, Grodno, Minsk, Mogilyov va Vitebsk viloyatlariga bo‘lingan. Yirik siyosiy partiyalari: Belarus birlashgan demokratik partiyasi, Belarus sotsial-demokratik partiyasi, Belarus xalq fronti, Belarus kommunistik partiyasi.
 Iqtisodi, transport kommunikatsiyalari. Sanoatning asosiy tarmoqlari: avtomobilsozlik va traktor mashinasozligi, radioelektronika, yengil, kimyo sanoatlari, uskunasozlik, oziq-ovqat, harbiy texnika ishlab chiqarish. Qishloq xo‘jaligi asosan donli ekinlar, kartoshka, sabzavotlar yetishtirishga hamda go‘sht va sut ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Eksporti: mashinasozlik mahsulotlari, kimyo va oziq-ovqat mahsulotlari. Importi: sanoat va oziq-ovqat xomashyosi. 2012-yil YIM miqdori 104,2 mlrd AQSH dollarni (aholi jon boshiga — 10,7 AQSH doll.) tashkil etgan. Asosiy savdo hamkorlari: Rossiya, Ukraina, Polsha, Germaniya, Litva.
 Tarixi. VII asrdan boshlab hozirgi Belarus hududlarida slavyan qabilalaridan — dregovichlar, radimichlar, krivichlar istiqomat qilganlar. IX asrda Belarus yerlari Kiyev Rusi tarkibiga kirdi. Dastlabki shaharlar—Minsk (1087), Vitebsk, Pinsk, Brest XI asrda paydo bo’ldi. XII asrda feodal tarqoqlik boshlangan bir vaqtda bir qator mayda knyazliklar: Polotsk, Turovo-Pinsk, Grodno, Minsk va boshqalar vujudga keldi. XIV asrda butun Belarus yerlari Litva Buyuk Knyazligi tarkibiga kirdi. 1569-yili Polyak—Litva davlatlarining birlashuvi oqibatida Rech Pospolita davlati tashkil topdi, Belarus ham o‘z-o‘zidan bu davlat tarkibiga kirdi. XVII asrdan bu hududlar Belaya Rus deb atala boshladi va 1795-yili Rossiya imperiyasi tarkibiga qo’shib olindi. I jahon urushi vaqtida mamlakat deyarli to’liq nemis qo‘shinlari tomonidan okkupatsiya qilindi. 1918-yili Belarussiya Xalq Respublikasi e’lon qilindi, biroq tez orada bolsheviklar uni yo‘q qilishdi. 1919-yili Sovet Belarussiyasi tuzildi. Polsha 1920-yili vaqtincha Belarussiya hududlarini bosib oldi va 1921-yilgi sovet — polyak «Riga tinchlik sulhi»ga ko’ra unga G‘arbiy Belarussiya hudud- lari o‘tdi. 1922-yil 30-dekabrda SSSR tashkil topdi va Belorussiya SSRning tarkibiga kirdi. 1939-yil SSSR va Germaniya o’rtasidagi separat kelishuvlar natijasida G‘arbiy Belarussiya respublika tarkibiga qaytarildi. Ikkinchi jahon urushida 1941-1944-yillarda Belarus yerlari nemis bosqinchilariga qarshi jang maydoniga aylandi. Urushda mamlakatning 2,5 mln aholisi qirib tashlandi, yirik shaharlar — Minsk, Brest, Vitebsk, Mogilyov vayron qilindi, 9 mingdan ortiq qishloqlar yondirib yuborildi. Urush vaqtida mamlakat hududida 1100 ta partizan otryadlari (375000 jangchi) harakat qildi. 1944-yilning yozida Belarussiya sovet qo’shinlari tomonidan ozod qilindi. 1945-yili Belarussiya SSSR tarkibida hozirgi hududlariga ega bo’ldi. SSSRning parchalanishi oqibatida 1991 -yilning 25-avgustida mustaqil davlat — Belarussiya e’lon qilindi. Mustaqillikning dastlabki yillarida Belarussiya jiddiy iqtisodiy va siyosiy qiyinchiliklami boshdan kechirdi. Natijada aholining turmush darajasi sezilarli darajada pasaydi. Shunga qaramasdan, hozirgi kunda Belarusda iqtisodiy va siyosiy ahvol barqarorlashib bormoqda. Keyingi yillarda mamlakat hukumati yuritayotgan oqilona iqti­sodiy siyosat tufayli Belarus xalqining ijtimoiy turmushi ancha yaxshilandi va MDH davlatlari orasida oldingi o‘rinlardan birini egalladi.
Belorussiya bilan O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida 1993-yil diplomatiya munosabatlari o‘rnatilgan.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.