Chorvachilik 

10 835

 Qishloq xo'jaligining bu tarmog'i: qoramolchilik, qo'ychilik, yilqichilik va parrandachilikka bo'linadi (unga asalarichilik, pillachilik, cho'chqachilik va baliqchilik ham kiritiladi). 
 Qishloq xo'jalik yerlarining 2/3 qismidan chorvachilikda foydalaniladi. Mamlakatimiz dasht va cho'l tumanlaridagi o'tloq va butazorlar qorako'l qo'ylari va tuya boqish uchun qulay. Tog' va tog'oldi mintaqalarida anchagina sero't yaylovlar bor. Bu mintaqalarda qo'y, mayin junli echki, go'sht-sut uchun qoramol boqiladi hamda yilqichilik rivojlangan. Chorvachilik paxtachilik bilan ko'p tomonlama bog'liq. Buni fermer xo'jaliklarda paxtachilikdan olinadigan (kunjara, sheluxa singari) oziqa yemdan foydalanishida yaqqol ko'rish mumkin. 
  Paxtani beda va jo'xori bilan almashlab ekish go'sht-sut chorvachiligini oziqa bilan ham ta'minlaydi. 
  Mamlakatimizda qo'y va echkilarning umumiy soni 10 mln ga yaqin, buning asosiy qismi qorako'l qo'ylardir. Qorako'l qo'ylari (Toshkent, Andijon, Farg'ona, Namangan viloyatlaridan tashqari) barcha viloyatlarda boqiladi. Ulardan asosan qorako'l, qorako'lcha va qo'y terilari, jun hamda go'sht olinadi. Echkilar respublikaning deyarli barcha viloyatlarida asosan mayin tivit va jun uchun boqiladi. 
 Qoramol ham barcha viloyatlarda boqiladi. Qoramollar go`sht va sut mahsulotlarini olish maqsadida boqiladi. Mamlakatimizda qoramollarning jami soni 9,6 mln boshdan ortiq.
 Yilqilar Samarqand, Qashqadaryo, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog'istonda boqiladi. Ularning soni 150 ming boshga yaqinlashadi. Ilgari paxtachilikdagi ko'pgina yumush (yuk tashish, paxtaga ishlov berish va hokazo) larni bajarishda otlardan foydalanilgan. Zero, yilqichilik bilan paxtachilik o'zaro aloqador bo'lgan. Bu ishlar endilikda texnika vositasida bajarilayotganligi tufayli bugungi kunda otlar turli sport o'yinlari, shaxsiy xo'jalikda foydalanish, go'sht va qimiz olish maqsadida boqilmoqda. Cho'llarda tuya boqiladi. Tuyadan ish hayvoni sifatida foydalaniladi, shuningdek, ulardan jun, sut olinadi. 
  Pillachilik ham mamlakatimiz qishloq xo'jaligining eng qadimgi tarmoqlaridan biri bo'lib, paxtachilik bilan bog'liq. Ipak qurtining oziqasi - tut daraxti paxta paykallari chekkalarida, ariq va kanallar hamda yo'l yoqalarida o'stiriladi. Tut daraxti g'o'zani kuchli shamoldan, ariq va kanallar qirg'og'ini yuvilishdan saqlaydi. Pillachilikning paxtachilik bilan bog'liqligi shu bilangina cheklanmaydi. Ma'lumki, ipak qurti may-iyun oylarida boqiladi. Bu vaqtda paxtachilikda ishlar kamayib, bo'shagan ishchi kuchidan qurt boqishda foydalaniladi. 
 Parrandachilik inkubator stansiyalari, go'sht va tuxum yetishtirishga ixtisoslashgan parrandachilik fermalarida tashkil etilgan. 
 Toshkent, Buxoro va Xorazm viloyatlarida, Qoraqalpog'iston Respublikasining ko'l va suv omborlarida baliq urchitilmoqda hamda suv parranda fermalari tashkil etilmoqda. 
Suv havzalarida, daryo bo'ylarida qimmatbaho mo'ynali kichik hayvonlar - nutriya va ondatra qo'riqxonalari tashkil etilgan.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.