Qishloq xo`jaligi 

13 939

Qishloq xo'jaligi ASMning ikkinchi guruhini tashkil etadi. Qishloq xo'jaligining ikki muhim tarmog'i - dehqonchilik va chorvachilikda insonlar uchun kundalik zaruriyat bo'lgan oziq-ovqat, sanoat uchun xomashyo mahsulotlari yetishtiriladi. 
 
Xomashyolar sanoatda mehnat predmeti, ularga ishlov beriladigan mashinalar esa mehnat vositasi hisoblansa, qishloq xo`jaligida mehnat predmeti ham, mehnat vositasi ham yer hisoblanadi. Qishloq xo`jaligida hosildorlik ko`p jihatdan yerning holatiga bo`g`liq. Shu sababli melioratsiya tadbirlari o`tkaziladi.

Melioratsiya - yerning holatini yaxshilash uchun tekislash, sug'orish, sho'rni yuvish, nihol o'tqazish, tuproq hosildorligini oshirish kabi tadbirlar yig`indisi. 

O'simliklarning o'sishi va hayvonlarning rivojlanishi tabiat qonunlariga bo'ysunadi. Shu bois, qishloq xo'jaligida ko'pgina ishlar mavsumiydir. 

Mamlakatimizda qishloq xo`jaligi texnika bilan yaxshi ta`minlangan. Dehqonchilik va chorvachilikdagi sermehnat ishlarni mashinalar bajarmoqda. Ko`p ish jarayonlari elektrlashtirilgan, kimyoviy o`g`itlardan, o`simlik zararkunandalariga qarshi zaharli kimyoviy moddalardan hamda chorva mollari kasalliklariga qarshi kurash vositalaridan keng foydalanilmoqda. Shuningdek, kartoshka, sabzavotning serhosil, tashishga chidamli navlari ekila boshlandi. Bog'dorchilikda ishlov berish hamda terishga qulay meva navlari yaratildi. Natijada qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetishtirish va tayyorlash texnologiyasida tub o'zgarishlar ro'y berdi, mehnat unumdorligi ortdi. Bu hodisa «Yashil inqilob» deb baholanmoqda.

Agar qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetishtirish ekin maydonlarini kengaytirish va chorva mollari sonini oshirish hisobiga ko'paysa, bu ekstensiv qishloq xo'jaligi deyiladi. 

Buning aksicha, qishloq xo'jaligi mahsuloti maydon birligida agrotexnika vositalaridan samarali foydalanish, hosil unumdorligiga erishish, chorvaning mahsuldor zotlarini yaratish hisobiga oshsa, u intensiv qishloq xo'jaligi deb ataladi.

Qo'riq maydonlarning o'zlashtirilishi va rekultivatsiya ishlari natijasida qishloq xo'jaligida foydalaniladigan yer maydoni kengayadi. Ayni vaqtda sanoat va transport yuksalishi, turar joy dahalari kengayishi orqasida qishloq xo'jaligida foydalanayotgan yerlar muqarrar qisqaradi. Yerdan foydalanish qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida esa azaldan foydalanilayotgan yerlar sho'rlanishi, hatto cho'llanishi ham mumkin. Binobarin, qishloq xo'jaligida foydalaniladigan yerlar, bir tomondan, kengaysa, ikkinchi tomondan, qisqaradi. 

Qishloq xo'jaligidagi bosh vazifa - ishlab chiqarishni intensivlashtirish, ya'ni ekinlar hosildorligini va chorvachilik mahsuldorligini oshirishdir. Yer va suv resurslari cheklanganini hisoobga olib, mamlakatimiz qishloq xo`jaligini rivojlantirishning yagona to`g`ri yo`li – qishloq xo`jaligini intensive rivojlantirish, yerlarning meleorativ holatini tubdan yaxshilassh, seleksiya ishlarini chuqurlashtirish, yuksak agrotexnologiyalarni joriy etish va suvdan oqilona foydalanishdan iborat. 

Mamlakatimizda qishloq xo`jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi oshib bormoqda. Jumladan, 2013-yilda bu ko`rsatkich 2000-yilga nisbatan 2,3 marta ko`paydi. Aytish kerakki, izchil yuqori o`sish sur`atlari barobarida, yalpi ichki mahsulot hajmida qishloq xo`jalik mahsulotlari ulushining kamayish tendensiyasi kuzatilmoqda. Masalan, 2000-yilda bu `korsatkich 30,1 foizni tashkil etgan bo`lsa, 2013-yilda faqatgina 16,8 foizni tashkil etdi. Bu mamlakatimiz iqtisodiyoti tarkibiy tuzilishidagi ijobiy o`zgarishlarning, ya`ni agrar respublikadan izchil ravishda sanoati rivojlangan industrial davlatga aylanayotgani alomati deya faxrlanmog`imiz darkor. 

Mamlakatimizda tabiat mintaqalari aksariyat mamlakatlardagidan farq qilib, shimoldan janubga emas, balki g'arbdan sharqqa, ya'ni tekislikdan tog'larga tomon o'zgaradi. Shunga muvofiq, qishloq xo'jaligining ixtisoslashishi ham cho'l, adir, tog', yaylov mintaqalari bo'yicha bir-biridan farqlanadi. Paxta faqat sug'orish mumkin bo'lgan obikor yerlarda yetishtiriladi. Shuningdek, donli ekinlar bilan poliz ekinlarining ham talay qismi sug'oriladigan maydonlarda yetishtiriladi. 

Mamlakatimizda eng katta sug'oriladigan yerlar Farg'ona vodiysi, Mirzacho'l, Qashqadaryo viloyati, Zarafshon vodiysi hamda Xorazm vohasidadir. Vodiy hamda vohalarda pillachilik, uzumchilik, bog'dorchilik va polizchilik bilan shug'ullaniladi. 

Cho'llarda qo'ychilik va tuya boqish rivojlangan. Ular qish va bahorda cho'llarda, yozda esa tog' yaylovlariga haydab boqiladi, kuzda yana cho'lga qaytarib kelinadi. Sanoat ishlab chiqarishi to'plangan yerlarda, shaharlar tevaragida shahar atrofi qishloq xo'jaligi tarkib topadi. Bunday xo'jaliklarda shahar aholisini yangi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlash uchun sabzavot, mevalar yetishtiriladi, qoramol, parranda boqiladi, hovuzlarda baliq urchitiladi.

Bilib qo`ygan yaxshi!
Qishloq xo'jalik yuritishning yangi tashkiliy shakllari: qishloq xo'jalik korxonasi - tasarrufida xo'jalik maqsadlarida foydalana oladigan yeri bo'lgan, ziroatchilik, chorvachilik huquqiga ega bo'lgan korxona; 

fermer xo'jaligi - uzoq muddat (30-50 yil)ga ijaraga olingan yerda qishloq xo'jalik xomashyosi ishlab chiqaruvchi yuridik huquqqa ega tovar xo'jaligi; 

dehqon xo'jaligi - nasldan naslga o'tuvchi shaxsiy hovli joyida qishloq xo'jalik mahsuloti yetishtirish va sotish huquqiga ega oilaviy mehnatga asoslangan xo'jalik.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.